Biror marta salamandrlarni ko‘rganmisiz? Bu maxluq ko‘rinishdan o‘ta xunuk. Ularning issiqqa chidamli terisi, uzun dumi va qulay joylashgan panjalari kaltakesakni eslatadi. Silliq yaltiroq terisi doimo namchil ko‘ringanidan ular olovga tushganda ham hech qanday shikast topmaydi degan afsona tug‘ilgan bo‘lsa kerak.
Afsuski, bu haqiqatdan yiroq. Salamandrning tabiiy yashash joyi suv yoki sovuq nam joydir. Bordiyu u shunday muhitdan ajratilsa, nobud bo‘ladi. Salamandrlar ham yerda, ham suvda yashovchilarga mansub.
Ochig‘ini aytganda, haqiqiy salamandrlar Yevropada yashaydi. Ammo dunyoning boshqa burchaklarida uchraydigan talay hayvonlar salamandrlarga o‘xshab ketadi. Ular tuxumini suvga qo‘yadi. Nasllarining boshqa suv hayvonlariniki kabi oyqulog‘i bo‘ladi. Salamandrlar yetilgan payti o‘pkasi shakllanadi va ularning oyqulog‘i bitib ketadi, pirovardida u quruqlikda yashay boshlaydi.
Uzunligi 1,5 metrga yetadigan, oyqulog‘i ham, o‘pkasi ham bo‘lgan ulkan yapon salamandri bor. Qora triton baliq ovlovchilarni boplab xafa qiladi, nega desangiz, u qarmoqlarga o‘rnatilgan yemishni yeb qo‘yadi.
Salamandrga o‘xshash boshqa hayvonlarning o‘pkasi umuman bo‘lmaydi, natijada ular butun umrini suv hayvonlari tarzida utkazadi. Bunga Meksika aksolotli misol bo‘la oladi.
Evropa va Amerika tritonlari quruqlikda taxminan ikki yarim yil yashab, yana suvda hayot kechirishga qaytib keladi va yana suv hayvoniga aylanishi bilan boshqa salamandrlardan farq qiladi. Yevropa salamandrlaridan eng mashhuri olov salamandridir. Uning uzunligi taxminan 23 santimetr keladi, bordiyu uni cho‘chitmoqchi bo‘lsangiz, zaharli suyuqlik sochadi.