Abduqayum Yo‘ldosh tavsiya etgan kitoblar

…Ko‘p narsa qiyosda bilinadi. Deylik, tog‘ning naqadar ulug‘vorligini anglash uchun ma’lum masofadan turib qaraladi.

Keyingi paytlarda kasbimiz taqozosiga ko‘ra, ma’lum majburiyatlar yuzasidan ham ko‘plab qo‘lyozmalarni o‘qishga to‘g‘ri kelayapti. To‘g‘risi, ularni qo‘lyozma deb atashga ham til bormaydi: aksariyati oppoq, silliq qog‘ozlarda, ko‘zingni quvnatadigan darajada chiroyli shriftlarda printerdan chiqarilgan, hatto ayrimlari rangli muqovalaru suratlar ila bezatilgan… Tap-tayyor kitob deysan; shundoq ochasan-u, xatm qilib ketaverasan. O‘quvchi uchun bundan ortiq baxt bormi, bundan ortiq huzur bormi…

Taassufki, bu jarayon aksar hollarda biz o‘ylagan, tasavvur etganchalik silliq kechmaydi: matndagi dastlabki jumlalarni o‘qishing bilan qo‘l beixtiyor qalamga cho‘ziladi… Bir, ikki sahifadan so‘ng bu injiqlikdan charchaysan, behuda sovirilayotgan vaqtingga achinasan, ammo “Bir narsa chiqib qolar” degan ojizona umid-ilinj bilan mutolaani davom ettirasan; vaholanki, juda yaxshi bilib turasan: “…qo‘lga olish bilan jozibasiga tortib ketmaydigan adabiy asar yaxshi narsa bo‘lmaydi” (Abdulla Qahhor).

Shunday paytlari beixtiyor ko‘ngil o‘zing eng yaxshi, eng g‘aroyib deb hisoblagan kitoblar tomon talpinadi, ma’quli o‘shalarni, ta’bir joiz esa, vaqt o‘tgan sayin ta’mi-shirasi oshib borayotgan asarlarni yana bir marta shavq bilan o‘qish ekan-ku, degan istak yetovida kutubxonangga  oshiqasan. Kamina quyida mana shunday lahzalar qo‘limga oladigan kitoblaru elektron qo‘lyozmalarning ayrimlarini sanab o‘tadi.

Abdulla QAHHOR. “Haq so‘zning kuchi”.
Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. 1989 y.

…Yuqori sinflarda o‘qib yurgan kezlarim, jurnalda bir qissacham bosilib chiqdi-yu, o‘z-o‘zidan “maktab klassigi”ga aylandim-qoldim. Xatlar, sal lofi bilan aytganda, kuniga qoplab keladi deng. O‘zimcha “Yozish oppa-oson ish ekan-ku! Eh-he, men hali…”, deya g‘o‘ddayib ham qo‘yaman. Taqdirning inoyatini qarangki, xuddi shu mahallari qo‘limga Abdulla Qahhor asarlari olti jildligining oxirgi tomi tushib qoldi. Hamon esimda, muqovasi qora edi. Kitobni bir o‘qidim, ikki… Maqolalar, suhbatlar, xatlardan tashkil topgan kitob meni osmondan yerga tushirib qo‘ydi, adabiyot kosibchilik emas, o‘ta murakkab, mashaqqatli hunar ekanligini anglatdi. Men sharillatib yozib tashlayotgan ko‘p mashqlarim “Bo‘ri tishiga sera kislotasining ta’siri” qabilidagi dovdirash, to‘g‘rirog‘i “adabiy brak”  ekanligini, “yozuvchi o‘zi his qilmagan narsa to‘g‘risida yozsa, buni o‘qigan o‘quvchi ham hech narsani his qilmasligini” tushundim. Men “yozilgan narsani o‘chirish, kitobxonga zarur gaplarnigina qoldirish uchun iste’dodning o‘zi kifoya qilmasligini, insof ham kerakligini” anglab yetdim. Qarasam, yozganlarimda qoldirishdan ko‘ra o‘chirilishi kerak bo‘lgan joylari ko‘proq ekan…

Qisqasi, bu kitob men uchun o‘ziga xos adabiy kurs bo‘ldi. Kitobdan olingan uzun-uzun iqtiboslarni yon daftarimga ko‘chirib charchamasdim. Oltinchi jild uzoq yillar yostig‘im ostida saqlanadigan kitob bo‘ldi. Shunga qaramasdan, rosa targ‘ib-tashviq etganimdan so‘ng qiziqib qolib, uni olib ketgan bir havaskor tanishim qaytarish muddati kelganida “yo‘qotib qo‘ydim” deb bahona qilganida rosa kuyganman…

Nihoyat 1989 yili Abdulla Qahhorning maqola va suhbatlari besh jild­lik “Asarlar”ning beshinchi jildida chop etildi. Shundan buyon bu kitobni yonimdan qo‘ymayman.

O‘ylab qarasam, Qahhor qalamga olmagan mavzuning o‘zi qolmaganday. Kuni kecha “Yoshlik”chilar “O‘zingiz yoqtiradigan asarlar haqida bir nima yozib bering”, deb qolishganida, men beixtiyor ulug‘ adibimizning “Yaxshi jurnalning qulog‘i xalq ko‘ksida bo‘lishi kerak” degan maqolasini esladim. Yodingizdadir: “Jurnalning endigi vazifalari adabiyotimiz oldida turgan umumiy vazifalardan kelib chiqadi. Adabiyotimiz oldida turgan vazifalar esa hamon xalq hayotini bo‘yamasdan, buzmasdan ko‘rsatish, yaxshi hayot kechirish uchun kurashda xalqqa chin ko‘ngildan yordam berish bo‘lib qoladi”. Hayratlanmay bo‘ladimi: xuddi shu bugun aytilayotganday tuyuladigan bu haroratli so‘zlar 1958 yili qog‘ozga tushgan.

O‘zingiz ayting, bunday kitobni qayta-qayta o‘qimay bo‘ladimi…

“Haqiqat manzaralari. 96 mumtoz faylasuf”.
Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2011 yil

Shap-shap deguncha shaftoli deb qo‘yaqolgan ma’qul. Biz hamisha mulohazalarimizni soddaroq, hammabop­roq, ta’sirchanroq, mazmunliroq, iloji bo‘lsa, quyma fikrlarda ifodalashga urinamiz. Bunaqa paytlari bizga donish ahlining asrlar sinovidan o‘tgan hikmatlari ko‘makka keladi.

“Qalb ko‘zi” gazetasida e’lon qilinayotgan mumtoz faylasuflarning hayoti haqidagi maqolalarni, aforizmlarini imkon darajasida to‘plab borayotgandim. Buni qarangki, ularning hammasi jamlanib, kitob holida chop etilib qoldi.

Miletlik Falesdan (miloddan avvalgi 625–547 yillar) yunon faylasufi Aflotungacha (miloddan avallagi 428–347 yillar), xitoylik Men-tszidan (miloddan avvalgi 372–289 yillar) buyuk vatandoshimiz Abu Ali ibn Sinogacha, nishopurlik Umar Xayyomdan farangistonlik Fransua de Laroshfukogacha, ingliz Jon Lokkdan olmon Immanuil Kantgacha, farang Shamfordan rus Rozanovgacha buyuk mutafakkirlarning eng mashhur, sermazmun, mohiyati chuqur hikmatlari kitobdan o‘rin olgan.

Donishmandlik, tafakkur hech qachon eskirmaydi. Qarang, bir tomonda hazrat Sulaymon “Ertangi kun bilan maqtanma, chunki u nimalarni taqdim etishini bilmaysan”, deb turibdi. Ikkinchi tomonda esa pirenalik Biant “Baxtsizlikka dosh berolmaydigan odam baxtsizdir”, deb uqtirmoqda. Lao Szi sharqona odob ila “Bilguvchi so‘zlamaydi, so‘zlaguvchi bilmaydi”, desa, Demokrit “Nafaqat yovni yengganlar, balki o‘z nafsi ustidan hukmronlik qila olganlar ham marddirlar”, deya unga jo‘r bo‘layotganday… Tap-tayyor hayotiy shiorlar-da..

Xullas, dunyo tafakkur xazinasining birgina qismini o‘zida jamlagan bu to‘plam sahifalarini chizib belgilab, qayta-qayta o‘qishga, uqishga arziydigan kitobdir.

Bahodir YO‘LDOShEV. Suhbatlar, maqolalar, esdaliklar.
“San’at” jurnali nashriyoti. Toshkent, 2015 yil.

Teatrni yaxshi ko‘raman. Mahmudxo‘ja Behbudiy bobomiz “ibratxona” deb atagan teatrni. Yanglishmasam, Belinskiy ham “Teatrga choping, teatr ostonasida vafot eting”, deb yozgan.

Ibratxonaga ehtirom va ma’lum tayyorgarlik bilan kiriladi. Ibratxonadan qalbga bog‘liq nedir taassurot olib chiqmaslik esa, Hazratning mashhur ta’biri ila aytganda, hammomdan nopok chiqmoqday gap.

Teatrni yaxshi ko‘raman. Teatrga borish haqiqiy bayramga aylanishini, zalga hayajon va ehtirom bilan qadam qo‘yishni, sahnadagi qahramonning dardi mening dardimga aylanishini, u bilan qo‘shilishib kulishni, yig‘lashni istayman.

Shukrki, yurtimizda shunday teatr, shunday asarlarni sahnaga olib chiqadigan rejissyor bor. Bilaman, bu sohada bilimim kamroq, lekin men bu teatrni, unda o‘ynayotgan aktyorlarni, rejissyorni tushunishga harakat qilaman. Bu kitob menga ana shu ishimda qo‘l keladi.

“Rejissyorlik teatri hali vujudga kelganicha yo‘q…”, “Teatr – mening insofim, diyonatim, imonim…”, “Hamlet – mening do‘stim. Men har tong uning yodi bilan uyg‘onaman, u bilan birga dunyodan nafratlanaman va u bilan birga shu dunyoni sevaman…”,  “Yuzdan ortiq spektakl qo‘yganman… Lekin shundan to‘rt-beshtasigina mening asarlarim. Bular – “Qaroqchilar”, “Ro‘yxatlarda yo‘q”, “Bo‘ronlarda bordek halovat”, “Qora kamar”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”…”, “Tekislikdan ko‘ra tog‘da yurish osonroq. Odatda, yo‘l yurilganda, u agar tekis, ravon bo‘lsa, odam uxlab qolishi mumkin…”, “Odamga qancha erkinlik bermang, o‘zi istamasa, yo‘lini topmasa, u hech qachon ozod bo‘lolmaydi…”, “Men o‘ylaymanki, o‘zbeklarning birinchi dramaturgi – Navoiy. Alisher Navoiyning har bitta she’ridan spektakl yaratsa bo‘ladi. Yaxshi yetuk, chiroyli spektakl yoki film yaratsa bo‘ladi…”, “Teatrlarimiz o‘z tomoshabinining saviyasidan ham orqada qoldi. U tomoshabin talablariga javob berish darajasida emas…”, “Bugun kasbini tirikchilik o‘tkazish vositasiga aylantirgan aktyorga qanday qilib Robiya, Shayx San’on yoki boshqa ulug‘ insonlarning rolini ishonib topshirish mumkin…”, “Asl teatr tarbiya ko‘rgan, o‘qimishli, san’atni tushunib qadrlaydiganlar uchun muhimroq…”, “Armon bitta – yaxshi spektakl qo‘yish…”, “Xiyonatlar ichida eng og‘iri kasbga qilingan xiyonat deb bilaman…”, “Haqiqiy inson isyon bilan yashaydi. Lekin bu isyon birinchi navbatda odamning o‘ziga qaratilgan, o‘ziga qarshi bo‘ladi…”, “Aktyorning o‘zi kam dunyoda…”, “Eng yomoni kitob chiqarishga ko‘p intilish…”, “Nima uchun sahna balandroqda joylashgan? Faqat tomoshabinning yaxshi ko‘rishi uchun emas, balki bu – sahnadagi aktyor saviyasi, dunyoqarashi balandroq bo‘lishining ramziy belgisi. O‘shandagina u yetakchilik qila oladi…”.  Bular hammasi Bahodir Yo‘ldoshevning aytganlari.  Men bu fikrlarni qayta-qayta o‘qiyman, yana teatrni, sahna ijodkorlarini tushunishga harakat qilaman. Balki bu qo‘limdan kelmas. Nima qipti? Bahodir aka aytganiday, “Premera kuni spektakl… o‘ladi”. Demak, repetitsiya jarayoni muhim. Kamina uchun esa teatrni anglashga urinish jarayoni ahamiyatliroqdek…

Yohgann Volfgang GYoTE. Faust.
“Yangi asr avlodi”, Toshkent, 2015 yil.

Dunyoning eng sirli tilsimoti bo‘lgan Inson qalbi uchun kurash bu qadar mahorat bilan aks ettirilgan asar jahon adabiyoti durdonalari ichida ham kam topilsa kerak. “Faust” bir qaraganda ezgulik va yovuzlik, adolat va qabohat, oq va qora ranglarning o‘zaro kurashi inshosidek taassurot qoldiradi. Ammo sahifadan sahifaga o‘tgan sayin qahramonlarning murakkab taqdiri, fe’l-atvori, borliqqa, dunyoga munosabati, keng ko‘lamli ziddiyatlar sizni o‘ziga maftun eta boradi. Hattoki “…hargiz yomonlik tilab – Yaxshilik qilguvchi kuchning bir qismi” bo‘lgan Mefistofel ham qop-qora bo‘lib emas, ranglar taloshida ko‘rina boshlaydi. Uning yoddan chiqmas pichinglari-chi. Deylik: “Ajabo, parvoz qilmoqchi bo‘lasan-u, boshing aylanib qolishidan qo‘rqasan…”

Muhabbat asirasi Margarita-chi? O‘z oshig‘iga yetish niyatida onasiga uyqu dori berib o‘ldirgan, akasi Valentinning bevosita qotiliga aylangan, o‘zi dunyoga keltirgan farzandini suvga otgan bu sho‘rlik juvon eng shafqatsiz jazolarga mustahiq! Ammo u hayotining so‘nggi onlarida tavba qiladi va… kechiriladi…

Asarning bunday qalbingizni larzaga soladigan ko‘pdan-ko‘p o‘rinlarini qayta-qayta o‘qiyverasiz, o‘qiyverasiz…

Yodimda, “Faust” ilk bor nashr etilgan yillari bir samarqandlik matematik akamiz dostondan uzun-uzun she’rlarni yoddan o‘qib, hammamizni hayron qoldirgandi. Keyinroq o‘ylab ko‘rsam, buning sababi Gyote qahramonlarining – tarjimon mahorati sababli, albatta – sof o‘zbekcha gapirayotgani ekan. O‘zi­ngiz mana bunday o‘zbekona misralarga e’tibor bering: “Jilvaning umridur bir lahza faqat, Avlodlarga qolur haqiqiy san’at”.  Yoki: “Gap ko‘p bo‘laversin, fikr shart emas. Xaloyiqni hang-mang qilolsangiz bas”. Yoki:  “Sizga nur kerakmi – mana chiroqlar, Qancha kerak bo‘lsa ayamang, yoqing”. Yoxud mana bu jumlalar tagiga bugungi kunimizning shoiri ham jon-jon deb imzo qo‘ygan bo‘lardi deb o‘ylayman: “Inson tabiati uyquga moyil…”, “Chinakam iqtidor yo‘q bo‘lgan joyda Peshona teridan qanchalik, foyda?!”

Mana bu misralar-chi:

Goh ilhom zabt etsa ko‘ngillar kunjin
Ucharmiz chulg‘anib moviy tumanga.
Lekin yelkamizga osilgan xurjun
Darhol olib tushar bizni tubanga.

Albatta, “Faust”dek murakkab asarni o‘zim qanday tushunishga urinishim haqida uzoq gapirishim mumkin. Ammo bunday jo‘n mulohazalarga vaqt sarflagandan ko‘ra asarning o‘zini o‘qib qo‘ya qolgan ma’qulroq-ov…

Bertold Brext. “Galiley hayoti”. Pesa

Avvaliga bu dramaning Tagankadagi teatrda 1966 yili qo‘yilgan sahna ko‘rinishini tomosha qildim. Bosh rolni Vladimir Visotskiy ijro etgan ekan. Tomoshadan keyin matn bilan shoshmasdan tanishish istagi tug‘ilgandi, baxtimga asar internetda bor ekan.

Darvoqe, 1956 yilgi Germaniya premerasidan so‘ng artistlar hayajonga tushgan tomoshabinlar talabiga ko‘ra sahnaga oltmish marta(!) ta’zimga chiqqani, olmon tanqidchilari esa “Spektakl nemis teatrida burilish yasadi”, deb yozganidan boxabar edim, albatta.

Yaxshi asar barcha zamonlar uchun dolzarb ahamiyat kasb etishi oddiy aksiomaga aylanib ulgurgan haqiqat. Biz bunday voqelikni mazkur pesa qismatida ham ko‘ramiz.

Yozuvchilar bashoratgo‘y bo‘lishadi. Muhojirlikda, Daniyada 1938-1939 yillari qog‘ozga tushgan bu asar tez orada… atom fizikasi bilan bog‘liq ravishda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Pesada tarixiy faktlarga suyanilgan: XVII asrda Italiyada yashagan Galileo Galiley kardinal-inkivizitor talabiga ko‘ra, to‘g‘rirog‘i, qiynoq asboblari namoyish etilganidan so‘ng o‘z ilmiy qarashlaridan voz kechadi. Biroq olim tadqiqotlarini yashirincha davom ettiraveradi: “U baribir aylanaveradi!” Nihoyat 28 yillik izlanishlar natijasi bo‘lgan qo‘lyozmasini mamlakatdan yashirincha olib chiqib ketishni shogirdidan iltimos qiladi.

Ayrim mutaxassislar yozuvchi bu asari bilan tamaddunning texnotsentrik rivojlanishini yoqlamoqda, degan xulosaga kelishdi. Tez orada atom bombasining yaratilishi, hatto uning insoniyatga qarshi qo‘llanilishi bu fikrni tasdiqlagandek bo‘ldi. Biroq boshqa mutaxassislar ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida Galiley tutgan ayyorona yo‘lni ma’qullashdi.

Bu munozaralardan qat’i nazar, asar, eng avvalo, badiiy jihatlari, obrazlarning pishiq-puxtaligi bilan e’tiborni tortadi. Bir misol. Ustozidan hafsalasi pir bo‘lgan shogird Andrea g‘azab bilan: “O‘z qahramonlari yo‘q mamlakat baxtsizdir!” deydi. Bu e’tirozga Galiley xotirjamlik bilan, donishmandlarcha javob qaytaradi: “Yo‘q! Qahramonlarga ehtiyoji bor mamlakat baxtsizdir!”.

Umuman, pesada Brextga xos topqirlik, fikrni to‘laqonli asoslab berish iste’dodi yarq etib qo‘zga tashlanib turadi. Qahramonlarning mana bu gaplariga e’tibor bering: “To‘siqlar ko‘payganida ikki nuqta orasidagi eng yaqin masofa egri chiziq ham bo‘lishi mumkin…”, “Hamma narsaga ham zo‘rlik bilan erishib bo‘lmaydi. Zo‘rlik mutloq hukmdor kuch emas…”, “Haqiqatni bilmaslik ahmoqlik, xolos. Biroq uni bila turib, yolg‘on deganlar jinoyatchilardir…”, “Hadeb faqat qirg‘oq bo‘yidagina cho‘milavermasdan, qachondir ochiq dengizga ham chiqish kerak…”, Va nihoyat butun asardan “qizil ip” bo‘lib o‘tgan g‘oya: “Mushohada yuritmoq bu – insoniyatga ato etilgan eng buyuk ne’matlardan biridir!”

Ha, bunday asar ustida har qancha mushohada yuritsangiz arziydi…

Fyodor Mixaylovich Dostoyevs­kiy. “Aka-uka Karamazovlar”.

Kundaligimga yozib qo‘ygan ekanman:

“Bu romanni o‘qish og‘ir.

Biroq o‘qimaslik ham mumkin emas.

Har gal tez tugab qolganiga afsuslangan ko‘yi kitobning so‘nggi sahifasini yoparkanman, mana shu asarni Inson bolasi yozganiga ishongim kelmaydi…”

Afsuski, kichkina bir maqolachaga katta romandan olingan katta taassurotlarni hattoki muxtasar tarzda ham joylab bo‘lmaydi.

Men o‘zim  romanning ikkinchi qismidagi “Buyuk inkvizitor” bobini qayta-qayta o‘qiyman. Bobda ezgulik va yovuzlik, yaratguvchi va yo‘q qilguvchi, oq va qora kuch o‘rtasida bahs ketadi. Nazarimda, romanning eng yuksak, insonning ong-shuuri, aqli bovar qilmas yuksaklikdagi cho‘qqisi mana shu muloqotda aks etgan.

“Buyuk inkvizitor”ni o‘qib chiqib, uning ta’sirida yurgan chog‘larim beixtiyor insoniyat tarixidagi eng yovuz, eng qonxo‘r diktatorlar, monarxlar, podsholar, imperatorlar, qirollar xuddi to‘qson yoshli mutaassib kardinal kabi fikr yuritgandek tuyulaverdi. Zero, ularning hech biri “O‘zim uchun qon to‘kayapman” yoxud “Ermak uchun ming-minglab odamlarni o‘ldirayapman”, demaydi, balki o‘z yovuzligini soxta shiorlar ortiga yashiradi. Eng yomoni – aksar hollarda ular o‘zlarining gaplariga ishonadilar ham. Ishonch aralashgan johillik esa vahshiylik tug‘diradi.

Dostoyevskiy dahosi bu hodisotni qanchalar teran anglagan, qanchalar chuqur tushungan va shunchalar shafqatsizlik hamda qat’iyat bilan kitob sahifalariga ko‘chirgan.

Nahot oshqozon dardi, bir burda non qayg‘usi bani bashar minglab yillar davomida amal qilib kelgan insoniy munosabatlarni xazondek supurib tashlay oladi?

Bu-ku davlat miqyosidagi “Buyuk inkvizitor”lik edi. Bu hol kichikroq miqyosda, alohida olingan hududda, deylik, biror jamoada yoinki oilada qay shaklda paydo bo‘lishi mumkin? “Oila” yoki “Jamoa manfaatlari”ni o‘ziga bayroq qilib ko‘tarib olgan “Buyuk inkvizitor” qanday vositalarni ishga solgan bo‘lardi?.. Jamiyatda “Buyuk inkvizitor”likka qarshi kuch qanday shakllanadi? Olomon ongi, tafakkuri qay yo‘sinda o‘zgaradi? Bu jarayon tadrijiy ravishda ro‘y beradimi yoki inqilobiy tarzda?

Savollar, savollar…

Bittagina bobi shuncha o‘y-mulohaza tug‘dirgan yirik roman haqida uzoq gapirish mumkin…

Nikolay Vasilevich GOGOL. Qadimgi zamon pomeshchiklari.

Rosti, qissa mazmunini birovga gapirib berishgayam qiynalasiz. Ha, ana, Malorossiyaning olis bir xutorida oshini oshagan, yoshini yashagan chol-kampir umrlarining so‘nggi yillarini o‘tkazishmoqda. Ha, ana, ular bir-birlariga o‘larday mehribon. Ayniqsa, kampir choliga.

Ha, ana, Afanasiy Ivanovich Tovstogub biroz xo‘ra, ovqat yeyishni xush ko‘radi. Pulxeriya Ivanovna Tovstogubixa esa o‘ta sodda, hatto aytish mumkinki, sal laqmaroqday.

Biroq… asarni o‘qiy boshlaysiz va, ishonchim komilki, to so‘nggi nuqtasiga qadar bosh ko‘tarolmaysiz. Bu favqulodda go‘zal qissa…

Hamisha bir-biriga “siz”lab murojaat qiladigan, farzandsiz, uzun kun-tunlarini to‘kin dasturxon boshida o‘tkazayotgan, kelgan mehmondan aylanib-o‘rgiladigan chol-kampir.

Baraka mehrdan tug‘iladi, deganlari rost shekilli. Chol-kapir istiqomat qilayotgan qo‘rg‘on ham to‘kin-sochinlikning timsoliga aylanadi go‘yo: omborlar donga to‘lgan, tovuqlar sanoqsiz tuxum qilgan, o‘rmon gullab-yashnagan, xullas, hamma yoq “sen je, men je”.

Biroq kutilmaganda kampir xastalanib, vafot etadi. Oradan qisqagina fursat o‘tar-o‘tmas esa qo‘rg‘on tanazzulga yuz tutadi: chorva qarovsiz, yeguliklar o‘g‘irlangan, ombor huvillab yotibdi… Yozuvchi bu vayronagarchilikni ko‘rib hayratga tushadi. Abgor ahvolda qolgan bemor qariyaning vasiyati esa “Meni Pulxeriya Ivanovnaning yoniga qo‘ying” bo‘ladi…

Yozuvchining sehrli tili mo‘jizalar yaratadi. Bir holatning o‘zini o‘qish asnosida yig‘lay turib kulish va, aksincha, kulib turib yig‘lash mumkinligiga aynan shu asar mutolaasida yana bir bor iqror bo‘lasiz. Bizga shunday sehrli asar qoldirgan Gogol dahosiga sharaflar bo‘lsin!..

Isajon SULTON. Bog‘i Eram. Qissa va hikoyalar.
“Sharq” NMAK, Toshkent, 2015 yil.

Isajon balo. Qo‘lidan ko‘p narsa keladi. So‘zlarni zo‘riqmasdan, did bilan, bitta-bittalab terib chiqadiki, o‘qiy turib aqlingiz shoshadi. Buyam kamday, sizni tamomila mag‘lub etmoq qasdidami, muallifi sizga kamtarona jilmayib qarab turganday tuyuladigan asarlarni ich-ichidan yoritib turgan yog‘dular taloshi ko‘rinadi; bular iqtidor, mahorat, samimiyat va, shubhasiz,  ulkan dard hosilalaridir… Bunga ishonch hosil qilish uchun shu kitobni o‘qib chiqish kifoya.

To‘plamda kamina alohida ishtiyoq va iztirob bilan qayta-qayta o‘qiydigan bir hikoya bor. Bu “Ota qasidasi”.

Hikoyada bir qarashda oddiygina voqea qalamga olinadi. Kechki payt. Yomg‘ir shivalab yog‘ib turibdi. Chiroqlar yog‘dusida tovlanayotgan restoran eshigida ikki “baquvvat darbon” turibdi.

Yomg‘irda “anchayin ivigan”, “do‘ppi kiygan” bir kishi shu darbonlar yoniga kelib, ichkariga kirib, yuz-qo‘limni yuvib chiqsam maylimi, deb so‘raydi.

Tabiiyki, tajribali, o‘z ishining ustalari bo‘lgan darbonlar bir qarashdayoq bu “yupungina odam”ning restoran mijozi emasligini “aniq-ravshan” anglab olishadi va “qosh chimirib, bosh chayqashadi”.

Qarang, shundan keyin ham “u odam ikkilanib biroz turdi. Keyin, yomg‘ir tomchilayotgan qizil yo‘lakdan qaddini bukkancha” ketdi. Shu bilan hikoya tugaydi go‘yo.

O‘ylanib qolasiz. Nega “u odam” rad javobini olganidan keyin ham “ikkilanib biroz turdi”; nega shosha-pisha qayrilib ketavermadi; illo, sal e’tiroz bildirguday bo‘lsa, bu shafqatsiz “baquvvat darbonlar” uning qo‘llarini qayirgancha, katta yo‘lga dikonglatib sudrab olib chiqib tashlashlari, hatto bir qop paxtaday irg‘itib yuborishlari ayon-ku? Yo bir-ikki so‘m choychaqa bermoqchi bo‘ldimikin? E, yo‘q, “yupungina odam”ning har chaqasi hisobda bo‘ladi, inchunun, u pulini ayab ishlatadi, tejab ishlatadi. Yo‘qsa, nechun u “qizil yo‘lakdan qaddini bukkancha” ketdi? Bir la’nati badrafxonani undan qizg‘anganlardan ranjidimi? Dili ozor chekdimi? Qimmatbaho liboslarda, qimmat arobada kelganida mana shu odamtan darbonlar eshik tavaqalarini keng ochib, hattoki egilib, ta’zim ham qilib turishlarini o‘ylab ezildimi?..

Shunday bo‘lgani ehtimolga yaqinroq. Illo zar yoqali darbonlar mensimagan, hattoki ijirg‘anib qaragan bu zot hazrati Inson edi, Ota edi! (Axir, hammamizning yodimizda bor: “Inson yoningda-ku, u mening qo‘shnim…” Abdulla Oripov)

Bu onasiga buyuk muhabbat, ehtiromlar ila “Sen bo‘lmasayding, men hech kim edim”, deydigan, “aqli to‘lishgach, onasining oyoqlarini yuvib, ko‘ngli tusagan narsalarni olib kelib, og‘ziga ovqat tutib yonida o‘tirgan” Inson edi.

Bu o‘z volidasiga “Meni deb Xudodan ham qo‘rqmasmiding, ona?.. Arzimagan sifatlarimga suyunib, men bilan maqtanishingni ham bilmasmidim? Bo‘y-bastimga qarab suyunganlaring-chi?.. O‘zing yemay menga yedirganlaring, ichmay menga ichirganlaring, axir, o‘zing bir tishlamgina yesang bo‘lmasmidi, onam?..” deb turgan Farzand edi.

Bu “Hayotning olatasirlarida ozorlansam, rayhonlar isi anqigan, gullar ochilgan, suvlar sepilgan hovlimga kirishim bilan bari esimdan chiqib ketar, yosh oilaning malikasi jilmayib kutib olar edi…” deb turgan Er edi.

Bu “Bu yorug‘ olamda shuncha yil yashasam-da, qanchalar ajoyib mo‘jiza ekaningga mahliyo esam, nima qilay?.. Jujuqligingda seni “oy qizim” deb suygan bo‘lsam, keyinroq “ona qizim” deb suyar bo‘ldim…” deb turgan Ota edi.

Bu shundoq Inson edi…

Insonning “ko‘nglini buzdilar”, endi kim uning “xotirini shod” aylagay? Kim?.. Sizmi, menmi, umi?..

Ne tongki, bu savolning javobi hikoyada bor. Keling, jimgina o‘qiylik, jimgina uqaylik: “Endi sizu bizning qilar ishimiz – eshik og‘zida turgan, muhtasham otelning muhtasham kiyimli malaylariga mana shu gaplarni yetkazib qo‘yishdan iborat, xolos.

Yana, agar ko‘chada kiyimlari xiyla uringan, o‘z xayollari og‘ushida ketib borayotgan, sochlari barvaqt oqargan o‘rta yashar bir kishini ko‘rib qolsangiz, Yaratgan Egamdan nigohingizga teranlik, qalbingizga tiniqlik so‘rab iltijo qiling!

Axir, u – Otadir!”

Knut Hamsun. Esselar

Norvegiya yozuvchisi, Nobel mukofoti  laureati Knut Hamsun (1859–1952 yillar) qahramonlarini Dostoyevskiy qahramonlariga o‘xshatishadi. Bilmadim, balki adashayotgandirman, ammo “Misteriyalar”, “Pan”, “Glanning o‘limi”, “Ishq gadolari” asarlarida bu o‘xshashlik uncha ko‘zga chalinmaganday tuyuldi.

Biroq yozuvchining esselari boshqa gap. “G‘ayri shuuriy ruhiy hayot haqida”, “Sekinroq shoshil”, “Psioxologik adabiyot” deb nomlangan badialarni o‘qib, yuqoridagi fikr haqiqatligiga ishonch hosil qildim.

“Odamlar Tangrini unutib qo‘yishdi. Qudratli dollar uning o‘rnini bosolmaydi. Texnik ixtirolar esa ruhiy ehtiyojlarni qondirolmaydi. Natija – boshi berk ko‘cha”, deya shafqatsizlik bilan yozadi Hamsun “Sekinroq shoshil” essesida. Xuddi shu badiadagi “Sharq xalqlarini favqulodda axloqiy donishmandlik ajratib turadi”, deya e’tirof etishi yozuvchi mashriq adabiyoti bilan yaqindan tanish bo‘lganligini ko‘rsatadi.

Adib badiasida “Taraqqiyot o‘zi nima?” degan savolni o‘rtaga tashlaydi va unga o‘zi javob qaytaradi: “Taraqqiyot inson tanasiga osoyishtalik, ko‘ngliga esa xotirjamlik ato etishdir. Taraqqiyot xalq farovonligidir”.

“Odamlar o‘zgardimi, bu adabiyotda ham aks etishi kerak”, deydi Hamsun “Psioxologik adabiyot” badiasida.

Endi esselardan birida qalamga olingan, tasvirning Dostoyevskiyga xosligi (dostoyevskiychilik xastaligi) bilan ham o‘quvchini larzaga soladigan bir voqea xususida.

…Tong. Yozuvchi qalamkash do‘sti bilan ko‘cha aylanmoqda. Ular yozuvchining uyiga qo‘shni hovlida besh-olti yoshli bolakay bobosini ot qilib minayotganini ko‘rib qolishadi. Bolakayning qo‘lida qamchi, “ot”ni ayamay savalaydi. Charchoqdan oyoq-qo‘li qaltirayotgan bobo esa o‘ziga azob berishayotganidan mamnunday…

Gamsunning do‘sti xitob qiladi:

– O, naqadar baxtiyor keksalik!

Yozuvchi unga e’tiroz bildiradi:

– Aslida bu qiynalayotganidan baxtiyor chol. U mening qo‘shnim. Qizining qo‘lida, yarim och holida yashaydi. Yegani – qattiq non. Bugun tongda u qizi o‘zining o‘g‘li, ya’ni manavi bolakay  uchun yashirib qo‘ygan pishloqni o‘g‘irlab yedi… Mana endi vijdon azobini sal bosish uchun o‘zini qiynoqlarga mahkum etmoqda…

Ulug‘ yozuvchi mana shu xususiy hodisadan umumiy xulosa chiqaradi: “Bu qariya inson mehrining tajassumiga aylangan tip ham, xarakter ham emas; muayyan vaziyatda o‘ziga xosligi, qalb holati aks etgan individ. Uning butun vujudi ruhiy zo‘riqishda… Demak, nevarasi bilan o‘ynayotgan cholni ko‘rganim zahoti uni ko‘ngilchan g‘amxo‘rga chiqararkanman, gap uning qalbidagi emas, mening qalbimdagi sodda bolakay haqida ketayotgan bo‘ladi…”

Balki shu sabablidir, Hamsun umumiy tiplar yaratayotgan yozuvchilar asarlariga ishonqiramay qaraydi, ularning qahramonlarini bir rakursda, tor aspektda yaratilgan obrazlar deb hisoblaydi. Vaholanki, aynan o‘sha qahramonlarda ham qalamga olinmagan, yoritilmagan o‘zgacha fe’l-atvorlar bo‘lishi aniq. Shu sababli “tipik” qahramonlar yozuvchini sira qanoatlantirmaydi (qarang-a, sotsialistik realizmning go‘ri o‘sha paytlariyoq qazib qo‘yilgan ekan).

Shu yo‘sinda mulohaza yuritayotgan yozuvchi g‘aroyib xulosaga keladi: “Psixolog (demak, yozuvchi) o‘z personaji qalbini yoritishi va so‘roqqa tutishi lozim”. Hamsun bir umr mana shu aqidaga amal qilib yashadi. Uning asarlarining, qahramonlarining umri boqiyligi sababi ham shunda bo‘lsa kerak…

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 1-son