Qadimgi yunonlardan qolgan bir naql bor: “Qul emas erkin, varvar emas ellinlik, ayol emas erkak bo‘lib tug‘ilganimga taqdirdan minnadorman”. Hozirgi davrda bu muammolarni muhokama qilish, qaysidir omillarni oqlash va qoralash muhim bo‘lmasligi tabiiy, chunki dunyoning ko‘plab mamlakatlarining qonunchiligi, shu jumladan, O‘zbekistondagi qonunchilik ham ayollarning erkaklar bilan teng huquqliligini ta’minlaydi. Bugungi kunda jamiyatning deyarli barcha sohasida ayollarning o‘z imkoniyatlarini amalga oshirishlariga yetarli sharoitlar yaratilgan, yaratilib berilmoqda. Kishilarning tafakkur tarzida ham o‘zgarishlar sezilmoqda…
Ayollar muammosini puflab shishirish hozirgi paytda behuda vaqt o‘tkazishdek bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo masalaning biroz nozik tomoni ham yo‘q emas: jamiyatda ayollarning muayyan ijtimoiy guruh sifatida erkaklar bilan teng huquqqa ega bo‘lganligiga nari borsa yuz yil bo‘ldi, xolos. Bugun ayollar ega bo‘lgan maqom, sharoit o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmadi, albatta. Shu sabab ham unga qanday qilib, nimalar evaziga erishilganini, qanchalik uzoq tarixiy yo‘l bosilganini bilish, o‘rganish o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan deb o‘ylaymiz.
“Olamda tartib, yorug‘lik va erkakni yaratgan ezgu ibtido hamda zulmat, xaos va ayolni yaratgan yovuz ibtido mavjud”, deydi Pifagor. Yana bir faylasuf Ksinafont esa “Ayolga ishonish o‘g‘riga ishonishday gap”, deya ta’kidlaydi. Izlab topaman desangiz, tarixda bunga o‘xshash gaplar talaygina. Insoniyat tomonidan o‘rnatilgan ta’limotlar, axloqiy qoidalar hatto dinlar ham ayol kishini ojiza, erkakning qaramog‘iga muhtoj mavjudot yoki “reproduktiv mashina” sifatida ko‘rsatadi.
Tarixchilar bizga jamiyat rivojlanishining ilk bosqichida kishilik jamoasi matriarxat, ya’ni ona urug‘i ustun bo‘lgan davrda yashagan, deya uqtiradi. Ammo insoniyatning bugungi kungacha yetib kelgan qadriyatlari, me’yorlari, axloqiy qoidalari keyinchalik erkaklar mutlaqo ustunlikka erishgan paytlarda o‘rnatilgani bois, biz u davrdagi hayot tarzi haqida qat’iy bir xulosa chiqara olmaymiz.
Chindan ham, insoniyatning deyarli barcha miflari, ertaklari, qonunlari, dinlari, ta’limotlari erkaklar hukmron bo‘lgan davrlarda yaratildi. Oqibatda ayollarning erkaklar hayotida tutgan o‘rni ikki yoqlama ma’no kasb eta boshladi. U ayni paytda talon-taroj qilish, sotib olish mumkin bo‘lgan o‘lja, mol-mulk; ayni paytda esa naslni davom ettiruvchi turmush o‘rtoq, ona. Diniy manbalarga ko‘ra, Momo Havo ayni paytda Odam Ato uchun yaratilgan ayol, lekin aynan uning aybi bilan odam bolalari mashaqqatga mahkum. Qadimgi yunon miflariga ko‘ra, ma’budlar odamlardan qasd olish uchun ularga aynan ayol qiyofasidagi ofat – Pandorani yuboradilar.
“Muqaddas Manu qonunlari” ayollarni cho‘rilikda tutish lozimligini aytadi, “Bibliya”, “Injil” va “Qur’on”da ayollarning erlariga mutlaqo itoat etishlari uqtiriladi. “Salon qonunlarida” ayollar huquqiga deyarli o‘rin yo‘q, Rim kodekslari esa uning homiylarga mute’ligini mustahkamlarkan, ilova sifatida ayollarning aqliy va jismoniy noqisligini ro‘kach qilib ko‘rsatadi.
Kunduz tunsiz, nur zulmatsiz, ezgulik yovuzliksiz mavjud bo‘la olmaganidek, erkaklarning ham turli talab-ehtiyojlari, avlodlar davomiyligi ayollarsiz amalga oshmaydi. Shu bois ayollarni ijtimoiy hayotga jalb qilish ularning xojalari, ya’ni erkaklar talabidan kelib chiqqan holda o‘rnatiladi. “Muqaddas Manu qonunlari”da ayolning mangu osoyish topishi, ya’ni jannatga kirishi faqatgina xojasining roziligi bilangina belgilanadi. Islom dinida esa ayollarning maqtalgan sifatlari Xudodan qo‘rqish va eriga itoat qilish bilan ko‘rsatiladi. Xristianlik jismoniy lazzatlarga bo‘lgan nafratiga qaramay, ayollardagi bokiralik va itoatkorlik kabi fazilatlarni ulug‘laydi.
Turgan gapki, ayollarni qoralaydigan jamiki sifatlar erkaklarga bo‘ysunmaslik, itoatsizlik bilan bog‘lanadi. Birgina Ksantippa obrazining bu qadar dovruq qozonganligi ham ana shunda.
Agar bugungi kun nigohi bilan qarasak, biroz noqulay bo‘lsa ham, savol tug‘iladi: uzoq tarixdan to shu kungacha erkaklar ayollar haqida mulohazayu muhokamalar qilishgan, tog‘-tog‘ kitoblar yozishgan ekan, xo‘sh, ayollar-chi, ular erkaklar hakida nima deydi? Jilla qursa, o‘zlari haqida biror gap aytganmi? Javob oddiy: to XVIII–XX asrgacha arzigulik hech gap yo‘q. Zotan, mashhur yozuvchi, faylasuf Simona de Bovuar xonim aytganidek, “Ayollar haqidagi hamma tarixni erkaklar yaratgan”.
Bu ma’noda Simona de Bovuarning “Ikkinchi jins” asari chinakam shuhrat qozondi. Asar esse shaklida bo‘lib, unda ayollar hakidagi mashhur mulohazalar, qarashlar, ta’limotlar tahlil etiladi. Insoniyat tarixi go‘yo ikki qutbning o‘zaro kurashi sifatida ko‘rsatiladi. Muallif erkaklarning uzoq tarix davomida mutloq hukmron jins bo‘lganligini fiziologik, psixologik, ijtimoiy dalillar bilan asoslaydi.
“Tarixchilar qadimgi madaniyatlarga oid ma’budalarning haykallari hamda Ishtar, Isida, Geo haqidagi miflarga tayanib ayollarning mavqeyi ustun bo‘lgan oltin davr to‘g‘risida yozadilar. Ammo bu afsonadan bo‘lak narsa emas, chunki ushbu ma’budalarning kultlari faqat hosildorlik bilangina bog‘liq. Ular erkaklar hosil oladigan yer, “reproduktiv ona” va ayol timsoli bo‘lganlar, xolos. Ayollar erkaklarga teng inson sifatida baholanmagan”.
De Bovuar muammoning sabablarini bunday izohlaydi:
“Onalik mavqeyi baland bo‘lgan ilk dehqonchilik davrida ham ayollar yetakchilikni qo‘lga ololmadi, chunki farzand tug‘ish, uni tarbiyalash faoliyat emas, tabiiy jarayon edi. Ro‘zg‘or va onalik majburiyati doimiy bir xil ishni takror bajarishga ixtisoslashtirdi. Bu ish asrlar o‘tsa ham, o‘zgarishsiz takrorlanaverdi. Oqibatda esa ayollar arzigulik yangilik yaratmadi, yarata olmadi. Erkaklarning yo‘rig‘i boshqa edi: jamoani oziq-ovqat bilan ta’minlash xuddi asalarilarnikidek shunchaki tabiiy jarayon bo‘lmadi, u ayni paytda trantsendentlikni, ya’ni o‘z mohiyatini ifodalash faoliyati ham edi. Homo faber asrlar o‘tib kashfiyotchiga aylandi. U omoch ixtiro qildi, daryolarga to‘g‘on qurdi, kurashdi, jang qildi, dunyoga hukmron bo‘ldi. U har qanday maqsadini tom ma’noda erkin, mavjud inson bo‘lib amalga oshirdi. U hayotni saqlab qolishga intilib, oqibatda yaratuvchiga aylandi, u bugunni emas, kelajakni bunyod qildi: ovchilik, baliqchilik muqaddaslashtirildi, jangchi qahramonlar sharafiga shon-shuhrat yog‘ildi. Sirasini aytganda, erkaklar asl insonlik ta’mini totishdi. Ular bugun ham osmono‘par binolar qurib, atom reaktorlarini kashf etarkan, ana shu g‘ururni tuyadilar. Ayollarning ulkan fojiasi shundaki, ular erkaklar bilan birga yovvoyi hayvonlar bilan kurashmadilar, dushman bilan jang qilmadilar, dunyo yaratmadilar. Ayollarning reproduktivligi yaratuvchanlik emas, shunchaki nasl qoldirish bo‘ldi. Agar inson hayvonlar kabi faqat jonini saqlab qolishnigina istaganda edi, u hayotini xavfga qo‘yuvchilarni bu qadar ulug‘lamagan bo‘lardi”.
Bu nafaqat Simona de Bovuarning alamli e’tiroflari, balki klassik feminizm vakillarining ham so‘zlaridir. Sababi “Ikkinchi jins” asarining chop etilishi g‘arb olamidagi ayollarning dunyoqarashini o‘zgartirib yubordi.
Darhaqiqat, XX asr ayollar uchun tom ma’noda hodisalar asri bo‘ldi. Turli qonli inqiloblar, jahon urushlariga qaramay, ular ijtimoiy-siyosiy hayotda erkaklar bilan tenglik huquqiga ega bo‘ldilar. Bu tenglik har ikkala jins hayotida yangidan-yangi muammolarni keltirib chiqargani chin, biroq u yangidan-yangi imkoniyatlarni berganligi ham haqiqatdir.
Ming yillar davomida erkaklar belgilab bergan maqomga qaramay, bugun ayollarning o‘z-o‘zini anglashi, tom ma’noda har qanday streotip va yorliqlardan mustaqil hayotda o‘z o‘rnini o‘zi belgilash jarayoni asta-sekinlik bilan o‘zgarmoqda. Bu jarayon jamiyatda ustuvor bo‘lgan ba’zi qadriyatlarning o‘zgarishini, almashinishini, hech bo‘lmaganda ularning qayta baholanishini talab qiladi, albatta. Ammo masala shundaki, ushbu evrilishlarni axloqiy normalarning inqirozi sifatida emas, balki ijtimoiy zarurat o‘rnida baholash maqsadga muvofiq. Misol uchun, bundan deyarli yuz yil oldin ayollarning ijtimoiy hayotdagi o‘rnini bugungi kun bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Yaxshimi, yomonmi bugun biz qabul qilayotgan qadriyatlar, axloq standartlari yuqorida aytilgan o‘zgarishlar va ijtimoiy zaruratlar sabab yuzaga keldi. Bas, shunday ekan, Simona de Bouar ta’biri bilan aytganda, zamonlar o‘tgani sayin ayollar haqidagi tasavvurlar o‘zgarib boraveradi.
Tabiiyki, biz bugun uzoq kelajakdagi XXII–XXIII asrlar haqida tasavvur qila olmaymiz, kim bilsin, ehtimol, u davrlarga kelib nafaqat ayolga, balki umuman inson mohiyatiga nisbatan qarashlar mazmun va shakl jihatdan mutloq o‘zgarib ketar. Biroq, nima bo‘lganda ham, insoniyatning tafakkur taraqqiyoti davomida ayollar o‘z tarixlarini o‘zlari yaratishlarining tarafdorimiz.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 5-son