Ular tuyaning qanday yaratilganiga nazar solmaydilarmi? (“G‘oshiya” surasi, 17-oyat)
1. Tuya hayvonot olami tarixida eng eski hayvon turlaridan biridir. Evolyutsiyachilar nazariyasiga ko‘ra, tuya ham dinozavrlar bilan birga yo‘q bo‘lib ketishi kerak edi, lekin hech bir tabiat hodisasi uni yo‘q qilib yuborolmagan.
2. Tuya faqat tsellyuloza (cho‘l va dashtlarda dag‘al o‘t va xashaklar, yantoq, saksovul) bilan oziqlanib, vitaminlarni va hayot uchun kerakli barcha kimyoviy moddalarning ko‘pini ishlab chiqaruvchi va shu tariqa hayotini davom ettiruvchi birdan-bir hayvondir.
3. Tuya bir necha ming yillardan hozirga qadar odamzotga tashuvchilik xizmatini qilayotgan yagona jonivordir. O‘rta Osiyo hududida bundan 100 yil avval ham tuyalar pochtasi mavjud bo‘lgan.
4. Tuyalar o‘z vaznining yarmiga teng — 250-300 kg yukni ko‘tara oladi, vazniga nisbatan 10-12% og‘irlikdagi yukni tortish kuchiga ega. Soatiga o‘rtacha 4 km tezlikda, kuniga 35-40 km masofani bosib o‘tadi. Agar ustida yuki bo‘lmasa, to‘xtovsiz 100 kilometr yo‘l bosa oladi.
5. Tuya bir ichishda 200 litrga yaqin suv ichadi. Sho‘r suvni ham ichaveradi. 100 litr suvni 10 daqiqada ichib tugatadi. Tuya bir haftagacha yemay, 34 kungacha suv ichmasdan yurishi mumkin. Suv bor joyni 50-60 kilometr uzoqlikdan his etadi.
6. Tuya suti tarkibida kaltsiy, magniy, temir, fosfor, C, D vitaminlari, foydali mineral va mikroelementlar ko‘p bo‘lib, u sigir sutidan bir necha karra foydaliroq. Tuya suti – parhez mahsulot. Unda yog‘ va shakar miqdori sigirnikidan ancha kam. Tuya suti sutemizuvchilar ichida inson sutiga eng yaqinidir.
7. Tuyaning tana harorati tunda, sahro soviganda +34°C gacha pasayadi. Kunduzi 41°C darajagacha ko‘tariladi. Bu bois tevarak-atrofdagi havo harorati o‘zgarganda tuya deyarli terlamaydi va suv yo‘qotilishining oldi olinadi. Tuya juni quyoshda 70-80 gradusgacha qizisa-da, uning tana harorati 40 gradusda bo‘ladi.
8. Tuyaning o‘rkachida suv emas, yog‘ saqlanadi. O‘rkach tuya uchun ozuqa zaxirasi hisoblanadi. Tuya o‘rkachi qattiq ozuqani yeyishni boshlaganidan keyin paydo bo‘ladi, shuning uchun bo‘taloqlarning o‘rkachi bo‘lmaydi.
9. Tuyalar suvni o‘rkachlardagi yog‘lardan oladi, 100 gramm yog‘ning oksidlanishidan 107 gramm suv hosil bo‘ladi. O‘rkachdagi yog‘ haddan ziyod issiq havoda tana haroratini me’yorda ushlab turadi.
10. Tuya gavdasining yerga tegib turadigan qismlarida, ko‘kragi, tirsagi va tizzasida qadoqli tuzilmalar bor. Shu tufayli issiq (70°C gacha qizigan) yerda ham yota oladi.
11. Tuyaning ko‘zi favqulodda ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lib, 3-4 kilometrdan tahdidlarni aniqlay oladi. Uchta ko‘z qovog‘i, ikki qator uzun kipriklar ko‘zga qum kirishining oldini oladi. Qalin qoshlar, zich va qalin sochlar ko‘z va boshni quyosh nurlaridan himoya qilishga yordam beradi.
12. Tuyalar burniga qum kirib ketishining oldini olish uchun burun teshiklari ochilib-yopiladi.
13. Tuyaning ikkita labi bo‘ladi, ular mustaqil ravishda harakatlanib, tikanli cho‘l butalarini zararsiz yeya oladi.
14. Tuyaning quloqlari o‘tkir eshitish qobiliyatiga ega. Quloqlar ichkaridan va tashqaridan tuk bilan qoplangan bo‘lib, qumdan himoyalangan. Chang bo‘ronlari paytida tuyalar quloqlarini aylantira oladi.
15. Tuyaning tuyoqlari uzun bo‘lib, ularni qumga bir tekis taqsimlaydi va cho‘kib ketmaydi. Tuya otlar kabi oldinga va orqagagina emas, to‘rt tomondagi odam yo hayvonni tepa oladi. Tuyoqlaridagi elastiklik darajasi yuqori.
16. Tuyalar nafaqat issiq haroratli mintaqalarda, juda past haroratli joylarda ham yashay oladi. Ularda qishda sovuqqa bardoshli uzun va qalin himoya junlari o‘sadi, yoz oylarida esa to‘kiladi.
17. Urg‘ochi tuyalarning homiladorlik davri 12 oydan 14 oygacha. Tuyalarning egiz tug‘ish holati deyarli kuzatilmagan. Yangi tug‘ilgan bo‘taloqning vazni 34 kilogrammgacha bo‘ladi. U tug‘ilgandan yarim soat o‘tiboq yurishni boshlaydi.
18. Tuya — dunyoda eng qaysar jonivor. Agar u yotib dam olishni xohlasa, uni o‘rnidan qo‘zg‘atish juda qiyin. Uning jahlini chiqarsangiz, tuflab tashlaydi. U juda aniq tuflaydi va tupugi juda sassiq bo‘ladi. Chunki u oddiy so‘lak emas, naq oshqozondan otilib chiqadi.
19. Tuya dengiz yoki daryoda suza oladi.
20. Tuya arabchada “jamal” — “go‘zallik” ma’nosini bildiradi. Bu so‘z avval yunonlarga “kamēlos” shaklida o‘tib, undan inglizlarga “camel” tarzida o‘tgan.