Inson dalada ingichka poyasi sap-sariq, g‘oyat nafis, havorang moviy guli bo‘lmaganda, bu mayda o‘simlikning yonidan beparvo o‘tib ketishi mumkin edi. Inson mana shu gul tufayli gazlama to‘kishni kashf etgan. Bu o‘simlikning nomi zig‘irdir.
Bundan to‘qqiz ming yil burun inson birinchi marta zig‘irpoya tolasidan gazlama tayyorlagan. Bu Hindistonda ro‘y bergan. Yengil, mustahkam, ozoda zig‘ir gazlamasi tez orada hayvon terisidan qilingan kiyimni siqib chiqardi. Zig‘irning fazilatlarini bilgan odamlar uni kulbalari yonida parvarishlay boshlagan.
Zig‘ir tolasidan tikilgan libosni hindiylardan ikki ming yil o‘tib, Ossuriya va Bobil aholisi kiyishgan, ularning xalqaro savdo yo‘llariga yaqinligi tufayli zig‘ir Misr, O‘rta Yer dengizi, Yunoniston va Rimga yetib bordi.
Bo‘zga ishlov berish va qayta ishlash texnikasi Misrda juda taraqqiy etdi. Misrning bo‘z gazlamalari hamma joyda dovruq qozondi. “Tarix otasi” Herodot Misr podshohi Amazisning Afina Rodosskoyga in’om etgan katta nafis bo‘z gazlamasi haqida to‘lib-toshib yozgan. Misrning yengil, shaffof bo‘z gazlamasini tom ma’noda oltin barobarida sotishgan: tarozining bir pallasiga gazlama, boshqa pallasiga oltin quymasini qo‘yishgan.
Misrning oliy kohinlari faqat bo‘z gazlamadan kiyim kiyishgan. Shuningdek, qadimgi tosh tobutlardagi mumiyolangan jasadlarni ham bo‘z gazlamalarda yasantirganlar. Ularning besh ming yildan so‘ng ham xuddi kecha amalga oshirilganday turgani odamni hayratga soladi.
Afsuski, qadimgi misr to‘qimachilarining sirlari bizgacha yetib kelmagan. Hatto bu sohaning hozirgi eng dongdor ustalari ham qadimgi Misrda tayyorlangan gazlamalar kabi gazlama tayyorlay olishmaydi.
Taxminan eramiz boshlarida zig‘irkorlik Rimda keng tarqaldi, so‘ng ulkan Rim saltanati hududlariga, undan keyin Sharqiy Yevropa mamlakatlariga yoyildi. Shunisi qiziqki, Sharqiy Yevropada bo‘zdan tikilgan kiyimni Misr va Rimdagidek aslzodalar emas, oddiy odamlar kiyishardi.
Rossiya hududlarida yashovchi qabilalarga ham bo‘z gazlamasi qadim zamonlardan buyon ma’lum. X asrda arab olimi ibn Fadlan Volgabo‘yi slavyanlarining oq bo‘zdan tikilgan kiyimlarini ko‘rib hayratga tushgan. Kiyev Rusida ham zig‘ir faxriy o‘rinlardan birini egallagan. Qadimgi Rus yilnomachisi Nestor «O‘tgan yillar qissasi» asarida pechyorlik rohiblarning to‘qish va gazlama tayyorlashda bo‘zga qanday ishlov bergani, shuningdek, ikona, sanam ostiga yoqib qo‘yiladigan jinchiroqlar uchun zig‘ir yog‘idan foydalangani haqida batafsil bayon qilgan.