Ona sayyoramizni asraylik

XXI asrning katta muammolardan biri bu – atrof-muhitning ifloslanishi hamda iqlim isishi bilan bog‘liq holda ekologiyaning global tarzda buzilishidir. Ekologik inqiroz davomiyligi va talofat ko‘lamiga ko‘ra turli xil ko‘rinishda yuz beradi. Ayrimlari bir necha kun ichidayoq sodir bo‘lib, tezkor talofatlarni keltirib chiqarsa, ba’zilarining yuzaga chiqishi uchun millionlab yil kerak bo‘ladi. Shuningdek, ekologik inqiroz biror hudud doirasida yoxud global miqyosda bo‘lishi mumkin.

O‘tmishdagi muzliklar, suvliklar davri va ular o‘rnini egallagan yangi iqlim sharoitlari hamda ular olib kelgan o‘zgarishlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, mazkur davrlarda flora va fauna olamining ayrim turlari qirilib, o‘rnini yangi navlar egallaganini ko‘rishimiz mumkin. Hozirga qadar inson zotining Yer yuzida yashab qolishiga jiddiy tahdid soluvchi ekologik inqiroz yuz bermagan bo‘lsa-da, lekin bugunning eng katta global muammosiga aylangan iqlim isishi hamda u keltirib chiqargan va chiqarayotgan asoratlar bu holga jiddiy qarashni taqazo etadi.

Biz bugungi maqolamizda ayni shu global muammo atrofida fikr yuritmoqchimiz.

Muammoning bosh sababi

Atrof-muhit ifloslanishi, natijada iqlimning global tarzda isishiga asosiy sabab tabiiy yoqilg‘i zahiralarining katta hajmda iste’mol qilinishidir. Zamonaviy dunyoda insoniyat «ishtahasi ochilib borgani» sari neft, ko‘mir, gaz kabi yoqilg‘ilar iste’moliga bo‘lgan talab ham oshib bormoqda hamda ular ko‘r-ko‘rona va tartibsiz ravishda o‘zlashtirilib, atrof-muhitga katta ziyon yetkazilayapti.

Avvalo, mazkur yerosti zahiralaridan bo‘shab qolgan konlar mutlaqo yaroqsiz va sog‘liq uchun zararli chiqindi yerlarga aylanib qolishi bilan atrof-muhit uchun xavflidir. Yoqilg‘ilardan foydalanish oqibatida atmosferaga chiqayotgan issiqxona gazlari yetkazayotgan zarar ko‘lami esa undan ham katta. Zavodlardan ko‘kka o‘rlayotgan zaharli tutunlarning aniq hisobini bilish imkonsiz. Kuniga millionlab tonna chiqindilar esa oqava suvlarga qo‘shilib, suv havzasi hayvonot olami uchun ham ulkan ofat manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Ochiq hududlarga tashlanayotgan chiqindilar esa katta-katta yerlarda axlat uyumlarini hosil qilayapti. Bularning barchasi dunyo ob-havosining me’yordagi darajadan ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda.

Asoratlar bo‘y ko‘rsata boshladi

Global iqlim isishi asoratlari allaqachon o‘zini namoyon qilishga ulgurdi. To‘fonlar, bo‘ronlar hamda qurg‘oqchilik ofatlarining tez-tez uchrayotgani ayni iqlim isishi oqibatida yuzaga kelayotir. O‘tgan asrning ikkinchi yarmida sanoati rivojlangan mamlakatlarda issiqxona gazlarining katta miqdorda va betartib tarzda atmosferaga chiqarilishi ozon qavatining teshilishiga olib keldi. Natijada Quyoshning inson uchun zararli bo‘lgan nurlari mazkur teshikdan o‘tib, insoniyat uchun xavfni yuzaga keltirdi. Jahon hamjamiyati bundan jiddiy tashvishga tushib, issiqxona gazlari miqdorini kamaytirish uchun lozim bo‘lgan chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligini anglab yetdi hamda bu borada qilingan amaliy ishlar natijasida mavjud xavfni ma’lum darajada jilovlashga muvaffaq bo‘lindi.

Iqlim isishi abadiy muzliklar diyori bo‘lgan Arktikaga ham yetib bordi. Bu yerdagi ulkan muzliklarning erishi ummonlardagi suv sathining ko‘tarilishiga sabab bo‘lyapti. Ayni holat okean qirg‘oqlarida qad rostlagan shaharlar uchun xavf tug‘dirmoqda.

Atrof-muhit ifloslanishi bilan bog‘liq yana bir muammo bu toza ichimlik suvining tanqisligidir.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda dunyoning kamida 1 mlrd. aholisi toza ichimlik suvi ichish imkoniyatiga ega emas. 1990 yildan beri toza ichimlik suvini iste’mol qiluvchilar soni 1,6 mlrd. kishiga oshgan bo‘lsa-da, lekin bu ne’matga tashnalar soni hanuz yuqoriligicha qolmoqda.

O‘tgan asrda suvga nisbatan bo‘lgan talabning oshishi aholi o‘sishiga nisbatan ikki barobar yuqori bo‘ldi. Hali dunyoda suvsizlik muammosi ochiq ko‘zga tashlanmagan bo‘lsa-da, lekin Yer yuzi aholisining 2,8 milliardi yoki boshqacha qilib aytganda, jami yer yuzi aholisining 40 foizi suv tanqis bo‘lgan hududlarda yashaydi. Ayni holat esa mavjud suv resurslaridan tejab-tergab foydalanishni taqozo etadi.

Toza ichimlik suvi borasidagi muammolarga, asosan, Afrika qit’asida yashovchi insonlar ko‘proq duch kelmoqda. Bu mintaqa suv resurslarining hududlar o‘rtasidagi taqsimotida jiddiy nomutanosiblik bor. Masalan, Shimoliy Afrikada aholining 92 foizi toza ichimlik suvi iste’mol qilish imkoniyatiga ega bo‘lsa, sahro mintaqasidagi Afrika davlatlarida bu ko‘rsatkich 60 foizga ham yetmaydi.

Choralar ko‘rilmoqda, biroq…

1987 yili qabul qilingan Montreal Protokoli asosida nihoyat ozon qavatining teshilishiga katta hissa qo‘shayotgan ayrim kimyoviy moddalarning atmosferaga chiqarilishi taqiqlandi. Natijada bunday gazlarning miqdori 96 foizga kamaydi. Bundan tashqari, hozirda iqlim isishi va ozon qavati teshilishida muhim rol o‘ynovchi yana bir modda – karbon dioksidi gazini taqiqlash borasida ham amaliy muzokaralar olib borilmoqda. 2007 yili dunyo mamlakatlari hukumatlari yig‘inida 10 yil ichida karbon dioksidi gazlarining chiqarilishini butunlay to‘xtatish borasida kelishuv imzolandi.

Cho‘llashish xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda daraxtlar ekish va o‘rmonlashtirish ishlari ham ijobiy natijalar bermoqda. Masalan, Pokistonning Tal cho‘l hududida bir necha o‘n yil oldin daraxt ekish ishlari boshlangan edi. Hozir mazkur hudud umumiy maydonining 30 foizi ko‘kalamzor maskanga aylandi. Bu 2,5 mln. gektar yerni cho‘llanishdan asrab qolish demakdir. Nigeriyada ham keng ko‘lamdagi o‘rmonlashtirish mamlakatda qurg‘oqchilikning kamayishiga sabab bo‘lmoqda.

Atrof-muhit ekologiyasini asrab-avaylashda 2000 yili qabul qilingan BMT Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari (MRM) katta o‘rin tutadi. Atrof-muhitni asrash hamda toza ichimlik suvi yetkazib berish mazkur rezolyutsiyada 7-maqsad sifatida ro‘yxatga olingan. Bu muhim masala ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar hamda loyihalarni amalga oshirish uchun global miq­yosda har yili kamida 10 mlrd. dollar mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan. Ayni maqsad doirasida cho‘llashishning oldini olish hamda cho‘llashish xavfi yuqori bo‘lgan hududlarni o‘rmonlashtirish ham keng doirada ijro etilmoqda. 2000 – 2005 yillar orasida olib borilgan ayni chora-tadbirlar doirasida cho‘llashishning global yillik ko‘rsatkichi 8,9 mln. gektardan 7,3 mln. gektarga kamayishiga erishildi.

O‘zbekistonda ekologik vaziyat

Yurtimizda ekologiyani asrab-avaylash, atrof-muhit ozodaligini asrash masalalariga katta e’tibor berib kelinmoqda. O‘zbekistonning eng katta ekologik muammosi Orol dengizining qurib borishidir. Orol dengizining ekologik falokat hududi, shuningdek, Qozog‘iston, Turkmanistonni ham qamrab oladi.

Ayni vaqtda O‘zbekistonda 301 o‘simlik va 184 ta hayvon turi “O‘zbekiston Qizil Kitobi”ga kiritilgan.

Ekologik barqarorlikni ta’minlash uchun O‘zbekiston hukumati bir qator strategik dasturlarni ishlab chiqqan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi atrof-muhit gigiyenasi bo‘yicha milliy harakat das­turi, biologik rang-baranglikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va Harakat rejasi, Qurg‘oqchilik va cho‘lga aylanishga qarshi kurash bo‘yicha Milliy harakat das­turi, Atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha Milliy harakat dasturi kabi bir qator rejalar qabul qilingan bo‘lib, ular asosida yurtimiz ekologiyasini asrab-avaylash borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

BMT agentliklari tizimi ham O‘zbekistonning tabiiy zahiralarini barqaror rivojlantirish maqsadida atrof-muhitdan foydalanishni samarali boshqarishga va uni muhofaza qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni bir qator loyi­halar orqali qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Xususan, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston hukumati ekologik muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan qator strategik hujjatlarni ishlab chiqqan. 2000 – 2010 yillarga mo‘ljallangan davrda qishloq aholisini ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan ta’minlash davlat dasturi bu borada muhim amaliy ahamiyatga ega. Ayni maqsad yo‘lida ham BMT tizimi agentliklari va boshqa xalqaro tashkilotlar suv zahiralaridan unumli foydalanishda O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.

Yurtimizda barqaror rivojlanish ko‘rsatkichiga ega bo‘lish bosh maqsad sifatida belgilangan. Barqaror rivojlanish shunday taraqqiyot yo‘liki, unda bugunning manfaatlari yo‘lida kelajak avlod ehtiyojlarining qondirilishi xavf ostiga qo‘yilmaydi.

Kim aybdor?

Achchiq haqiqat shundaki, global isishga eng katta hissa qo‘shayotgan davlatlar bu rivojlangan sanoat mamlakatlaridir. Yer, suv va havo ifloslanishida eng katta ulushga ega bo‘lgan o‘lkalar ham ayni shu mamlakatlardir. Lekin ular yaratayotgan muammo uchun issiqxona gazlarini deyarli chiqarmaydigan Afrika kabi qashshoq hudud mamlakatlari jabr ko‘rishiga to‘g‘ri kelyapti.

Afrika qit’asining global isishdan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan hudud ekani bugun hech kim uchun yangilik emas. Iqlim o‘zgarishi bu yerdagi shundoq ham jazirama bo‘lgan havoni yanada isitib, oziq-ovqat manbalari bo‘lgan ekin maydonlarini nobud qilmoqda.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Afrika bugungi ahvolidan qutilishi uchun iqlim o‘zgarishining qanchalar jiddiy muammo ekanini, avvalo, o‘z xalqiga tushuntirishi kerak. Bundan tashqari, muammo keltirib chiqarayotgan jiddiy asoratlarning oldini olish uchun katta mablag‘ kerak bo‘ladi. Shu bois ularni inqirozdan olib chiqish uchun boy mamlakatlar yordam qo‘lini cho‘zishi kerak. Bu borada rivojlangan davlatlarning aksariyati sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsa-da, lekin ular orasida yordam qo‘lini cho‘zayotganlar ham yo‘q emas. Masalan, Norvegiya Tanzaniyaga so‘nggi besh yilda iqlim o‘zgarishi va o‘rmonlarning yo‘qolib borishi muammolarining oldini olish uchun 100 million dollar taqdim etdi. Negaki, Tanzaniya o‘rmonlari yo‘qolib, cho‘llashish darajasining yuqoriligi bo‘yicha Afrikada birinchi o‘rinda turadi. Iqlim o‘zgarishi va global isishga qarshi kurashda cho‘llashishning oldini olish esa juda muhim. Norvegiya Bosh vaziri Jens Stoltenberg aytganidek, “Cho‘llashish global miqdorda issiqxona gazlari chiqishining
20 foizini tashkil qiladi” va bu miqdor shak-shubhasiz dahshatli oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Norvegiya iqlim o‘zgarishining jiddiy muammo ekanini o‘z vaqtida anglab yetgan ko‘rinadi. U o‘z hududini 2030 yilgacha karbon gazlaridan mutlaqo xoli hududga aylantirishni rejalashtirmoqda. Agar barcha mamlakatlar (hech bo‘lmaganda, AQSh, Xitoy, Hindiston kabi yirik sanoat davlatlari) bu borada shu kabi amaliy ishlarga kirishsa, iqlim o‘zgarishi olib kelishi kutilayotgan salbiy oqibatlarning oldi olingan bo‘lardi. Xulosa qilib aytganda, global isishning yanada jiddiyroq zararlarini butun dunyo hududi birday tatib ko‘rmasdan oldin hozirdan global hamkorlik chora-tadbirlarini amalga oshirmoq lozim.

Behzod Mamadiyev