Abdulloh Muborakning niqob kiyib, jang maydoniga kirib, zafar jamolidan pardani olgani va Hasan Rabe’ ul husnni ko‘rib hayron qolgani
Hasan ibni Rabe’ g‘azavot jangidan ushbu ajoyib rivoyatni qilgan:
Urush maydonida Katta jang borar ekan, islomiy guruh kofirlar bilan olishayotgan paytda kofirlar qo‘shini safidan bir yuraklisi deyish mumkinki, ajal xanjaridek qotili adovat bilan maydonga otida javlon urib kirib keldi. (Islom) dinining askarlarini o‘ldirish bilan tig‘ini charxlar, o‘tkirlashtirib, na’ra solardi – dushmanning yangi askarlarini maydonga chiqishga talab qilib. Bu g‘ayridin qotil g‘oyatda kuchli bo‘lib, har qanday odam uning bir zarbasidan yiqilar edi.
Kimki bu maydonga kirib kelar ekan, o‘zidan o‘zi o‘z qoniga belanishga majbur edi. Shu ravishda u bir qancha musulmonlarni shahid qildi. (Islomiy) din qo‘shini umidsizlikka tusha boshladi.
Shu damda safning bir uchini surib tashlab, bir dovyurak pahlavon kiyikning payiga tushgan sherdek maydonga kirib keldi. Quyosh ko‘kning temir qalqoniga g‘arq bo‘lgani kabi u ham tig‘idan chaqmoq chaqqandek nur sochib, yuzini niqob bilan berkitib ishq o‘ti oshiqni yashirincha kuydirgandek bo‘ldi. U qahr bilan kofirga yetishgan zomoniyoq darhol hamla qilib, shu ondayoq ularni yiqita boshladi. Shu yo‘sinda ularni do‘zaxga jo‘natar ekan, bu qo‘yni so‘yib, oshxonaga yuborayotgandek edi.
U kelgan yo‘li bilan qaytib kelar ekan, u xuddi kaklik yurishidek qilib qadam bosib kelardi. Din qo‘shinlari saflarida jonlanish, qaynash boshlanib, har tomondan takbir aytayotganlaming qichqiriqlari eshitila boshlandi. Dushmanning hurmati xorlikka uchrab, kofirlar bayrog‘i quyiga egildi.
G’olib esa o‘zini ma’lum qilmadi. Shunday bo‘lgach, uning kimligini ham hech kim bilolmay qoldi.
Meni uni bilishga bo‘lgan ishtiyoq qiynab, hamma yoqni aylandim va topdim. Tig‘i ham uning yelkasida osig‘liq, yuzidagi niqobi ham joyida edi. Men unga dedim: «Ey g‘alaba yo‘ldoshi bo‘lgan g‘oziy! Tig‘ingga ham, zarbingga ham ming ofarin! Yuzingni ko‘rish orzusida o‘lishga tayyorman. Tangrining rizoligi haqi, niqobingni och!»
Tangrining otini eshitganidan keyin yuzidan pardani olib tashladi. Izzatu sharaf tojiga munosib uning boshi namoyon bo‘ldi, bu butun dunyoning xalqining oldi – Ibn Muborak edi.
Otining oyog‘iga peshonamni qo‘yib dedim: «Ey nurli shariatning g‘olibi! Jahon ahli seni ko‘rish uchun jonlarini fido qilmoqda. Nima uchun yuzingni berkitmoqdasan? Yopinchiq pardani yuzingdan yo‘qot! Safga suril, o‘zingni elga tanit!» Hasan dedi:
– Ortiqcha jiddi jahd qilma! Men Uning ishqida jihod qildim. U barcha ahvolimdan ogoh bo‘lib, qanday qadam bossam, U menga hamrohdir. (Siz emas), agar U meni tanisa, mening maqsadim ham shudir. Tanimasa, nima qilgan bo‘lsam, olam eli foydasigadir! Har bir odam tilagini yordan tilar ekan, yor raqiblardan mahfiy ravishda ish ko‘rishi kerak. Lekin (din uchun) jang vaqtida bu kichik masala bo‘lib, nafs bilan jang qilgan ulug‘roqdir.
Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostonidan