Buyuk hakim Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” asarida ko‘plab xastaliklarni davolashda qo‘llanadigan malhamlarni tayyorlashda ular tarkibiga zanjabil qo‘shish lozim, deb yozgan. Zanjabilsimonlar oilasiga mansub bu ko‘p yillik o‘simlikning vatani Janubiy Osiyo bo‘lib, hozir Xitoy va Hindiston, Indoneziya va Avstraliya, G‘arbiy Afrika, shuningdek, Yamayka va Barbados orollaridagi tropik va subtropik hududlarda o‘stiriladi. Zanjabil ilmiy tilda singabera deb atalib, sanskritchada “shoxli ildiz” degan ma’noni anglatadi va “universal dori vositasi“ sifatida keng qo‘llanadi.
Zanjabil Yevropaga o‘rta asrlarda savdogarlar tomonidan olib kelingan hamda undan ziravor va dori-darmon sifatida foydalanilgan. Xususan, o‘latning oldini olishda asosiy dori vositasi hisoblangan. Zanjabilning quruq ildizi dorivor bo‘lib, tarkibida 1,5 dan 3 foizgacha efir yog‘lari, 70 foizgacha organik birikmalar, shuningdek, kamfen, tsineol, bisabolen, borneol, tsitral, linalool moddalari, S, V1, V2 darmondorilari, aminokislotalar mavjud.
Ko‘pincha tuyilgan holda ishlatiladigan zanjabil ildizi qo‘ng‘irsimon-sariq unga o‘xshaydi. U kvas va asalga qo‘shiladi, kulchalar, qandolat mahsulotlari tayyorlashda ham foydalaniladi. Osiyo mamlakatlarida ziravorlarga va ayrim choy navlariga qo‘shiladi, go‘shtni shamollatishda sepiladi.
Marinadlangan zanjabil ildizi taomlar ta’mini yaxshilaydi. Shuningdek, alohida taom sifatida ham iste’mol qilinadi. Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida yangi zanjabildan murabbo tayyorlashadi. Xitoy, Hindixitoy, Birma va Angliyada zanjabil murabbosiga apelsin po‘sti qo‘shilsa, Hindistonda turli un navlariga aralashtiriladi. Angliya, Avstraliya va AQShda undan pivo, spirtsiz salqin ichimliklar tayyorlanadi. Yevropa va Amerikada zanjabil go‘shtli taomlarga qayla o‘rnida hamda sabzavot va mevalarni marinadlashda ishlatiladi. Go‘sht dimlanganda go‘sht xushbo‘y bo‘ladi va mayinligini saqlaydi.
Zanjabil oftobda quritiladi. Tozalanmagan qoramtir zanjabilning hidi va ta’mi o‘tkir bo‘ladi. Ko‘pincha u quritib tuyilgan holda taomlarga qo‘shiladi. Xamirga qorilganda yoki qorib bo‘lingach qo‘shiladi. Go‘shtni dimlaganda taom tayyor bo‘lishidan 20, sharbat, kisel, pudinglarga 2-5 daqiqa avval, sous-qaylalarga esa olovdan olingandan so‘ng qo‘shiladi. Bir kilogramm xamir yoki bir kilogramm go‘shtga bir gramm zanjabil solish kifoya.
Zanjabil ildizi dorixonalarga tozalangan va yarim tozalangan holda chiqariladi. U og‘iz bo‘shlig‘i va tomoq yallig‘langanda yaxshi muolaja bo‘ladi. Damlamasi va kukuni dengiz kasalligiga, oshqozon yarasiga davodir. Ishtahani ochadi, taomlar hazmini yaxshilaydi. Aterosklerozda, yog‘lar va xolesterin almashinuvi buzilganda, qon tomirlar holatini me’yorga soladi. Zanjabil ildizi sharbati asosida tayyorlangan murabbolar ham shu maqsadda qo‘l keladi. “Zanjabilli choy” asal va limon bilan birga shamollash xastaliklarida tez-tez qo‘llanadi. Bosh og‘rig‘ida, yelkada og‘riqlar paydo bo‘lganda, surunkali bod xastaligida undan kompress qilinadi.
Zanjabil va kalgan ekstraktlari qo‘shilgan “Zinaksin“ preparati turli artrit xastaliklariga shifo bo‘ladi. Zanjabildan olinadigan efir moylari esa xushbo‘y hidlar muolajasi (aromaterapiya)da keng qo‘llanadi. U asab va ruhiy zo‘riqishlar, tayanch-harakat a’zolari xastaliklari, shamollash va virusli kasalliklarni davolashda yaxshi muolaja hisoblanadi. Issiq ingalyatsiyalar, vannalar, badanga surtish, uqalash va iste’mol qilish zarur bo‘lganda ham uning efir moylaridan foydalaniladi. Barcha ne’matlar kabi zanjabil ham me’yordan ortiq iste’mol qilinsa, ko‘ngilni aynitishi, ichni surishi, allergik reaktsiyalarga olib kelishi mumkin.
Xitoy pazandaligida zanjabil sirkasi va shakarlangan zanjabil ko‘p qo‘llaniladi. Xitoyliklar shakarlangan zanjabilni tushki ovqatdan so‘ng uyqu bosishning oldini olish uchun iste’mol qiladilar. Yaponlar esa dasturxonga marinadlangan zanjabilni guruch va baliq bilan birga qo‘yadilar. Buning boisi zanjabil ildizi sarimsoq kabi o‘tkir ta’mli bo‘lsa-da, u tozalovchi xushbo‘y hidga ega. Foydali jihatlari, xususan, immunitetni oshirishi, mikroblarga qiron keltirishi bilan ham sarimsoqqa o‘xshab ketadi. Uning tarkibidagi aminokislotalar va efir moylari nihoyatda noyobdir. U ko‘pgina parhez taomlarga ham ishlatiladi: qora qorag‘atga qo‘shib choy damlanadi, ba’zan sariyog‘da qovurilib, taomlarga ziravor sifatida ham qo‘shiladi. Yangi sog‘ilgan sutga qirg‘ichdan o‘tkazilgan zanjabil qo‘shib ichilsa, yo‘talda yaxshi muolaja bo‘ladi. Qorinda og‘riq turganda marjon va zanjabil dimlamasi ichilsa naf beradi, bir bo‘lak zanjabil tomoqdagi anginaga, tish og‘rig‘iga ham shifo bo‘ladi. U taomlar hazmini me’yorga soladi, organizmni zaharli moddalardan tozalaydi. Buning uchun qirg‘ichdan chiqarilgan zanjabilni limon sharbati va ozgina tuz qo‘shib, ertalab nonushtaga qadar iste’mol qilish kerak. Zanjabilning qo‘llanish doirasi shu qadar kengki, shu bois uni haqiqiy mo‘jizaviy dori, deb atashadi. Mashinada bosh aylanganda bir bo‘lak zanjabil ildizini chaynash kifoya. “Zanjabilli choy”i esa ko‘pgina shamollash xastaliklaridan xalos etadi. Bunday choyni tayyorlash usuli quyidagicha: qirg‘ichdan yangi chiqarilgan uch choy qoshiq zanjabil ildizi 100 ml. suv yoki sutga solinib, qopqog‘i zich yopilgan emalli idishda past olovda 10 daqiqa qaynatiladi. So‘ng 5-10 daqiqa dimlab qo‘yiladi hamda asal va limon qo‘shib issig‘ida ichiladi. Maydalab kesilgan yoki nafis bo‘laklangan zanjabil ildizini choynakka solib, ustidan qaynab turgan suv quyiladi va bir oz damlanadi. So‘ngra limon va asal qo‘shib ichilsa, juda xushta’m bo‘lishdan tashqari, nihoyatda foydali hamdir. Xitoyliklar esa, zanjabilning fazilatlarini benihoya qadrlashadi va har kuni uni qand kabi choyga qo‘shib ichishadi. Ehtimol, sharqona donolik va tibetcha umrzoqlikning omili shundadir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 22-sonidan olindi.