Qadim zamonlarda qahrabo sehrli kuchga ega, deb hisoblangan. Qadimgi yunonlar va rimliklar qahraboni odamni jodu va kasalliklardan muhofaza qiladi, deb ishonganlar va shu sababdan taqib yurganlar.
Qahraboga bunday sirli kuch nisbat berilishining sabablari bor, u elektr zaryadi hosil qiladi. Agar qahrabo bo‘lagi izchil ishqalansa, elektr zaryadi hosil bo‘ladi va bu qahraboning yengil narsalar, masalan, qog‘oz parchasini tortib olishiga imkon beradi.
Yunonlar qahraboni «elektron» deb atashgan va «elektr» so‘zi ham shundan kelib chiqqan.
Qahrabo sariq rangli, mo‘rt, yaltiroq moddadir. Marmar yoki oynaday qattiq bo‘lmasa-da, undan munchoq yoki mayda zeb-ziynat yasash xiyla qiyin.
Olis o‘tgan zamonlarda qarag‘aylardan allaqanday yelimshak modda ajralib chiqqan. Asta-sekin yer yuzida u juda ko‘p yig‘ilgan, yer yuzi o‘zgarishi bilan bu modda yer yoki suv tagida qolib ketgan. Millionlab yil o‘tishi bilan u qotib qolgan yoxud qattiqlashgan va hozir biz uchratadigan qahraboga aylangan.
Qahrabo dastlab yumshoq, yelimshak modda bo‘lganidan unga hasharotlar yopishib va ichiga kirib qolgan. Millionlab yil o‘tishi bilan qahrabo qattiqlashgan, hasharotlar esa ichida qolib ketgan. Biz bugun ham qahrabo parchasini qidirib topsak, uning ichida xuddi kecha kirib qolgandek chumoli yoki chivin turganiga guvoh bo‘lamiz.
Qahrabo ajratib chiqaradigan qarag‘aylar ko‘proq Boltiq va Shimol dengizlarida o‘sgan. Hozir dengizlar egallagan yer qatlami asta-sekin cho‘kkan. O‘tgan zamonlarda qahraboni kuchli po‘rtanalar tufayli suv ko‘tarilgan sohillardan topishgan. Hozirgi paytda qahrabo qazib olinadi.
Garchi og‘irligi sakkiz kilogramm keladigan bo‘laklari topilgan bo‘lsa-da, qahraboni odatda kichik parcha tarzida qazib olishadi. Qahrabo, asosan mushtuk, munchoq va mo‘jaz zebigardonlar tayyorlashda ishlatiladi.