Shuhrat Rizayev tavsiya etgan kitoblar

“Yoshlik”chilar yangi rukn tashkil etib, ahli adabiyotning umri davomida suyib mutolaa etgan kitoblaridan to‘qqiztasini ajratib, fikr aytish haqidagi takliflari menga ma’qul keldi. Zero, hozirda kitobxonlik bilan bog‘liq juda ko‘p fikrlar o‘rtaga tushayotgan bir zamonda umumiy gaplarni qo‘yib, shunday amaliy ish qilish – to‘g‘ri tanlangan yo‘l. Lekin kamina bu amaliyotni biroz tahrirlab, tahririyatga adabiyotchilarimizning bori hayoti davomida emas, balki so‘nggi paytlarda o‘qigan to‘qqizta kitobi haqida fikr aytishni taklif qilgan bo‘lar edim. Chunki adabiyotni qismat bilgan odamki bor, uning umri kitob bilan o‘tadi. Shuning uchun bor-yo‘g‘i to‘qqizta kitob bilan cheklanish sira mumkin emas. Albatta, zavqu hayratingni chandon oshirib, tuyg‘ularing­ni jumbishga keltiradigan, o‘zingdan chiqar holatga soladigan asarlar ko‘p bo‘lavermaydi, lekin umumjahon miqyosida olib qaralsa, bashariyatning kitob ila o‘tgan umri bo‘yicha ko‘rilsa, insonda hayratlar uyg‘otuvchi, daqiq kitoblar nihoyatda ko‘p. U yog‘i G‘arb, bu yog‘i Sharq, qo‘yingki, butun dunyo kutubxonasining sanog‘i milliardlarga yetsa, shundan bir necha ming hayrat boisi bo‘ladigan asarlar chiqar. Demakki, so‘nggi paytlarda o‘qiganim to‘qqizta asar xususida so‘z ketar ekan, men kichik bir lirik chekinish qilib, o‘zbekning katta shoiri Zokirjon Furqatning 1959 yili nashr etilgan ikki jildligining ikkinchi jildidagi “Xo‘qandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti, o‘zi yozgoni” deb nomlanuvchi bir bitigiga e’tibor tortishni istardim.
Zokirjon yetti yoshga yetganida ota-onasining “mashvarati ila” maktabga olib boriladi. Maktab hayotiga oid juda ko‘p tafsilotlardan keyin muhtaram shoirimiz u yerda dastlab olgan saboqlari va kitoblari xususida so‘z yuritadi. Ma’lum bo‘lishicha, Quro’ni Karimdan o‘n besh-yigirma adad mayda surani yod etib o‘rganadi. So‘ng haftiyakka o‘tib, uni ham o‘zlashtirgach, to‘liq Qur’oni sharifga beriladi. Muqaddas kitobni xatm qilgach, “Chor kitob” ibtido qildim, deb yozadi. Shular bilan bir yilni o‘tkazib, sakkiz yoshga yetganida Farididdin Attorning “Mantiqut tayr” asarini olti oy davomida o‘rganadi. Undan so‘ng Hofiz devoni va besh oy davomli Mirzo Abdulqodir Bedil devonini qunt bilan “diliga dilband” etadi. Yoshi to‘qqizga yetganida esa Amir Alisher Navoiyning turkiy devonlari mutolaasiga beriladi. Shu tariqa o‘n yoshida Fuzuliy g‘azaliyoti va “Maslakul muttaqin” masnaviyotini o‘qib tushiradi. O‘n ikki yoshga yetganida Qo‘qonda Podshoh Xo‘ja Eshon nomli bir mashhur mudarrisga shogird tushadi. “Avvali hol”, “Avvali ilm”, “Mu’zi Vazanjoniy” risolalarini o‘qib tamom qiladi va o‘n uch yoshga yetganida “Avomil”, “Harakot” risolalari, “Kofiya” kitobini tahsil qiladi. Bo‘lg‘usi shoir o‘n to‘rt yoshga yetganida “Sharhi Mulloi Jomiy” va “Risolai shamsiya”­­ni uch yil davomida o‘zlashtiradi… Mana o‘zbek mumtoz adabiyotining buyuk namoyondasiga aylangan bir ajdodimizning o‘spirinlik yoshigacha o‘qigan, o‘zlashtirgan, o‘rgangan kioblari. Demak, na Hazrat Alisher Navoiy va na ulardan keyingi qator buyuklarimiz va na Furqatu Haziniylar faqatgina ilohiy iste’dodning tajalliylari emas. Balki, mutolaa mashaqqatlarining va saodatining bori azobu zavqini tuygach, iste’dodlari ro‘yobga chiqqan zotlardir. Agar shunday mutolaa eski davr maktabu madrasalarining ko‘rsatkichi bo‘lsa, demak, shoiru adib, olimu ulamo bo‘lmagan, lekin maktabu madrasada ta’lim olgan bobolarimizning bilimi, dunyoqarashi qanchalar bo‘lganini tasavvur etish qiyin emas. Biz-da ajdodlarga munosib avlod bo‘lishimiz uchun o‘tmishdan kerak xulosa chiqarib olishimiz zarur.
Endi bu chekinishlardan so‘ng keyingi payt­larda mutolaa etilgan to‘qqiz asar haqida to‘xtalaman.

Isay Kalashnikov. “Qattol asr”. Roman
Shu kunlarda mutolaa etilgan ming sahifadan ortiq – epik ko‘lamdagi roman mashhuri jahon fotih Chingizxon haqida hikoya qiladi. Uning ota-bobolaridan tortib, o‘zining dunyoga kelishi, bolalik, yoshlik damlari, chekkan azoblari, mashaqqatli qismati, so‘ngra quvvatlanib qancha-qancha elu elat, qabila, keyinroq esa qancha shahar-mamlakatlarni zabt etishi, taqdir taqozosi bilan tarix maydoniga chiqqan g‘ururi baland, niyatlari yorug‘ yigitning qon kechib, qirg‘inbarotlar qilib, ma’naviy tanazzulga yuz tutib borishi bag‘oyat miqyosli, yuksak badiiy tasvirlar, teran mushohada va falsafiy o‘ylar bilan ifoda etiladi. Isay Kalashnikov degan buryatiyalik romannavis va uning o‘tgan asr yetmishinchi yillar adog‘ida yozib e’lon qilingan asaridan endi xabar topib, juda kech o‘qiganim uchun, ochig‘i, afsuslandim. Bu faqatgina tarix emas, yovuzlik, yovuz daho shakllanishining, ma’naviy yemirilishning bori sinoatini batafsil tasvir etgan sof badiiy asar. Bu, shubhasiz, jahon adabiyotining durdonalaridan deyishga arzigulik roman.

Mo Yan. “Musallas mamlakati”. Roman
Mazkur asar uchun muallif bundan to‘rt yil avval Nobel mukofoti bilan taqdirlangani ko‘pchilikka yaxshi ma’lum. O‘tgan asr o‘rtalari atroflarida voqe bo‘lgan hodisa haqida hikoya qilingan romanda nihoyatda dahshatli holatlar qalamga olinadi. Go‘dak bolalarni avval boshdanoq maxsus tug‘ib, boqib, sotib, so‘ng taom sifatida tayyorlab, tanovvul qilish, aql bovar qilmaydigan dahshatli hodisa. Biroq, qarangki, hech bir zamonda bo‘lmagan bunday mudhish holat insoniyat madaniy tamaddunining yuksak bosqichlari boshlangan pallalarda Xitoyda sodir bo‘ladi. Gap, balki, hikoya qilingan dahshatli voqeada ham emasdir. Lekin inson tabiatining bu qadar vahshiylashishi mumkinligi va u o‘z mohiyatini madaniyat degan niqob ostiga yashirib, ko‘ngli tusagan noma’qulchiliklarni qila bilishi, hatto mutloq mumkin bo‘lmagan razillikka jur’at etishi bu – nafaqat bandasining, avvalo Yaratganning oldidagi mudhish gunoh. Qiyomat haqida mislsiz azoblar haqida o‘ylashga yetaklaydigan jinoyat. Dahshatga tushib fikr qilasan – inson bolasi ma’naviy takomil sari intilishdan ko‘ra tubanlik chohiga qulashni afzal biladigan zamon bo‘lgandek go‘yo. Mo Yanning mazkur asari uncha-muncha mudroq tafakkurlarni uyg‘otib yuborsa, ajab emas.

Lev Tolstoy. “San’at nima?” (Chto takoye iskusstvo?). Falsafiy publitsistik traktat
San’at haqida juda ko‘p yozilgan. Uning asl mohiyati, qanday ehtiyoj zarurati ekanligi, tabiati, namoyandalari borasida nihoyatda ko‘p asarlar bor. Lekin Lev Nikolayevich Tolstoyning “San’at nima?” nomli qariyb ikki yuz sahifali badiha, risola, ilmiy, falsafiy, ijtimoiy traktat, badiiy publitsistika kabi nazariy ta’riflar bilan janr xususiyatini belgilasa mumkin bo‘lgan asari mushohadalarning nihoyatda teranligi va keng qamrovliligi bilan hayratlarga soladi. Mutafakkir zot san’at hodisalari minglab odamlarning yillar davomida chekadigan azoblari, intilishlari hisobidan dunyoga kelishini mushohada ob’ektiga aylantiradi. San’atning turli tabaqa toifalarida jarayonning qanday kechishini kuzatadi. Dirijyorning qo‘l ostidagi musiqachilarga zulm qilishi, haqoratlashi, garchi juda xunuk kayfiyat paydo qiladigan manzara bo‘lsa ham, lekin pirovardida insonga baxtiyor daqiqalar ulashishi bilan ahamiyatlidir. Risolani xulosalar ekan, Tolstoy bobo “San’at zo‘ravonlikka barham berishi kerak. Va faqat san’atgina bunga qodir” degan fikrni ilgari suradi hamda insonlarni san’atgina birodarga aylantirishi, kimligi, qandayligidan qat’i nazar, bir-biriga muhabbat uyg‘ota olishi mumkin bo‘lgan, insonlarga ilohiy tuyg‘ular ulashib, uning o‘zini-da ilohiy dunyolarga yetaklab ketuvchi mo‘jizaviy bir hodisa deya ta’riflaydi. Tolstoyning san’at xususidagi hayratlari va mushohadalari, nazarimizda, har bir san’atkor uchun ibratlidir.

Ryunoske Akutagava. “Do‘zax azoblari”. Hikoya
Bu ham Tolstoyning san’at haqidagi qarashlariga qay bir jihatdan hamohang yaratiq. Lekin u falsafiy publitsistik traktat bo‘lsa, bunisi sof badiiy psixologik hikoya. O‘zi his qilmagan, o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan, o‘z sezgilari orqali ongi, tafakkuri va yuragiga singimagan hodisalar haqida hech qachon haqiqiy san’at asari yaratib bo‘lmaydi. Hikoyada aynan shu tushunchadagi rassomning mislsiz insoniy fojeasi orqali mazkur haqiqatga kelishi va hayratomuz haqqoniy tasviriy san’at asarining yaralishi ko‘rsatib beriladi. Akutagava ijodi zamon va makon cheklovlaridan tashqaridagi noyob tuyg‘ular, holatlar haqida hikoya qiladiki, uning tafakkur va hissiyot olami shu qadar teranligiga tan bermasdan iloj yo‘q.

Mario Vargas Losa. “Shumtakalar”. Qissa
Perulik Nobel mukofoti sovrindori Mario Vargas Losa “Shumtakalar” qissasini yozib Lotin amerikasi adabiyotini yana bir durdona asar bilan boyitgan. Bola paytida kutilmagan baxtsiz hodisa tufayli falokatga uchragan Kuelyar hayoti, uning yangi maktabda orttirgan to‘rt do‘sti bilan kechmishlari orqali inson tuyg‘ularining turfa olamiga kirib borasiz. Odamni tushunish naqadar murakkab, naqadar qiyin vazifa ekanini bot-bot his qilasiz. O‘zini insoniy amalga qodir to‘laqonli shaxs sifatida his qila olmagan kishini tushunib, unga yordam bera olmaganing holda, hech bo‘lmaganda, hamisha xayrixohlik tuyg‘usi bilan yashash, xotiralarga sadoqat ko‘rsata bilish har kimning ham qo‘lidan kelaveradigan ish emas ekan. Kuelyar, Lalo, Kallaxum, Chillak, Man’ukolarda bo‘lgani kabi beg‘ubor bolalik davrining eng yaqin tengdosh jo‘ralaring bilan kechgan shirin xotiralarini yodga soluvchi bu asar ham garchi muayyan makonu zamonda bo‘lsa-da, tanish ohangu tabiati, hazin mazmuni – xulosalari bilan hammamizni qay bir ma’noda taftish etayotganday tuyuladi.

Yan Parandovskiy. “So‘z kimyosi”. Traktat
XX asr polyak adabiyotining atoqli adibi Yan Parandovskiyning “Alximiya slova” – “So‘z kimyosi” asari yozuvchi mehnati, uning o‘ziga xos ijodiy va maishiy dunyosi haqida nihoyatda qiziq ma’lumotlarni hikoya qiladi. Bu asarning janr jihatidan aniq ta’rifini berish mushkul. Uni yozuvchilar haqidagi hayotiy tafsilotlar yoki yozuvchilik san’ati haqidagi traktat deb atasa ham bo‘ladi. Kitobda adiblik iste’dodi, mahorati, ijod xususiyatlari, ilhom damlari, ilhomlanish jarayonining g‘alat ko‘rinishlari, qo‘yingchi, mashhur adiblarning qanday ruchka va qog‘ozdan foydalanishidan tortib, nima yeb ichganigacha, muayyan asarlarga kirishish va yozish pallasidagi to‘lg‘oqli holatlargacha, sevgisi, ko‘ngilxushlari, qanday paytda ijod qilishni ma’qul ko‘rishi, qanday stolda o‘tirib, ne alpozda qalam tebratishigacha – barchasi eng oddiy, mayda tafsilotlarigacha ifodasini topgan. Hajman 700 sahifaga yaqin bo‘lgan mazkur kitobni o‘z vaqtida ustoz Ozod Sharafiddinov tarjima qilishga kirishgan edi. Afsuski, domla kitobdan bir nechta bobnigina tilimizga o‘girib ulgurdi. Hozirda olmonshunos Mirzaali Akbarov kitobning boshqa bir qator boblarini tarjima qilib, “Jahon adabiyoti” jurnaliga taqdim etdi. Nazarimda, yozuvchilik havasi bilan yongan yoshlar, albatta, bu kitobni o‘qib chiqishi shart.

Abdulhamid Ismoil. “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin”. Roman
Kaminani tom ma’noda hayajonga solgan mazkur roman buyuk ajdodimiz haqidagi dastlabki va hozircha yagona roman. Bu asarning voqealari asosan yozuvchining badiiy xayoloti mahsuli, ayni paytda, tarixiy hujjatlar bilan mantiqan dalillangan, aytish mumkinki, tarix va badiiy xayolot ajabtovur mushtaraklik kashf etgan baquvvat roman. Abdulla Qodiriy millatimizning armoni bo‘lgani holda, adibning o‘zi ham yozib ulgurmagan asarlari uchun buyuk armon bilan o‘tgan ijodkordir. Yozuvchining o‘zi e’tirof etganidek, “Amir Umarxonning kanizagi” nomli bir roman yaratish niyatida juda ko‘p tarixiy asarlarni o‘rgangan, kanizakning qismati bilan bog‘liq ma’lumotlarni izlagan. Mashhur shoh va shoir Amir Umarxonning kanizi bo‘lgan Oyxon nihoyatda achchiq qismati bilan o‘quvchini o‘ziga bog‘lab qo‘yadi. Benihoya go‘zal qizning taqdir taqozosi bilan u qo‘ldan bu qo‘lga o‘tib, mislsiz azoblar chekishi Abdulla Qodiriyni qanchalar hazin holatga solsa, o‘quvchida ham yurak-yurakdan achinish hissini uyg‘otadi. Bora-bora azoblari tufayli o‘z qahramonini sevib qolgan Abdulla Qodiriy kabi “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” asarini uqib mutolaa qilgan kitobxon ham Oyxonni sevib qolishi mumkin. Dunyoda muhabbat qissalari nihoyatda ko‘p. Ularning har biri o‘zicha bir dunyo. Romandagi Abdulla Qodiriyning ko‘ngil armonlari yana bir go‘zal muhabbat dostoni bo‘lib kitobxon qalbidan joy olishi aniq.

Maqsud Shayxzoda. “Mirzo Ulug‘bek”. Tarixiy tragediya
Temurxon naslidin sulton Ulug‘bek,
Ki, olam ko‘rmadi sulton aningdek.
Hazrati Alisher Navoiy shu qadar yuksak ta’rif bergan buyuk shoh va munajjim, alloma Mirzo Ulug‘bek haqida injako‘ngil shoirimiz Maqsud Shayxzoda 1959 yili katta dramatik asar yaratgan edi. Asar hozirgi Milliy teatr sahnasida ellik besh yil burun sahnalashtirilib, Shukur Burxonday buyuk san’atkorning ijrosi bilan o‘zbek teatr san’atining oltin fondiga kirgan. Mazkur asarni bugungi kunda qayta o‘qib, Shayxzodaning hech mubolag‘asiz, haqiqiy mumtoz asar yaratganini anglaymiz. Uni sira ikkilanmay Shekspir tragediyalari bilan qiyoslasak bo‘ladi. Shoh va alloma, ota va o‘g‘il, ona va o‘g‘il, jamiyat va adolat, inson va uning hayotdagi vazifasi borasida teran mushohadalarga undaydigan “Mirzo Ulug‘bek” pesasini bugungi globallashgan dunyoning muammolariga qarshi o‘ziga xos bir badiiy qo‘llanma sifatida qabul qilish mumkin. Mutaassiblik va ilmu irfon, jaholat va ma’rifat, yuksak insoniy tuyg‘ular bilan ma’naviy qashshoqlik o‘rtasidagi murosasiz kurash tragediyaning markaziy g‘oyasi bo‘lgani bilan bugungi kunlarimizga hamohanglik kasb etadi. Shu boisdan ham asar joriy bir yil davomida ham Samarqand teatri, ham poytaxt Milliy teatri sahnalarida qo‘­­yildi. Muhimi, Shayxzoda ilgari surgan g‘oyalar va ehtiroslar qayta jonlanib, katta sahnalarda jarangladi va Shayxzodani ham zamondoshimizga aylantirdi. Har qanday ijodkor o‘z asari bilan shunday taqdirga munosib topilsa, u barhayot baxtli ijodkordir.

Halima Ahmedova she’rlari
Men kunlarni aldayapman, yomon kunlarni,
Goh kar bo‘lib, goh o‘zimni solib mastlikka.
Ammo o‘zdin qayga qochay, qayoqqa qochay,
Xaqqim bormi yuragimni tanimaslikka.

Bu satrlar zamonamizning go‘zal shoiri Halima Ahmad qalamiga mansub. U, hech shubhasiz, o‘zbekning Anna Axmatovasi, balki undan-da miqyosliroq va teranroq hodisadir. Halimaning meni lol qoldiradigan betakror xislati uning favqulodda hayajonga soladigan metaforalar dunyosi. Shoirning xayolot dunyosida tabiatan mutlaqo chog‘ishmaydigan hodisalar chog‘ishadi, aksincha, bir-biriga nihoyatda yaqin narsalar tamoman boshqa-boshqa qutblarda paydo bo‘ladi. Halimaning taxayyulini odatiy tafakkurga o‘rgangan inson mutlaqo tushunmasligi mumkin, lekin uni o‘qib tushunguvchi, idrok etuvchi odamlar esa xushbaxt­lik tuyishi aniq. Nafaqat xushbaxt­lik, balki to‘lib-to‘lib yig‘lashga moyil holda, tozarish – poetik katarsis holatini boshdan kechirishga muvaffaq bo‘ladi. Bunday hodisani faqatgina olamni g‘alat mushtaraklikda ko‘radigan, ilohiy basirat ko‘zlariga ega, katta shoirlar paydo qila biladi. Halimaning she’rlarini hech qachon shunchaki o‘qib bo‘lmaydi. Faqat va faqat some kayfiyatdagina bu she’riyat senga o‘sha katarsis – tozarish ne’matini baxshida etadi.

“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 9-son