Atoqli olmon adibi va publitsisti, adabiyot yo‘nalishida Nobel mukofoti sovrindori. 1901 yili ilk romani “Buddenbroklar” bosilib chiqadi va unga katta shuhrat keltiradi. Aynan shu asari uchun yozuvchi 1929 yili Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi.
“Qirol oilasi a’zosi”, “Iosif va uning og‘alari”, “Lotta Veymarda”, “Doktor Faustus”, “Sehrli tog‘lar” kabi romanlari, bir qator qissa va hikoyalari mashhur.
* * *
Nahotki men hayotni, bu toza, shafqatsiz va qudratli hayotni yomon ko‘rgan bo‘lsam? Bekor gap. Tushunmovchilik bu. Men uni yenga olmaganim uchun o‘zimni yomon ko‘rganman, xolos.
* * *
Mukammallik katta quvonch olib keladi.
* * *
Baxt va muvaffaqiyat – o‘zimizda, ichimizdadir.
* * *
Axloq, shubhasiz, hayotda eng muhimidir.
* * *
Vaqtni qo‘lingda tut! Har bir soat, har bir daqiqani asra. Nazorat qilmasang, kaltakesakday sirg‘alib qochib ketadi. Har bir lahzani halol va munosib amallar bilan beza! Vaqtga salmoq, mazmun va nur bag‘ishla.
* * *
Shoir ijodiy to‘qimalari sabab emas, ilohiy iqtidor tufayli dunyoga keladi.
* * *
Bizning qo‘rquvimiz – dushmanlarimiz mardligining manbasidir.
* * *
Axloq va hayot bir butundir. Axloq – hayot tirgagi, axloqli odam hayotning chinakam fuqarosidir.
* * *
Nuqsonni yoqlash bilan fazilatlar haqorat qilinadi.
* * *
Vaqt undan foydalanib aqlliroq, yaxshiroq, pishiqroq va mukammalroq bo‘lishimiz uchun berilgan qimmatbaho sovg‘adir.
* * *
Orzular ushalganda eng yaxshi narsalar ortda qoladi.
* * *
Barcha istak va harakatlarimiz asablarimizning ehtiyojlari sabab dunyoga keladi. Bu ehtiyojlarni so‘z bilan ta’riflash qiyin.
* * *
Urush – tinchlik davridagi muammolardan qo‘rqoqlarcha qochishdir.
* * *
Faqat o‘limgina azob-uqubatlarni hurmatlashga o‘rgata oladi.
* * *
Ba’zi odamlar bilan yashash qiyin, lekin ularni tashlab ketish ham oson bo‘lmaydi.
* * *
San’at insonning ezgulikka, haqiqatga, komillikka g‘ayriixtiyoriy va azaliy intilishining eng go‘zal, eng qat’iy, eng quvonchli va ezgu timsolidir.
* * *
Xunuk holatlarni ham o‘z foydasiga uyalmay o‘zgartira olish yashovchanlik qobiliyatining belgisidir.
* * *
Agar biror fikr butun vujudingni qamrab olgan bo‘lsa, u seni har qadamda ta’qib etadi, hatto havoda ham uning hidini sezasan.
* * *
Azob-uqubat ko‘rmagan odam bir umr yosh bola bo‘lib qolaveradi.
* * *
Qo‘pollik sizni istagan odam bilan bir joyga qo‘yadi; faqat adabgina masofa hosil qila oladi.
* * *
Oilada hamma bir-birini himoya qilishi kerak, aks holda, ko‘rgiliklar eshik qoqib keladi.
* * *
Mutlaqo begona odamlarning bir-biriga “sen” deb murojaat qilishi yovvoyilik, qoloqlik, odobsizlik belgisidir. Men buni jinimdan battar yomon ko‘raman. Chunki bu, mohiyatiga ko‘ra, tsivilizatsiyaga va insoniyat taraqqiyotiga surbetlarcha, vijdonsizlarcha qarshi yo‘naltirilgandir.
Orif Tolib tarjimasi
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 3-son