Luqmon Bo‘rixon tavsiya qilgan hikoyalar

Yaxshi yozuvchi bo‘lish uchun, avvalo, yaxshi o‘quvchi bo‘lish kerak, deb ta’lim berardi ulug‘ ustozlardan biri talabalik chog‘larimiz. Yaxshi yozuvchilik maqomiga erishishga orzumand biz murg‘ak qalamkashlar bir kuni yurak yutib so‘radik: yaxshi o‘quvchi bo‘lish uchun nima qilmoq kerak? Ustoz javob berdi: mutolaaga diqqat-e’tiborni jamlab, mulohaza-mushohada bilan kirishing, qo‘lingizdagi asarning eng nozik jihatlarini ilg‘ashga harakat qiling.

Muhtaram ustozning pand-nasihatlarini ko‘ngilga tugdik va shu barobarida yaxshi mutolaa uchun yaxshi asarlar ham zarurligini angladik. Diqqat-e’tiborimizni ohanraboday o‘ziga tortadigan, mulohaza-mushohadaga chorlaydigan, nozik jihatlari ko‘ngillarni zavqu shavqqa chulg‘aydigan kitoblargina bizni yaxshi o‘quvchilarga aylantira olishini bildik. Biroq xuddi shunday sifatlarga ega asarni qanday aniqlaymiz? Bu, menimcha, har bir o‘quvchining o‘ziga, didiga, saviyasiga havola. Biz, masalan, bir-ikki ko‘ylak oldin yirtgan o‘quvchi sifatida yoshlarga o‘zimizda chuqur taassurot qoldirgan, to‘lqinlantirgan, hayajonga solgan asarlarni tavsiya qilishimiz mumkin, xolos. Fursatdan foydalanib men ham aziz jurnalxonlarga, jumladan, badiiy ijodga ishtiyoqmand yoshlarimizga bir necha jajji asarlarni misol tariqasida, nisbiy tarzda tavsiya etishni lozim topdim.

Jek London. Oq sukunat (hikoya)

Oppoq qorga burkangan sovuq o‘lka. Quyuq-qalin o‘rmon. Osmono‘par qarag‘ayzorlar. Mangu muzliklarga burkangan tog‘lar, qoyalar… Mashhur adib Jek Londonning oltin qidiruvchilar hayotidan hikoya qiluvchi deyarli barcha asarlarida voqealar xuddi shunday ulug‘vor tabiat qo‘ynida kechadi. Jek Londonning qahramonlari qimmatbaho ma’danlar izlab o‘z hayotlarini xavf-xatarga qo‘yishadi, lekin aslida oltin-kumushlardan ham noyobroq ma’naviy xazina topishadi yoxud yo‘qotishadi. “Oq sukunat” ham ayni shunday asarlar turkumiga kiradi. Bu hikoyani inson irodasiga, do‘stlik, sadoqat kabi oliy insoniy tuyg‘ularga qo‘yilgan yuksak haykal deb atashimiz mumkin. Bu haykal o‘sha qorli tog‘lar, qalin o‘rmonlar osha yaqqol ko‘rinib, o‘quvchilarni hamisha to‘lqinlantirib keladi.

Gabriel Garsia Markes. Atirgulning tikoni (hikoya)

Bu muhabbat haqidagi go‘zal va mahzun asar. Unda butun hayoti hashamga, farovonlikka burkangan sohibjamol Nena Dakonte va Billi Sanchesning sevgi kechinmalari tasvirlab berilgan. Markes deyarli har bir asarini sermazmun, serishora, qaysidir ma’noda muallif badiiy g‘oyasini o‘zida mujassam etgan satrlar bilan boshlovchi adiblar sirasiga kiradi. “Atirgulning tikoni”da ham shunday alomatni kuzatamiz: “Kechga yaqin chegaraga yaqinlashganlarida Nena Dakonte nikoh uzugi taqilgan barmog‘idan hamon qon tomchilayotganini ko‘rdi”. Asar personajlari qizning ko‘nglidan kechayotgan pok muhabbat hislaridan emas, uni o‘rab turgan boylik, hokimiyat, dabdabali turmushdan ko‘proq hayratlanishadi. Nena esa sevgi sharobidan mast. Qo‘lidagi jarohatni ham keyin payqaydi. Hikoya fojiaviy yakun topsa-da, o‘quvchi ko‘ngliga yorug‘ bir tuyg‘u kirib keladi. Inson umrining bahosi hasham, dabdaba ichida o‘tganligi bilan emas, bir lahza bo‘lsa-da, pokiza muhabbat og‘ushida kechganligi bilan o‘lchanishiga yana bir karra amin bo‘ladi. “Atirgulning tikoni”ni o‘qish jarayonida buyuk adibga xos teran ifodadan zavqlanamiz.

Xurshid Do‘stmuhammad. Mahsuna (hikoya)

Aslida bizni adabiyot o‘rab olgan. Har bir manzarada, har bir chehrada katta asarlarga tatigulik ma’no-mazmun yashirin. Faqatgina ularni chinakam yozuvchiga xos nigoh bilan ko‘rib, qog‘ozda ifodalab berishimiz kerak, xolos. Atoqli adib Xurshid Do‘stmuhammad xuddi shunday kuzatuvchan, sermushohada ijodkor. U kishiga xos bunday inja xislatlar “Mahsuna”da ham yakqol ko‘rinadi. Hikoya qahramoni endigina turmushga chiqqan, go‘zal va hayoli bir kelinchak. U hamma narsani tabiiy qabul qiladi. Chunki tuyg‘ulariga, orzu-­umidlariga g‘ubor qo‘nmagan. Biroq eri juvonning kechinmalariga, nafis hislariga biroz beparvo. Uni o‘zi bilan har xil ziyofatlarga, kechki yig‘inlarga olib bora boshlaydi. Tabiiyki, bunday davralarda ichkilikbozlik, behayo gap-so‘zlar, imo-ishoralar avjga chiqadi. Mahsuna bot-bot tashkil etiladigan xuddi shunday gashtaklar ta’siriga asta-sekin tusha boshlaydi. Avvaliga begona erkakning shunchaki ko‘z tashlab qo‘yishidan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladigan kelinchak keyinchalik allaqanday semiz loshlarning o‘ziga yaqinlashib, qulog‘iga sirli pichirlashlariga ham ko‘nika boshlaydi. Hikoya yakuniga boraverib Mahsunaning begona erkak bilan xufyona uchrashishga ham ruhan tayyorligini anglaymiz. Ko‘ngillarda beixtiyor xavotir, afsus uyg‘onadi. Eng ahamiyatli jihati shundaki, Xurshid Do‘stmuhammad juvonning qalbida, xayolotida, ruhiyatida asta-­sekin sodir bo‘layotgan fojiaviy o‘zgarishlarni g‘oyat mohirlik va san’atkorlik bilan ochib bergan. Yozuvchi o‘z qahramonining har bir xatti-harakatini, kechinmalarini chinakam ruhshunoslarga xos tarzda tahlil etadi, bu borada nozik badiiy unsurlardan unumli foydalanadi. Ayniqsa, “Mahsuna”ning so‘nggi satrlari sirli, tilsimli manzara bilan yakunlanishi ham o‘quvchi e’tiborini tortadi. Juvonga bir paytlar o‘lib ketgan onasining qo‘ng‘iroq qilishi bizning badiiy dunyomizga, tafakkurimizga o‘ziga xos turtki beradi. Mulohaza-mushohadaga undaydi. Hikoyadagi tabiiylik, badiiy jilvalar ta’siridan hatto marhumlar ham qo‘ng‘iroq qilishiga beixtiyor ishonib qolamiz. Aslida hikoyadagi bu detal chuqur ramziy-timsoliy mazmunga ega. O‘sha kelinchakning qaltis qadamidan or-nomusni hamisha har nedan yuksak qo‘ygan ajdodlar ham bezovta ekanligiga go‘zal ishora etilgan. Xurshid Do‘stmuhamadning “Mahsuna” hikoyasini o‘zbek zamonaviy adabiyotining durdonalaridan deb bemalol aytishim mumkin.

Sten Barstou. Qaydasan, Tommi Flin? (hikoya)

Angliyalik atoqli adib Sten Barstou XX asrning 50-60-yillarida adabiyot olamida o‘z asarlari bilan adabiy jamoatchilik e’tiborini tortgan edi. Yozuvchi asarlarining voqealari Yorkshir deb atalmish sanoat va ishlab chiqarish yuksak taraqqiy etgan shaharchada kechadi. Uning qahramonlari xuddi shu shahardagi zavod-fabrikalarda mehnat qilishadi, dam olish saotlarini ichkilikbozlik, qartabozlik kabi mashg‘ulotlar bilan o‘tkazishadi. Sten Barstou ularning hayoti, intilish­lari, orzu-umidlari haqida qiziqarli hikoya qilib berarkan, sanoat, tsivilizatsiya mo‘rilaridan chiqayotgan dud-qurum inson qalbini tobora qoplab borayotganini, ma’naviy tamoyillar yemirilishga yuz tutganini mohirona, donishmandlarga xos ko‘rsatib beradi. “Qaydasan, Tommi Flin?” aynan shunday xususiyatlari bilan o‘quvchi e’tiborini o‘ziga qaratadi. Hikoya qahramoni – Kristi Uilkoks. Har yilning kuz faslida uning ruhiy xastaligi xuruj qiladi. (Uning shunday dardga mubtalo ekanligini hikoya oxiridagina bilamiz.) O‘sha mahal u bor-yo‘q pulini cho‘ntagiga solib, ko‘cha-ko‘yga savdoyinamo bir alpozda chiqib ketadi. “Kechirasiz, Tommi Flinni ko‘rmadingizmi?” deb so‘rab yuradi uchragan kimsadan. Ko‘pchilik yigitning ahvolidan xabardor. “Tommini ko‘rgandik, u falon yerda o‘tiribdi” qabilida javob berib Kristini masxaralashadi. Ayrimlari uning cho‘ntagidagi pulga ko‘z olaytirishadi. Murod-maqsadi Tommini topish bo‘lgan Kristi bu yo‘lda borini ayamaydi. Hikoya davomida o‘quvchi o‘sha qidiruvdagi qahramon bir paytlar Kristini qutqargan olijanob yigit ekanligini payqaydi. Uning tezroq topilishini istab turadi. Biroq kutilgan natija ro‘y bermaydi. O‘quvchi hikoyaning so‘nggi sahifasida onaning politsiyachi bilan suhbatidan Kristi ruhiy xasta ekanligini anglaydi. Mutolaa jarayonida dardchil adib Stven Barstou Kristi Uilkoksga qo‘shilib Yorkshirda olijanoblik, mehr-oqibat, ruhiy poklik izlab yurganini his etamiz. Kristining do‘sti haqida, to‘g‘rirog‘i, mardlik, xaloskorlik haqida gap ketganda shoirona pafos bilan so‘zlashidan zavqlanamiz. Hikoya so‘ngida Kristi emas, aslida uni o‘rab turgan jamiyat ruhiy xasta ekanligiga ishonamiz.

Fozil Iskandar. Cho‘ltoqqo‘l (hikoya)

Rus tilida ijod qilgan bu mashhur abxaz yozuvchisini kim ham bilmaydi deysiz? Uning yengil yumor, hazil-mutoyibaga yo‘g‘rilgan, biroq cho‘ng dard va iztiroblar yuklangan asarlari butun dunyo bo‘ylab kezib yuribdi. Yurtimizda ham Fozil Isandar ijodidan ta’sirlangan adiblar ko‘p. Bu bejiz emas, albatta. Chunki Fozil Iskandar mahorati, noyob iste’dodi o‘quvchini beixtiyor o‘ziga tortadi. Jumladan, buyuk abxaz adibining “Cho‘ltoqqo‘l” hikoyasida unga xos jihatlar yakqol ko‘zga tashlanadi. Yozuvchining xuddi boshqa asarlarida bo‘lganidek, bu hikoyada ham mag‘rur, mard, tanti qahramonlar bilan uchrashasiz. Ularning turmush tarzidan, o‘zlariga xos dunyoqarashidan zavqlanasiz. Eng muhimi, ularni yaxshi ko‘rib qolasiz. “Cho‘ltoqqo‘l”ning bosh qahramoni – Mustafo, bir qo‘li mayib qariya. Uning hatti-harakatlariga, ong-shuuriga Kavkaz xalqlariga xos qadimiy urf-odatlar, an’analar singib ketgan. Mustafo or-nomus masalasini har nedan ortiq qo‘yadi. Inson hayoti, qadr-qimmati uning or-nomusi bilan o‘lchanadi deb hisoblaydi. Hikoya maroq bilan o‘qiladi. Uning so‘nggi satrlarini mutolaa qilarkansiz, shirinlikka to‘ymagan boladay yana tamshanib qolasiz.

Xayriddin Sultonov. “Yo, Jamshid!” (hikoya)

O‘tgan asrning 80-yillarida ilg‘or, namunali ishchi-dehqonlar, paxtakorlar hayotidan chuchmal asarlar ko‘paygandan ko‘payib, adabiy jamoatchilikni ancha bezdirib qo‘ygan edi. Xuddi shunday dilgir kunlarning birida, o‘zining qator ajoyib asarlari bilan ustozlar nazariga tushgan navqiron adib Xayriddin Sultonovning “Yo, Jamshid!” hikoyasi paydo bo‘ldi. Adabiy muhitda bamisli chaqmoq chaqnadi! Nima uchun? Chunki Xayriddin Sultonovning ushbu jajji asarida hali o‘zbek o‘quvchisiga xiyla notanish olam – qimorbozlar hayoti qalamga olingan edi. Hikoyada tasvirlar, ifoda shu qadar tiniq va jonliki, o‘yinda katta pul yutqazib qo‘ygan O‘rinboyning uyiga beixtiyor o‘zingiz ham kirib borganday bo‘lasiz. Asar qahramonlari, personajlari, har biri o‘z xarakteri, o‘z xatti-harakati bilan shundoqqina ko‘z oldingizda gavdalanadi. O‘rinboy qimorga boy bergan. Qarzni ertalabgacha to‘lashi kerak. Xonadonda vahimali sukunat. Qarindoshlar yig‘ilishdi. O‘sha qarz pulni to‘plab berish yuzasidan maslahat boshlangan. Hikoyani o‘qish davomida hayotda qimorga yutqazishdan ko‘ra qarindoshlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, samimiyat, bag‘rikenglik yo‘qolib borayotgani katta fojia ekanligini anglab boramiz. Negadir hikoya qahramoni O‘rinboyni yaxshi ko‘rib qolasiz. Unga xayrixohlik tuyg‘usi paydo bo‘ladi. Bu, ayniqsa, hikoyaning yakuniy satrlarida yana bir karra ko‘rinadi. “Yo, Jamshid, xalqim bahamjihat bo‘lsin! Yo, Jamshid, yigitlar yuzi yerga qaramasin!”  deb hayqirging keladi.

Erkin A’zam. Anoyining jaydari olmasi (hikoya)

Bu mo‘jaz asar behad zavq-shavq bilan o‘qiladi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam uslubiga xos istehzo, hazil-mutoyiba har bir satr ortidan sizga jilva qilib turadi. Hikoya qahramoni – Ramazon. U na Boysunga, na Toshkentga sig‘adi. Mangu yo‘lovchi. Bir paytlar o‘zi harbiy xizmatni o‘tagan Barnovul tomonlarga ketishga shay. Aslida Ramazon o‘zini, o‘zligini izlab yurgan yigit. Hatto o‘sha Barnovulda ham qo‘nim topa olmasligi kunday ravshan. Uning jaydari va chapani fe’li, samimiyati shahar chang-g‘uborlari ustiga qo‘ngan tong shudringi monand yoqimli. Ramazonning beg‘ubor olamini anglash uchun xuddi uning o‘zi kabi samimiy bo‘lish lozim. Hikoya personajalaridan biri Shodi garang: “Chantrimore! Kalimakatore!” deb hayqiradi. Yosh-yalang bu shiornamo so‘zlarni yodlab olgan. Bir-birlarini ko‘rganda Shodi garangga taqlidan qo‘l siltashib hayqirishadi: “Chantrimore! Kalimakatore!” Bu so‘zlarning ma’nosi nima? Biz “Anoyining jaydari olmasi”ni mutolaa qilish jarayonida ularning ma’nosini anglaganday bo‘lamiz: “Kel yonimga, inson! Och, bag‘ringni, inson!”. Aslida bu mangu chorlovdir. Bu chorlov o‘sha paytda ko‘ksiga har xil nishonlar taqqan faollar, jamoat arboblari tomonidan emas, xasta bir odam tomonidan tilga olinishi ham hikoyaning mazmundorligini, ta’sirchanligini yanada oshiradi. Hassos yozuvchining nozik ishoralarini anglab yuzimizda mahzun bir tabassum paydo bo‘ladi.

Ma’suma Ahmedova. Shaharga sayohat (hikoya)

Oddiy narsalarni murakkab qilib emas, balki o‘ta murakkab narsalarni ham oddiy qilib yozish san’atdir. Donishmandlar shunday deyishgan ekan. Bu fikrga qo‘shilmaslikning iloji yo‘q. Zero, bugun allaqanday mavhum atama, istilohlarning ortiga yashirinib olib adabiy jamoatchilikni chalg‘itishlar odatiy holga aylandi. Men atoqli adiba Ma’suma Ahmedovaning ijodini kuzatib, yuqorida qayd etganimiz donishmandlar hikmati nechog‘lik to‘g‘ri ekanligiga yana bir karra amin bo‘laman. Ma’suma opa asosan oddiy qishloq odamlarining hayotini qalamga oladi. Ularning og‘ir turmush sharoitini tasvirlar ekan, kamtarona umrguzaronlik qilayotgan kishilarning ma’naviy olami naqadar boy ekanligini yuksak pafoslarda ko‘rsatadi. Jumladan, “Shaharga sayohat” fikrimizning yakqol dalilidir. Hikoya qahramoni – oddiygina qishloq ayoli. U ko‘pdan beri shaharga tushish orzusida. Kelgusi hafta havo ochiq bo‘lib tursa, seni albatta shaharga olib boraman, deb eri va’da bergan. Bu mittigina asar bosh-adoq o‘sha orzumand ayolning kechinmalaridan iborat. Uning g‘oyat soddaligidan, ammo yuragi sevgiga, andishaga limmo-limligidan zavqlanamiz. “Shaharga sayohat” qishloq ayolining ahvolini, shu baroborida, yuksak ruhiyatini mohirona chizib bergan ajoyib hikoyadir. Ma’suma Ahmedova xuddi boshqa hikoyalaridagi kabi “Shaharga sayohat”da ham kichik janrning ulkan imkoniyatlarini, katta olamini ko‘rsatib bera olgan. Ba’zan yonimga yosh ijodkorlar kelib ijodiy saboqlar so‘rashadi. Men ularga ko‘pincha Ma’suma Ahmedova hikoyalarini o‘qib-o‘rganishni tavsiya qilaman. Chunki mahoratli adibamizning ijodi yosh qalamkashlar uchun maktab bo‘la olishiga ishonaman.

Zulfiya Qurolboy qizi. Tafakkur (hikoya)

Har kim ham o‘z xalqi, o‘z millati bilan maqtanadi, faxrlanadi. O‘zi mansub millatning yutuqlarini ko‘klarga ko‘tarib, kamchilik­larini yashirishga harakat qiladi. Ammo hayot biz bekitgan illatlarni ham ba’zan oshkor etib qo‘yadi. Aslida yutuqlar o‘zimizniki, cho‘ntakdagi naqdday gap, ko‘proq qusurlar haqida gapirib, ularni bartaraf etish haqida o‘ylash zarur. O‘zbek nasrining iste’dodli vakillaridan biri Zulfiya Qurolboy qizining “Tafakkur” hikoyasini har gal o‘qiganimda negadir xayolimdan shunday o‘ylar kechadi. Bu hikoya noyob qobiliyatli o‘spirinning qismati haqida. U shaxmatga qiziqadi va bu borada bir necha bor o‘z iqtidorini ko‘rsatadi. Ammo ota o‘g‘lining bunday “bekorchi” ish bilan mashg‘ul bo‘lishidan norizo. Uningcha, mol boqish, tomorqaga qarash chinakam erkaklarga xos. Ota o‘z johilligi tufayli o‘g‘lini shaxmatga muhabbatidan voz kechtirish uchun har xil shafqatsizlik­larga qo‘l uradi. Ammo niyatiga yetolmaydi. Shu barobarida, mavjud muhit, nodon rahbarlar ham o‘sha noyob qobiliyat egasini qo‘llab-quvvatlash o‘rniga uni mahv etishga bel bog‘laydi. Oxir-oqibat, mash’um reja g‘alaba qozonadi. Shaxmatsevar yigit bir umr nogiron bo‘lib qoladi. Biroq ajoyib kunlarning birida u yana shaxmatga qaytadi. Yigitning yana tafakkuri uyg‘onadi. Bu hikoya jaholat va ma’rifat, ziyo va zulmat o‘rtasidagi kurashga bag‘ishlangan asar. Zulfiya Qurolboy qizi insonlarni ogohlikka chorlaydi. Ezgulik, tafakkur hamisha g‘olib chiqishiga komil ishonch bilan qalam tebratadi. Ushbu hikoya har bir o‘quvchining ko‘nglida olam-olam zavq-shavq uyg‘otadi.

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 2-son