Muvaffaqiyat haqida hikmatlar

O‘zingiz orzu qilgan kishi bo‘lishingiz uchun hech qachon kech emas.

Jorj Eliot

 

Agar sen biror narsani o‘ylab topa olsang, uni bajarishga ham qodirsan.

Uolt Disney

 

Muvaffaqiyat faqat intiluvchan odamgagina nasib qiladi. Qiyin sharoitda tushkunlikka tushadiganlarni esa juda kam yo‘qlaydi.

Javoharla’l Neru

 

Bekorchilikdan aqliy va jismoniy lanjlik kelib chiqadi.

Dmitriy Pisarev

 

Buyuk muvaffaqiyatlar qat’iyat va qunt-matonatning natijasi, xolos.

Semyuel Jonson

 

Umr o‘tkazishning ikkita usuli bor. Birinchisi, go‘yo hech qanday mo‘jiza yo‘qday yashab o‘tish. Ikkinchisi, hayotdagi hamma narsa mo‘jiza ekaniga ishonib yashab o‘tish.

Albert Eynshteyn

 

Hayot og‘ir mehnat va tashvishlarsiz sizga hech narsa hadya etmaydi.

Goratsiy

 

Obro‘-e’tiborni shakllantirish va mustahkamlash uchun yigirma yil kerak bo‘ladi. Uni yo‘qqa chiqarish uchun esa besh daqiqa ham yetarli. Agar siz buni jiddiy o‘ylab ko‘radigan bo‘lsangiz, qilayotgan ishingizga munosabatingiz albatta o‘zgaradi.

Uorren Baffet

 

Odam mashg‘ulot zallarida chempion bo‘lmaydi. Chempion bo‘lish uchun ishni ruhiyatdan boshlash kerak – istak, orzu va o‘z g‘alabasini aniq-tiniq his qilishgina kishini maqsadiga eltadi.

Muhammad Ali

 

Yalqov bo‘la turib sog‘lom yurishni istagan kishi jim turib ovoz chiqarishni istagan kabidir.

Plutarx

 

Eng zo‘r qobiliyatlar bekorchilik sabab so‘nadi.

Mishel de Monten

 

Eng muhimi – muvaffaqiyatga erishish uchun nimadir qilish va bunga hoziroq kirishish. Juda oddiy bo‘lishiga qaramay, muvaffaqiyatning eng asosiy sir-sinoati shu. Ajoyib-g‘aroyib g‘oyalar har kimda bor, biroq uni hayotda tatbiq etayotganlar, ayniqsa, ayni damda shu ish bilan shug‘ullanayotganlar juda kam. Ertaga yoki keyingi hafta emas, hoziroq ishga kirishish kerak.

Nolan Bushnell

 

Hayotdagi eng birinchi va eng muhim narsa o‘zingni o‘zingga bo‘ysundirishga intilishdir.

Vilgelm Humboldt

 

Boshqalarga yordam berishga intiladigan odamgina muvaffaqiyatga erishadi. Faqat o‘z foydasini o‘ylaydiganlar esa mag‘lubiyatga uchrayveradi.

Brayan Treysi

 

Bekorchining tanasi qanday zaiflashayotganiga, suvi harakatsiz ko‘lning sasiyotganiga boq.

Ovidiy

 

Maqsadsiz odam hech bir ishdan lazzat topmaydi.

Jakomo Leopardi

 

Odamni barbod qilish uchun ko‘p narsa kerak emas, shunchaki u qilayotgan ish hech kimga kerak emasligiga uni ishontirish kerak, xolos.

Fyodor Dostoyevskiy

 

Butun umringiz davomida orzungizga intiling va vaqtingizni behuda sarlamang. Chunki havoga uchgan vaqt sizdagi barcha yaxshi narsalarni tortib oladi.

Aflotun

 

Muvaffaqiyat asosiy maqsadingiz ko‘z oldingizda turganda keladi. Maqsadingiz ko‘zdan nari ketishi bilan muvaffaqiyat ham ketadi.

Bernard Shou

 

Ish bilan mashg‘ul bo‘lmagan odam hech qachon to‘laqonli baxtli bo‘lolmaydi, ishyoqmas kishining yuzida hamisha norozilik va hafsalasizlik alomatlarini ko‘rasiz.

Henrix Heyne

 

Noshukrlik kuchsizlikning ko‘rinishidir. Buyuk odamlar hech qachon noshukr bo‘lmaydi.

Gyote

Orif Tolib tarjimalari
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 11-son