Mahmud Sa’diy. Yosh yozuvchi uchun foydali 50 kitob

Har qanday ziyoli, ayniqsa, ijodkor o‘z ona tilini, milliy adabiyotini, axloq-odobini, tarixi, falsafasi, geografiyasini puxta bilishi shart. Bundan tashqari, dunyo adabiyoti va ilm-fanidan ham xabardor bo‘lishi kerak. Busiz yetuk mutaxassis yoki yozuvchi-shoir bo‘lish mumkin emas.
Bir necha yillar oldin bo‘lajak jurnalist va filologlar uchun o‘qilishi kerak bo‘lgan kitoblar ro‘yxatini tuzgan edim. Jurnalning hajm-imkoniyatidan kelib chiqib, yosh yozuvchilarga ana shu ro‘yxatning XX asrga doir qismini ayrim to‘ldirishlar bilan tavsiya etaman.
Aslida, o‘qiladigan kitoblar juda ko‘p. Antik davr, ilk o‘rta asrlar va o‘rta asrlar, XVIII–XIX asrlar, XX va XXI asrlarda yaratilgan xalq og‘zaki ijodi namunalari, ilm-fan, tarix, falsafa va adabiyotga oid asarlar alohida ro‘yxatlar tuzishni taqozo etadi. Mumtoz adabiyotimiz yoki zamonaviy o‘zbek adabiyoti bo‘yicha ham kitoblar saralash mumkin.
Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan ro‘yxat XX asr xorij adabiyoti asarlari asosida shakllantirildi. Unda adabiyotdagi turli oqim va yo‘nalishlarda ijod qilgan ellik nafar adib asarlari nomi keltirilgan. Chunki bo‘lajak yozuvchi-shoir realizm, syurralizm, ekzistentsializm, absurd, modernizm, postmodernizm kabi turli yo‘nalishlardagi asarlarni o‘qib-o‘rganishi kerak. O‘zi esa bunday yo‘nalish­larda yozishi shart emas. Lekin adabiyotdagi o‘zgarishlar, yangilanishlardan boxabar bo‘lishi zarur.
O‘zbek kitobxoniga tavsiya qilinayotgan kitoblarning ko‘pi o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan, ba’zi tarjimalardan esa mening ko‘nglim to‘lmagan. Shu sababli ularni ruschada o‘qiganman. Hozir yoshlarimiz chet tillarni puxta o‘rganyapti. Agar asarni asliyatda, asl jozibasini his qilib o‘qishsa, nur ustiga nur. Mutolaa sabab balki tarjima istagi ham uyg‘onib qolar. Asliyatdan qilingan yaxshi tarjimalar soni ko‘paysa, milliy tafakkurimiz jahon adabiyotining yangi-yangi durdonalari bilan boyib borishi shubhasiz.

1. Kobo Abe, “Qumdagi xotin”.
2. Muxtor Avezov, “Abay yo‘li”.
3. Chingiz Aytmatov, “Oq kema”.
4. Akutagava hikoyalari.
5. Semyuel Bekket, “Godoni kutib…”.
6. Luis Borxes. Timsoliy novellalar.
7. Mixail Bulgakov, “Ityurak”.
8. Ivan Bunin, “Arsenevning hayoti”.
9. Rey Bredberi hikoyalari.
10. Tomas Vulf, “Uyga qaytolmaysiz”.
11. Jon Golsuorsi, “Forsaytlar dostoni”.
12. Maksim Gorkiy, “Klim Samgin hayoti”.
13. Grem Grin, “Yuvosh amerikalik”.
14. Jeyms Joys, “Uliss”.
15. Patrik Zyuskind, “Parfyumer. Bir qotillik tarixi”.
16. Jek London, “Martin Iden”.
17. Yasunari Kavabata hikoyalari.
18. Alber Kamyu, “Begona”.
19. Elias Kanetti, “Jaholat”.
20. Frants Kafka, “Jarayon”.
21. Ken Kizi, “Kakku uyasi ustida parvoz”.
22. Xulio Kortasar hikoyalari.
23. Agata Kristi, “O‘nta negr bolasi”.
24. Tomas Mann, “Iosif va akalari”.
25. Heynrix Mann, “Sodiq fuqaro”.
26. Gabriel Garsia Markes, “Oshkora qotillik qissasi”.
27. Somerset Moem, “Oy va chaqa”.
28. Jorj Oruell, “1984”.
29. Milorad Pavich, “Xazar lug‘ati”.
30. Dos Passos, “AQSh”.
31. Boris Pasternak, “Doktor Jivago”.
32. Andrey Platonov, “Kotlovan”.
33. Marsel Prust, “Boy berilgan vaqtni izlab…”.
34. Valentin Rasputin, “Yong‘in”.
35. Erix Mariya Remark, “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q”.
36. Uilyam Saroyan hikoyalari.
37. Jerom Selinjer, “Javdarzor adog‘idagi jar ustida”.
38. Antuan de Sent-Eksyuzperi, “Kichkina shahzoda”.
39. Aleksandr Soljenitsin, “GULAG arxipelagi”.
40. Jon Steynbek, “G‘azab kosasi to‘lib-toshganda”.
41. Aleksey Tolstoy, “Oltin kalit yoki Buratinoning sarguzashtlari”.
42. Zakiy Validiy To‘g‘on, “Xotiralar”.
43. Rabindranath Thakur, “Halokat”.
44. Uilyam Folkner, “Shovqin va g‘azab”.
45. Frensis Fitsjerald, “Buyuk Getsbi”.
46. Mixail Sholoxov, “Tinch Don”.
47. Bernard Shou, “Pigmalion”.
48. Lao She, “Mushuklar saltanati”.
49. Mo Yan, “Musallas mamlakati”.
50. Ernest Heminguey, “Chol va dengiz”.

“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 7-son