Aleksandr Makedonskiy vafotidan so‘ng imperiyasi parchalanib ketgach, ko‘plab xalqlar shu jumladan parfiyaliklar mustaqil yashay boshlaydilar (dastavval ular Kaspiy dengizining sharqiy sohilidan bo‘lgan ko‘chmanchilar edi). Ular asta-sekin ko‘plab hududlarni bosib olib, o‘zlarining yarim-sharqiy, yarim-yunon imperiyasini vujudga keltirishadi. Parfiyaliklar otdan foydalanishni bilishlari bilan shuhrat qozongan bo‘lib, ularda otliq qo‘shini bor edi.
G‘arbda Parfiya imperiyasi Rim imperiyasiga borib tutashar edi. Rimliklar parfiyaliklarni yenga olmaydilar, shu bois ular bilan muzokara olib borishga majbur bo‘ladilar. Rim imperatori Trayan davrida, eramizdan avvalgi 114 yilda parfiyaliklar hududining bir qismini rimliklar bosib olishadi.
Eramizning 3 asrida Parfiya imperiyasini sosoniylar yengadi. Fors ko‘rfazi sohilida joylashgan, ilgari Parfiya imperiyasiga kirgan Persida sosoniy shohlar yangi imperiya barpo etadilar. Birinchi sosoniy shoh Ardasher (Artakserks) parfiyaliklar hukmronligiga qarshi isyon ko‘taradi va eramizning 224-yilida parfiyaliklarning so‘nggi shohi Artabon 5 ni o‘ldiradi. Shundan so‘ng u qo‘shni xalqlar, shu jumladan rimliklar va kushonlar ustiga muttasil hujum qilib turadi.
Uning o‘g‘li Shopur 1 Kushon imperiyasi hududining katta qismini bosib olib, uch rim imperatorini tor-mor qilgan: Gordian 3 jangda o‘ldiriladi, Filipp Shopur bilan sulh tuzishga majbur bo‘ladi. Imperator Valerian esa eramizning 260-yili asir olinib, qatl qilinadi. Shopur 1 rimlik asirlarni «Vex-Antiok Shopur» deb nomlagan yangi shaharga joylashishga majbur qilib, ularni xo‘rlaydi. Chunki shahar nomi «Shopur shahri Antioxiyadan yaxshiroq» degan ma’noni bildiradi (Antioxiya rim viloyati bo‘lgan Suriyaning poytaxti edi).