Bir daraxtdan boshqa bir daraxtning mevasini olish mumkinmi? Albatta. Buning uchun payvandlash lozim bo‘ladi. Agar nok daraxtining shoxidan bir qalamcha olinib, behi daraxtining po‘stlog‘idagi chuqurchaga joylashtirilsa, undan nok shoxchasi o‘sib chiqadi. Behi daraxtida bir vaqtning o‘zida ham behi, ham nok pishib yetila boshlaydi.
Xuddi shu yo‘l bilan bodom daraxtidan shaftoli va bodom olish mumkin. Yoki yovvoyi olma daraxtida xonaki olmalar yetishtirsa ham bo‘ladi. Ba’zida payvandlashdan manzarali daraxt yoki butalar yaratishda foydalaniladi, ammo u qishloq xo‘jaligi uchun asosiy ahamiyatga ega.
Payvandlangan nihol yoki buta o‘zi kesib olingan daraxt mevalaridan kam va sifatsiz bo‘lmagan hosil berishi bilan ham bog‘bonni suyuntiradi. Biror daraxtdan kesib olingan shox boshqa bir daraxtga payvandlangan taqdirda ilgarigiday hosil beraveradi.
Kurtak yoki qalamchalarni boshqa o‘simliklarga payvandlash usullari ko‘p, ammo payvandlash ishida ikkita qoidaga amal qilish kerak bo‘ladi: birinchidan, o‘zaro qarindosh daraxtlar yoki butalarni bir-biriga payvandlash mumkin, ya’ni olma nok yoki behiga, shaftoli esa o‘rik, bodom, olxo‘ri va boshqa danakli daraxtlarga payvandlanadi. Ammo olma daraxti qalamchasini shaftoli daraxtiga payvand qilib bo‘lmaydi.
Ikkinchi qoida shuki, qalamchaning hayot sharbati oqadigan kambiy qatlami u payvandlanayotgan niholning kambiyiga tegib turishi kerak. Yo‘qsa, payvandlangan shoxcha tutmaydi.
Payvandlashning boshqa usullari ham ko‘p. Kurtak alohida holda po‘stloq ostiga kiritilishi, uzun shoxlar po‘stloqdagi shikastlangan joyni davolash maqsadida daraxtlarning yorig‘iga suqilishi ham mumkin.
Qizig‘i shundaki, payvandlashni jonivorlarda ham qo‘llash mumkin. Masalan, qurbaqa, cho‘l baqasi, kalamush va quyonlarning ko‘zini ko‘chirib o‘tkazish mumkin. Jarrohlar bunday tajribalar orqali yarador yoki majruh kishilarga qanday yordam berishni o‘rganishadi. Qobirg‘adan olingan suyak yangi burun yasash uchun burun suyagiga payvandlanadi, teri esa chandiqlarni ketkazish uchun kuyib qolgan to‘qimalarga ko‘chirib o‘tkaziladi.