BIRINChI BOB
– Xudoga takya qilmoq kerak. Nimani xohlasang U beradi.
– Uni asra, U ham seni asraydi.
– U berganni hech kim tortib ololmaydi.
– Unga kim itoat etsa, hamma unga farmonbardor bo‘ladi.
– Kimdakim Undan qo‘rqsa, boshqalar sendan qo‘rqishadi.
Shayx Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy taxminan 870 yili hozirgi Samarqand viloyatining Moturid qishlog‘ida tug‘ilib, 975 yili vafot etgan. U Samarqandning Chokardiza qabristoniga dafn etilgan. Moturidiy xususiy muallimlarda, so‘ngra esa Samar¬qand madrasalarida tahsil ko‘rgan. Olim umr bo‘yi Samarqand madrasalarida mudarrislik qilgan. Moturidiy “Kitob – at tavhid”, “Kitob al-usul”, “Ta’vilot al Qur’on” (Qur’on tafsiri) singari o‘nlab ilmiy-nazariy asarlar, “Pandnoma” asarining muallifidir. Buyuk olimning islom ta’limoti sofligini asrashda xizmati katta. Navoiy “Nasoyim-ul-muhabbat”da Moturidiyning ruhiy-ilohiy qudrati haqida alohida hikoyat keltirgan. Uning “Pandnoma”si X asr pandnomasining eng yaxshi namunalaridan bo‘lib, kitobxonni ilm o‘rganishga, kasb egallashga, yaxshi xulq egasi, insonparvar, shirinsuxan, saxovatpesha bo‘lishga undaydi. Quyida ushbu asardan tarjimani e’tiboringizga havola etamiz. |
– Tavhidni umring sarmoyasi deb bil.
– Dunyoparast bo‘lma, Xudoning dushmanini sevgan bo‘lasan.
– Chin e’tiqod bezavol ganjdir.
– Martabani sabrdan izla.
– Qurolingni ilmdan yasa.
– Saxovatpesha bo‘l.
– Faqirlikni faxr bil.
– Oxirat yo‘l ozuqasini taqvodon ko‘zla.
– Oxirat yo‘lini taqvodan qur.
– Ibodatdan shodlik ista.
– Rostgo‘ylikda kamol izla.
– O‘limni aslo unutma.
– Shodlikni ibodatdan ko‘zla.
– Haq hukmiga rozi bo‘l.
– Farishtalar, Rasuli akram va Alloh kitobini hurmat qil.
– Haq so‘zini imon bil.
– Yaxshilar bilan do‘stlash.
– O‘zingdan qochib Haqqa yetgin.
– Halolni-halol, haromni-harom bilishga o‘rgan.
– Dushmanga ozor berma, ammo qo‘lingdan kelsa mahv et.
– Xorlik istasang xiyonatchi bo‘l.
– Be’manilardan hazar qil.
– Nodonni tirik sanama.
– Sabrli bo‘l, murodingga yetasan.
– Har bir ishda hamkor izla.
– O‘zlikni anglashni buyuk xislat bil.
– Donishingni xor qilma.
– Kam gapir, oz yeginu kam uxla.
– Xilofkorlikdan qoch, Allohdan noumid bo‘lma.
IKKINChI BOB
– Taqvoni qo‘rqmas askar bil.
– Dono ko‘ringan nodondan hazar qil.
– Ilmda hammadan kamtar bo‘l.
– O‘rgan va o‘zgalarga o‘rgatgin.
– Eshitmagan narsang haqida gapirma.
– Birovga haddan tashqari tanbeh ham berma, behudaga maqtama ham.
– Qulog‘ing bilan eshitganingni mahkam tut.
– Rost gapiru o‘zgalarning aybini kovlama.
– So‘ramasalar javob berma, aytmagan joyga borma.
– Xarid qilinmaydigan narsani sotma.
– Olinmaydigan narsani sotma.
– Kaltak yemayin desang, begunohga qo‘l ko‘tarma.
– Yaxshilikni jondan izla.
– O‘zgalar qalbini ovlamoqchi bo‘lsang, yaxshilik qilishga odatlan.
– Baloni takobirlik natijasi bil.
– Qalbingni hasad o‘ti bilan kuydirma.
– Balodan ibrat ol.
– Hamisha sir asrovchi bo‘l.
– Jafopesha bo‘lma.
– Me’yori bilan yegin, nizomi bilan gapirgin.
– Xushxulq va beozor bo‘l.
– Tavfiqni Xudoning fazilati bil.
– Kishilarga qattiq gapiruvchi bo‘lma.
– Boylikni iqbol bil, uni xarj etmaslikni esa badbaxtlik bil.
UChINChI BOB
– Har kimning nonini yeya berma, ammo hammaga non yedir.
– Molu davlat orqasidan yuguruvchi bo‘lma.
– Haq xikmatini ilmingdan afzal bil.
– Ilmingni ehtiyot qil.
– Alloh hikmatini o‘z bilimingdan yuksak bil.
– O‘zingni ta’rif etishdan saqlan.
– Hamisha Alloh shukronasida bo‘l.
– Jonni omonat bil.
– Allohni hamisha berguvchi, deb bil.
– Umringni inoyat bil.
– Tadbirni taqdir bilan bog‘la.
– Sog‘likni g‘animat bil.
– Oxiri ziyon keltiradigan foydaning atrofida o‘ralashma.
– Ajalni hech qachon faromush qilma.
– Ilm o‘rganishdan aslo tinchima.
– Kalondahanlik qilma.
– Nasiyani mol deb bilma.
– Martabayu izzatni ilmdan izla.
– Shahvat asiri bo‘lma.
– Afv etmoqni hech kimdan darig‘ tutma.
– Rost yo‘lda yengiltaklik qilma.
– Sulhning iloji bo‘lmasa, jang¬dan qochma.
– Dushmanni haqir bilma.
– Do‘sting ming bo‘lsa ham kam.
– Har qanday dushmandan ehtiyot bo‘l.
– Sendan qo‘rqqandan sen ham qo‘rq.
– Dushmaningning dushmani bilan do‘st tutin.
– Do‘stlaringning do‘stlari orasida bo‘l.
– Do‘stingning dushmanidan g‘ofil bo‘lma.
– Rahmsizga shafqat qilma.
– Nokasdan qarz olma.
– Ajdodlaring qadrini e’zozla.
– Johil zohidga inonma.
– Omonatga xiyonat qilguvchi bo‘lma.
– Sinamagan odam bilan safarga chiqma.
– Hirsu xusumatni najosat bil.
– O‘z misqolingni o‘zgalar botmonidan afzal bil.
– Odamlarning oldida nima desang, orqasidan ham o‘shani gapir.
– Birovning moliga muhtoj ekansan, bilgilki, uning qulisan.
TO‘RTINChI BOB
– Behudalikni ofatlarning boshi bil.
– Birovning minnatini ko‘taru, minnat qilguvchi bo‘lma.
– Tilingni hamisha dashnomdan tiygil.
– Hojat chiqarishni buyuk ish deb bil.
– Yaxshilik qilganingni aytib yurguvchi bo‘lma.
– Yomonlikni ofatlarning boshi, deb bil.
– Yomonlarga yordamlashma.
– Do‘stlaringni yomonlaguvchi bo‘lma.
– Yomonlarni o‘zingga yo‘latma.
– Dushmaning bilan inoqlashgan do‘stdan qo‘rq.
– O‘zgalar g‘amidan xursand bo‘lma.
– Senga ishi tushgan odamni ranjitma.
– Tuhmat bor joydan qoch.
– Ota xatosi uchun tanbeh berma.
– Sultonga gustohlik qilma.
– Darvesh qardoshingni shod tut.
– G‘amgusor bo‘ladigangagina dardingni ayt.
– Sharobu taomni kam ye, ko‘pini o‘zgaga ber—esin.
– Xalq bilan shunday yashaki, ular hamisha sen bilan bo‘lishsin.
– Shuhratmandlikda o‘zingdan ketma.
– Birovlarning g‘amidan shodlanuvchi bo‘lma.
BEShINChI BOB
– Orzu-umid farzandi bo‘l.
– Oila a’zolari haqqini unutma.
– Qalbingni din bilan dono qil.
– Odamlar sendan umidvor bo‘lib yashasin.
– Martaba, boylikka erishgach, o‘zliging unutma.
– Davlat paytida balandhimmat bo‘l.
– Og‘ir kunlarda sabr-bardoshli bo‘l.
– Oz dardni ko‘p bil.
– Boylikka erishgach, himmatbaland bo‘l.
– Saxovatda va’daxilof bo‘lma.
– Diyonatda bardam va mustahkam bo‘l.
– O‘zingni orzular daryosiga g‘arq etma.
– Nodondan yiroq yurishga intilgin.
– Baxillik bilan martaba qozonolmaysan.
– To‘g‘ri yo‘lni ochguvchi ilmdir.
– G‘amg‘usoringga g‘amingni ayt.
– Hech kimga haqorat ko‘zi bilan boqma.
– Xalq bilan bir tan, bir jon bo‘l.
– Nokas va bedinga non berma.
– Mehmonga sertakalluf bo‘lma.
– Ahdu paymonda sobit bo‘l.
– Yomon tanishingni uyga yo‘latma.
– Molingni noo‘rin va bekorga sarflama.
– Hayot tajribasidan rizq izla.
OLTINChI BOB
– Dono suhbati har ikki jahon uchun foydalidir.
– Haq rizoligi bilan kun kechir.
– Payg‘ambarlarni hamisha tirik bil.
– Va’daga vafoni saxovat bil.
– Umring lazzatini yaxshilar suhbatidan ko‘zla.
– Umid rishtasini hargiz uzma.
– Baxildan yaxshilik kutma.
– To‘g‘ri yo‘lning kalitini ilm deb bil.
– Umringni sahroda o‘tkazma.
– Qalblar do‘stligini xomushlikdan izla.
– Hamma bilan oshno bo‘lishga intil.
– Janjallashgan qarindoshlarni yarashtirishga intil.
– O‘g‘irlik moldan ulush olma.
– Hech kimga haqorat ko‘zi bilan boqma.
– Ayollardan ustun bo‘lishga intilma.
– Go‘daklarga nasihat qilma.
– Nodon bemorni davolama.
– Mast yigitga nasihat qilma.
– Do‘stlar aybini o‘z vaqtida ayt.
– Siringni do‘stdan ham, dushmandan ham pinhon tut.
– Dono suhbatini har ikki jahon uchun foyda deb bil.
– Har ishni maslahat bilan qil.
ETTINChI BOB
– O‘tganga, to‘kilganga va ketganga afsuslanma.
– O‘zingga hamjins va hammaslak do‘st tanla.
– Hamma bilan yarashib yashashga intil.
– Berahm odamlarni do‘st qatoriga kiritma.
– Sog‘liqni hayot garovi bil.
– Toshbag‘irlar bilan hamsuhbat bo‘lma.
– Ikkiyuzlamachidan vafo kutma.
– O‘z yukingni o‘zgalarga oshiradigan bo‘lma,
ammo o‘zgalar yukini ko‘targuvchi bo‘l.
– Manfaatsiz tiriklik o‘lim bilan barobar.
– Ko‘p gapirmoqni gunoh bil.
– Hojatingni Allohdan tila va ista.
– Do‘stlaring xatosini aytib turgin.
– O‘zgalar moliga mehr qo‘yma.
– Do‘stingni hamisha esda tut.
– Xizmatkorni urushga yuborma.
– Aytilmagan joyga borma.
– Nodon do‘stga ishonma, chunki suvga suyansang g‘arq bo‘lasan.
– Yaxshilarning tirigini ham, o‘ligini ham ziyorat qil.
– Qo‘rqoqlikni o‘limdan og‘ir bil.
– O‘zingdan keksalarni ulug‘ bil.
– Tiriklik haqiqatini sog‘likda, deb bil.
– Hech kimning sirtiga qarab baho berma, aldanasan.
– Maqsadsiz hayot bilan o‘limni birday bil.
– Tilingga ehtiyot bo‘l.
– Hammadan yaxshi so‘z o‘rganishga intil.
– Hasadgo‘y do‘stdan parhez qil.
– Dushman bilan sulh tuzishga intil.
– Sabrni maqsadga yetish vositasi bil.
– Nizomsiz lashkar lashkar emas.
– Qurolsiz jasurni nodon bil.
– Yurt obodligini tilasang, ochiqqo‘l bo‘l.
– Qalbing pokiza bo‘lsa, murodga yetasan.
– Nifoq ilmsizlik belgisidir.
– Ranjni osoyishtalik vositasi bil.
– Shariatni tan deb o‘yla,
– Tariqatni qalb, deb angla,
Haqiqatni esa, jon deb tanigin.
SAKKIZINChI BOB
– Yaxshiligingni el bilsin desang, yomonlarga ta’na qilma.
– Yomon so‘zga quloq tutma.
– O‘zingdan yoshi kattalarni ulug‘ sana.
– Til saqlashni umr salomatligi bil.
– Yaxshi so‘zni hammadan tinglashga odatlan.
– Bu jahon manfaati uchun jahonni sotma.
– O‘zingga nimani xohlasang, Haq bandalariga ham o‘shani ista.
– Dorini sog‘ paytingda ich.
– Uzoqdan bo‘lsa ham ilm o‘rganish payida bo‘l.
– Hasadchi do‘stdan parhez qil.
– O‘tmish hayotingni o‘z imoming bil.
– Johil amirdan hazar qil. Undan keladigan oz siylovni ko‘p bil.
TO‘QQIZINChI BOB
– Maqsadga yetish yo‘lini sabrda bil.
– Nasihatga quloq tutmaydigan lashkar — lashkar emas.
– Itoatsiz raiyat — raiyat emas.
– Qurolsiz shijoat nodonlikdir.
– Yurting obodligini istasang, xalqingni himoya qil.
– Mulkning nizomli rivojlangan bo‘lishini istasang, xoliq va xalqning xursandligini ko‘zla.
– Buyuklarning kichiklarga xizmatini kichik bil,
Kichiklarning buyuklarga xizmatini buyuk bil.
– Yengiltaklikni xorlik va devonalik bil.
– Hashamdorlik, baxillik va hasadni tanang, moling, martabang uchun zahar bil.
– G‘ofil amirni amir sanama.
– Hiradmand(donishmand)lar suhbatini ko‘zla.
– Jahon ko‘rgan kishilarni nadim qil.
– Olam obodligini karamu adolatda bil.
– Qalbingni pok tutsang, murodga yetasan.
– Maqtanchoqlik qilma, birov seni maqtasa, undan faxr¬lanma.
– Nifoqni ilmsizlik oqibati, deb bil.
– O‘z aybingni ko‘rguvchi bo‘l.
– O‘zingni ta’madan yiroq tut.
– Ranjni osoyishtalik natijasi bil.
– Zahmat oqibatini shodlik, deb bil.
O‘NINChI BOB
– Hamisha aziz bo‘lay desang, xorlik bilan hunar o‘rgan.
– Baloni sadaqa bilan daf et.
– Hurmatni boylikdan afzal bil.
– Takabburlarni dev sana.
– Dono do‘st nasihatini qabul et.
– Nojins suhbatidan parhez qil.
– Hoyu havas otashini o‘ldir.
– Jangda balandovoz bo‘l.
– Yaxshi so‘zni aziz tut.
– Hammaning o‘zingga dushman bo‘lishini istasang, takabbur bo‘l.
– Yomon ko‘zdan qo‘rq.
– Dinni ilm bilan asra.
– Agar xalqning do‘st bo‘lishini istasang, boylikni dushman bil.
– Tinchlik istasang, hech kimga yomonlik qilma.
– Ulug‘lik istasang, iftixordan qoch.
– Duoni quroldan afzal bil.
– Umidni ganjdan ortiq bil.
– Shunga intilginki, o‘limdan so‘ng ham tirik yurgin.
– Alloh xohlamagan hamma narsani botil sana.
– Ozorning yo‘lini ehson bilan to‘s.
Forsiydan Hamidjon Homidiy tarjimasi.