Buyuk qalblar iztiroblarini sukut bilan o‘tkazadilar.
* * *
Zulmni murosasiz yomon ko‘radigan kishigina ezgulikni cheksiz sevishi mumkin.
* * *
Ishni tezroq tugallash harakatida bo‘l.
* * *
Iroda inson bolasining o‘ziga xos sifatidir, aql esa irodani boshqarish uchun o‘zgarmas qoidadir.
* * *
O‘z topqirligidan zavqlanib kulgan kishining askiyasi kuchini yo‘qotadi.
* * *
Ishongan odam boshqalarni ham oson ishontiradi.
* * *
She’riy asar o‘zini o‘zi himoyalashi kerak. Harakat gapirmaydigan joyda so‘z foyda berishi dargumon.
* * *
Ishni yarim yo‘lda tashlab, chetga chiqib oladigan va endi bu yog‘i nima bo‘lar ekan, deb og‘zini ochib qarab turadigan odam haqiqiy ahmoqdir.
* * *
Rasmga mahliyo bo‘lib, uni chizgan kishini butunlay unutib qo‘yganimiz, aslida, rassomga eng katta maqtovdir.
* * *
O‘zini boshqara oladigan odamgina erkindir.
* * *
Har qanday g‘alabadan ustun narsa kechirimdir.
* * *
Yaxshi aktyorlar uchun yomon rol yo‘q.
* * *
Mardonalik instinktga qarshi kurash ifodasidir.
* * *
Nomus hayotdan azizroq.
* * *
To‘g‘rilik har qanday unvonni bezaydi.
* * *
Yo‘qotilgan daqiqani hatto abadiyat ham qaytara olmaydi.
* * *
Odam maqsadlari kattargani sari ulg‘ayib boradi.
* * *
Minnatdorlik eng tez unutiladigan narsadir.
* * *
Ota-onalar o‘zlarining nuqsonlarini bolalarida ko‘rganlarida ko‘proq jahllanadilar.
* * *
Tabiatga qarshi bo‘lgan narsa hech qachon yaxshilikka olib bormaydi.
* * *
Yaramas ishlarning oxiri voy: ular yangi-yangi qabihliklarni keltirib chiqaradi.
* * *
Faqat qat’iyatgina maqsadga eltadi.
Orif Tolib tarjimasi
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 4-son