Hikoyaning sehrli dunyosi (Marhabo Qo‘chqorova tavsiya etadi)

Marhabo Qo‘chqorova, filologiya fanlari nomzodi. 1976 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ni tamomlagan. “Badiiy so‘z va ruhiyat manzaralari”, “O‘tmishdan ertaklar” tadqiqi” ilmiy monografiyalari muallifi.

Men bolaligimda yozuvchi bo‘lishni orzu qilardim. Mendan yozuvchi chiqmadi. Ammo tanlagan kasbimni sevaman. Badiiy matn ustida tadqiqotlar olib boraman. Ilmiy izlanish olib borayotgan kishi badiiy matnni his qila olmasa, uni ko‘ngildagidek, aniq va atroflicha, tayinli tahlil eta olmaydi. Adabiyotshunosga badiiy matnni his eta bilish qobiliyatidan tashqari katta bilim, tezkorlik, o‘ylaganlarini qog‘ozga tushira bilish salohiyati, kuchli iroda ham kerak. Prozani o‘qish, uni tahlil etish jonu dilim. Zamonaviy o‘zbek hikoyachiligi yuz yildan ziyod umrini yashab qo‘ydi. Albatta, bu janrning shakllanishi, taraqqiyotida ko‘pdan-ko‘p adiblarimizning adabiy-ijodiy tajribaliri to‘planib, bugungi qiyofaga ega bo‘ldi. O‘zbek hikoyachilik maktabini yaratgan namoyandalardan Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Shukur Xolmirzayev, shuningdek, Ahmad A’zam, Normurod Norqobilov, Shoyim Bo‘tayev, Sobir O‘nar, Isajon Sulton kabi yozuvchilarimizning o‘ziga xos ijodiy tajribalari bugungi yoshlarga ham katta saboq bo‘ladi. Hikoya prozaning eng kichik janri bo‘lgani bilan uning bag‘rida juda katta badiiy dunyo yashaydi. Hikoyaga har xil ta’rifu tavsiflar berilgan. Ammo har bir hikoyaning ta’rifi, Erkin A’zam ta’biri bilan aytganda, o‘zi bilan birga tug‘iladi. Shu ma’noda, men aziz mushtariylarimizga quyidagi hikoyalarni mutolaa etishni tavsiya qilar ekanman, ularning har biri alohida adabiy hodisa, alohida dunyosiga, qahramon va xarakterlariga ega nodir asarlar deya olaman. Bu sehrli dunyodan bahramand bo‘ling!

Abdulla Qahhor. “To‘yda aza” hikoyasi

O‘zbek adabiyotida hikoyachilik maktabini yaratgan Abdulla Qahhorning 1956 yili yozilgan “To‘yda aza” asari oradan roppa-rosa oltmish yil o‘tgan bo‘lsa-da, hamon yangiligicha turibdi. Eskirmaydigan hikoya. Leonid Lench: “O‘lim to‘g‘risida kulgili qilib yozish juda qiyin gap, bu faqat Chexovning, frantsuzlarning qo‘llaridan kelgan edi. Bizda buning uddasidan chiqadiganlar kam. Abdulla Qahhor esa, buning uddasidan chiqqan. Kichik hikoyada siyqaday tuyulgan voqea uning qalami tufayli hayotning barcha jonli ranglari bilan tovlanib ko‘rinadi”, degan edi. Bu hikoya haqida bundan ortiq baho, ajoyib ta’rif bo‘lmasa kerak. Haqiqatan ham “To‘yda aza” Leonid Lench aytganidek, “dramaturgning dadil qo‘li bilan” yozilgan. Hikoya qahramoni yoshi o‘tib qolgan dotsent Muxtorxon Mansurov yosh “xo‘rozqand”ga uylanib, hayotini kulgiga qo‘yadi. Domlaning butun umr to‘plagan obro‘-e’tibori bir kunda shamolga sovuriladi. Abdulla Qahhor uslubiga xos satira, karikatura tasvir, o‘tkir kinoya, tanqidiy ruh hikoyaning har bir satrida bo‘rtib turibdi. Yozuvchi qahramonining ayanchli taqdiri orqali kitobxonga saboq beradi. Hurmatli kitobxon! Mohir hikoyanavis Abdulla Qahhorning “To‘y”ida qanday aza ro‘y berganini bilmoqchimisiz?! Unda erinmasdan hikoyani o‘qib, fikrlang…

G‘afur G‘ulom. “Hiylayi shar’iy” hikoyasi

G‘afur G‘ulom zamondoshi Abdulla Qahhordan farqli ravishda zaharxanda kulgi turidan foydalanmaydi. Uning asarlarida yengil, quvnoq, ayyorona kulgi ko‘zga tashlanadi. Adibning 20-30-yillarda yaratilgan qator hikoyalari: “Elatiyada bir ov”, “Farzandi solih” va “Hiylayi shar’iy”da folklorga xos badiiy shartlilik vositalari bo‘rtib ko‘rinadi. Harholda, G‘. G‘ulomning shu yillarda yaratilgan hikoyalarida xalq og‘zaki ijodining fosh etish, sarguzashtlilik, satirik sahnalarni uyushtirish kabi shartlilik tabiati ustuvorlik qiladi. Qolaversa, adib ijodida xalq latifalari, askiya janrining ma’no nozikliklari zuhur topgan. Xususan, “Hiylayi shar’iy”da 20-30-yillardagi ba’zi ilmsiz din peshvolari va ularning qora ishlarini fosh etish uchun satira, xalqona nozik yumor, yengil, quvnoq kulgi ustunlik qiladi. Masalan, “Hiylayi shar’iy”da Mulla Dilkash va Mulla Abdulboqi Marg‘iloniy satirik kinoyaviy obraz, ular xotin ustiga yana xotin olishning yangi bir yo‘lini o‘ylab topishadi. Mulla Dilkash xatti-harakatlari kitobxonda yengil kulgi hosil etadi. Bu kulgi, ayni paytda asosiy badiiy shartlilik vositasi o‘laroq istifoda etilgan. Asar qahramonlari o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun qanday hiylalar qilganini bilishni istasangiz, G‘afur G‘ulomning “Hiylayi shar’iy” hikoyasini o‘qing…

Shukur Xolmirzayev. “Qariya” hikoyasi

O‘zbek hikoyachilik maktabining darg‘alaridan yana biri Shukur Xolmirzayevning “Qariya” hikoyasi 1975 yili yozilgan. Vaqtning o‘tishini qarang. Bu hikoyaning yaratilganiga ham roppa-rossa 42 yil bo‘libdi. Ammo hikoya hamon yosh va yangiday turibdi. Shukur Xolmirzayevning qahramonlari ko‘pincha oddiy odamlar bo‘ladi. Masalan, “Qariya”ning qahramoni Qo‘ziboy chol singari. Qo‘ziboy cholning kasbi-kori tayin emas, yolg‘iz va miskin odam. Ammo o‘lguday chayir, mehnatkash, halol odam. Bilmadim, gapim biroz kulgili tuyular. Qo‘ziboy chol ruhi mening ruhimga juda yaqin. Balki u – mendirman… Qiziq bir paradoks! Abdulla Qahhor qahramoni Muxtorxon domla o‘limni o‘ylamasdan, to‘satdan o‘lib qolgan bo‘lsa, Shukur Xolmirzayevning qahramoni o‘limga tayyorgarlik ko‘radi, lekin o‘lmaydi. Qo‘ziboy chol o‘limligi uchun yiqqan pulidan ayrilib qolsa-da, tushkunlikka tushmaydi. Betoblik va aldovdan so‘ng, shahd bilan supurgisini ko‘tarib, bozorga yo‘l oladi. Aynan shu nuqta kitobxonni ruhlantirib yuboradi. Jarchi, ravoch olib-sotar, cho‘g‘ tayyorlab beruvchi, farrosh kabi xilma-xil yumushlar bilan tirikchilik qilib yurgan miskin bir cholda bu qadar hayotsevarlik va kurashchanlikni ko‘rib, har safar hayratlanaman! Shuning uchun ham “Qo‘ziboy chol – menman!” deyishga jazm etdim. Adib ezgu niyat bilan ekkan nur qahramon tiynatida balqib turibdi. Odam qanday bo‘lishi kerak? Qo‘ziboy choldek bo‘labilish kerak, degan bo‘lar edim! “Qariya” hikoyasini o‘qib, albatta, Qo‘ziboy choldan hayotiy dars olishni tavsiya etaman.

Ahmad A’zam. “Oyning gardishi” hikoyasi

Ahmad A’zam asarlari o‘zining yoqimli badiiy uslubi, quyma, jonli tili, qishloq hayoti va odamlarinig ishonarli tasvirlari bilan meni doim maftun etadi. Adib hikoyalari orasida “Oyning gardishi” kompozitsion qurilmasi, favqulodda badiiy topilmasi bilan ajralib turadi. Fikrimcha, Ahmad A’zamning bu hikoyasi o‘zbek hikoyachiligining nodir namunasi. Hikoyani qayta-qayta o‘qiyman. Har safar hayratlanaveraman. Yozuvchining badiiy mahorati, sof realizm qo‘ynida ramziylik naqadar ustalik bilan berilganini ko‘rib quvonib ketaman. “Shunday asar yaratish mumkin ekan-ku!” – hayajon qalbimni chulg‘ab oladi. Hikoyada biografik detallar, qishloq tasviri, qorong‘ida eshak minib ketayotgan bolaning oy bilan muloqoti, bola o‘ylaridagi lirik kayfiyat, shuningdek, xalqona qarashlar, hissiy kechinmali mulohazalar yurak-yuragingizning ichiga chuqur o‘rnashadi. Nazarimda, eshak minib keta turib, bolaning oy bilan suhbati, uning ichki monologlari, turli mavzular haqida surgan o‘y-xayollari hikoyaning badiiy kompozitsiyasini tamomila yangilagan. Hikoyani o‘qirkansiz, tun qorong‘isida, eshak ustida, qabriston biqinidan o‘ta turib, bolaning qo‘rqinchlari-yu, oydek pokiza xayollari bilan baqamti yashaysiz. Nihoyatda tiniq, tabiiy, jonli tasvirlarga to‘liq hikoya bu! “Qo‘tonlangan oy” tasvrida badiiy shartli timsolni ko‘raman. Muallif “qo‘tonlangan oy” badiiy tasviri orqali aslida “qo‘ton ichiga qamalib qolgan o‘zbek millati” haqida yozmayaptimikan, deb o‘ylab qolasan kishi. Xullas, “Oyning gardishi” hikoyasi qayta-qayta o‘qishga, fikrlashga, zavqlanishga imkon beradigan go‘zal asar!

Normurod Norqobilov. “Qo‘shnilar” hikoyasi

Zamondosh adiblarimiz orasida hayvonot olamini nihoyatda tiniq, jonli tasvirlayotgan yozuvchilardan biri – iste’dodli adib Normurod Norqobilovdir. Binobarin, yozuvchining “Qo‘shnilar” hikoyasida ham odamlar va bo‘rilar haqida hikoya qilinadi. Hikoya qahramoni Ko‘kan tabiatning haqiqiy himoyachisi. Bo‘rilarni ovlashni maqsad qilgan jiyani Sog‘intoyning qabih niyatidan qo‘rqqan Ko‘kan bo‘rilarni o‘z inidan ko‘chishga majbur qiladi. Natijada, qo‘shnichilik buziladi. Ammo bu qo‘shnichilikning buzilishi bo‘rilarning hayotini saqlab qolishga qaratilgan. Umuman olganda, bo‘ridek yirtqich, yovvoyi jonzot haqida hamma ham jur’at qilib yoza olmaydi. Normurod Norqobilov bo‘rilar hayotini, xarakterini, yashash tarzini juda yaxshi biladi. Yozuvchi tabiat va hayvonlar hayotining teran kuzatuvchisi ekani “Qo‘shnilar”da juda tabiiy va ishonarli ko‘ringan. Go‘zal tabiat, hayvonot olami, inson va tabiatning sir-sinoatlari haqida o‘qishni istaysizmi? Marhamat, unda, albatta, adibning “Qo‘shnilar” hikoyasini o‘qishni unutmang!

Sobir O‘nar. “Farishta” hikoyasi

Sobir O‘nar o‘z dastxati va uslubiga ega yozuvchi. Adib bir qator qissa va hikoyalari bilan keng kitobxonlar mehrini qozongan. U asarlarida asosan qishloq odamlari va ularning xilma-xil xarakterini mahorat bilan chizadi. Xususan, yozuvchining “Farishta” hikoyasi noma’lum bo‘lib qolgan badiiy yechimi bilan diqqatimni o‘ziga tortdi. Hikoyada Eshboy sariqning qizi Mag‘firat yetim bola Tursunboyga turmushga chiqadi. Uch yildan so‘ng g‘oyib bo‘ladi. “Farishta”dek go‘zal “Mag‘firat qayga ketdi?”, “Nimaga g‘oyib bo‘lib qoldi?”, “Birontasi bilan qochib ketdimi?”, “Yoki Tursunboy uni o‘ldirib qo‘ydimi?” (aslida bunday bo‘lishi mumkin bo‘lmagan gap! Chunki, Tursunboy yumshoq tabiatli, kitobsevar, mulla bir odam) kabi har xil gaplar fikru o‘yingizni chulg‘ab oladi. Sobir O‘nar asarlarida o‘z juftidan ayrilgan qahramon ruhiyati, taqdiriga ko‘p bora murojaat qilinadi. “Farishta” hikoyasi Sharq adabiyotiga xos rivoyaviy, sokin uslubi bilan kitobxon e’tiborini o‘ziga jalb etadi. Va yana o‘sha eski gapni eslaymiz: “Adabiy asar javob emas, muqarrar savoldir”. Buni bilishni istasangiz, albatta, “Farishta”ni o‘qing, javobdan og‘ir savolga JAVOB izlaysiz.

Shoyim Bo‘tayev. “Otam nega jim?” hikoyasi

Shoyim Bo‘tayevning qator roman, qissa, hikoya va esselarida o‘ziga xos badiiy mahorati ko‘zga tashlanib turadi. Jumladan, “Otam nega jim?” hikoyasi nimagadir qalbimga o‘rnashib qolgan asarlardan biri. Uncha katta bo‘lmagan hikoyada ortiqcha tafsilot, illyustratsiya, keng voqelik ham yo‘q. Ikki xil xarakter juda tiniq va aniq yaratilgan. Xidir buva va Ota xarakteri. Tasvirda ko‘proq ikki urush ishtirokchisining suhbati beriladi. Asosan Xidir buva gapiradi, muallif-hikoyachining otasi esa eshitadi. Uzun qish kechasidagi gurunglar bola nigohi, bola hissiyotlari bilan baholanadi, hikoya qilinadi. Xidir buva urushda ko‘rgan-kechirganlarini mubolag‘a qilib oshirib-toshirib gapiradi. Hikoyachi bolaning tasavvurida Xidir buva juda ulug‘lashib ketadi, otasi esa uning “geroyliklari” oldida juda kichrayib qoladi. Hikoyada urushning ikki ishtirokchisi Xidir buva bilan Ota qarshilantiriladi. Bolalikda ulug‘vor bo‘lib ko‘ringan hissiyotlar vaqti kelib aldamchi hislar ekani hikoyachi tomonidan aniq e’tirof etilmagan bo‘lsa-da, hikoyadagi badiiy o‘zan o‘sha tarafga qarab burilib ketadi. Asl haqiqat oydinlashadi. Shoyim Bo‘tayev “Otam nega jim?” hikoyasida asl inson bilan soxta, iymonsiz odam obrazini juda mahorat bilan yaratgan. Yaxshisi, hikoyani o‘zingiz o‘qib xulosa chiqaring!

Isajon Sulton. “Shamolli kecha” hikoyasi

Isajon Sulton asarlariga xos yoqimli lirizm, Sharq adabiyotiga xos sokin bayon, xalq ertaklarining rivoyaviy uslubi, ba’zan esa mashhur jahon adiblarining asarlariga ergashish kabi ko‘pdan-ko‘p xususiyatlar mening diqqatimni tortadi. Jumladan, yozuvchining “Shamolli kecha” hikoyasini olaylik. Nazarimda, bu asarda xalq ertaklariga xos (o‘gay ona va o‘gay bolalar motivi) stilizatsiya ko‘zga tashlanadi. Hikoyani o‘qir ekansiz, shamolli kechada o‘gay onaning javrashlaridan qochib, buvinikiga yo‘l olgan aka-singilning hissiyotlarini rosmana his etasiz. Ular bilan qadam-baqadam to‘qayzordan, qo‘rqinchli tun qo‘ynidan buvining uyigacha yetib borasiz. Yarim yo‘lda orqada qolib ketgan singil uchun qayg‘urasiz. Buvi bilan qo‘shilishib, akani so‘kasiz. Odamzod doim ezgu niyat bilan yashaydi. Hikoya garchand akaning singilni topgan-topmagani noaniq xulosa bilan yakunlagan bo‘lsa-da, uning topilishini ich-ichimizdan istaymiz.
Yozuvchi hikoyada Farg‘onaning qator qishloqlari nomlarini sanaydi. Nazarimizda, hikoyada istifoda etilgan kuchli shamol nafaqat tabiat hodisasi, balki ramziy ma’noda jamiyatdagi turli taloto‘plar, g‘alayonlar, ruhiy zo‘riqishlarning ham timsoli deyishimiz mumkin. “Shamolli kecha”ni o‘qing-da, o‘zingiz bir xulosaga keling!

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 4-son