«Ming bir kecha» ertaklarini o‘qigan bo‘lsangiz, Rux degan qushni eslay olasiz. U shu qadar katta bo‘lganki, bir panjasiga filni, ikkinchisiga karkidonni ko‘tarib ucha olgan. Uning tuxumi uydek bahaybat bo‘lgan. Yer yuzida yashab o‘tgan qushlar orasida Rux qushining timsoli epiornis degan qazilma qush bo‘lishi mumkin. Uning tuxumi qachonlardir qushlar qo‘ygan tuxumlar orasida eng kattasi sanalgan. Ammo epiornis ertakdagi Rux qushi kabi ulkan bo‘lmagan. U hayvonlar nari tursin, hatto o‘zini yerdan ko‘tara olmagan. Bu qush qo‘ygan tuxum ham uydek bahaybat bo‘lmagan. Baribiram uning hajmi sizning e’tiboringizni tortadi: hajmi 9 litr! Bu — nafaqat parrandalar qo‘yadigan eng katta tuxum: hech qanday jonivor, hatto mezozoy davridagi bahaybat reptiliyalar ham bunday kattalikda tuxum qo‘ymagan va qo‘ya olmaydi. Epiornisning tuxumini o‘lchamlari bo‘yicha hech qanday to‘siqsiz yoyiladigan, po‘sti tarkibi karbonat angidrid kaltsiydan iborat tuxum uchun mumkin bo‘lgan eng katta qiymatga yaqinlashadi, deb hisoblaydi olimlar.
Mavjud qushlar orasida eng katta tuxum qo‘yadigani tuyaqushdir: uzunligi 15—17,5 santimetr, eni 10—15 santimetr keladi. Mana shunday kattalikdagi tuxumni qattiq qilib pishirish uchun qancha vaqt kerak, deb o‘ylaysiz? Tovuq tuxumini qaynatib pishirish uchun 10 daqiqacha vaqt kerakligini bilasiz. Tuyaqush tuxuminikiga esa kam deganda 40 daqiqa ketadi!
Aytgancha, tovuq tuxumi haqida gapirar ekanmiz, ularning eng yirigi eniga 4 va bo‘yiga 6,5 santimetr bo‘lishini ham aytib o‘tishimiz kerak. Eng kichkina tuxum kolibrilarning allaqanday turiga tegishli. Ularning uzunligi 1 santimetrdan oshmaydi.