Koinotda har bir jism boshqasiga ta’sir etadi, ular o‘zaro tortishadi. Bu tortish kuchi yoki gravitatsiya deb ataladi. Tortish kuchi ikki omilga bog‘liq.
Birinchidan, u ob’ekt, jism yoki narsa tarkibida qancha modda borligiga bog‘liq. Jism moddasining massasi qancha katta bo‘lsa, gravitatsiya shuncha kuchli bo‘ladi. Agar jismning massasi kichik bo‘lsa, uning tortish kuchi ham kam bo‘ladi. Masalan, Yerning massasi Oynikidan ko‘p marta katta, shuning uchun Yer Oyga nisbatan ko‘proq og‘irlik kuchiga ega.
Ikkinchidan, og‘irlik kuchi jismlar o‘rtasidagi masofaga bog‘liq. Jismlar bir-biriga qancha yaqin joylashgan bo‘lsa, ular o‘rtasidagi tortish kuchi shuncha katta bo‘ladi. Ular o‘zaro uzoq joylashgan bo‘lsa, gravitatsiya ham kam bo‘ladi.
Endi Yerda odamlarning yashashiga bir nazar solaylik. Yerning massasi odamnikiga nisbatan katta, shuning uchun ham og‘irlik kuchi uni Yerda ushlab turadi. Yer butun materiyasi, butun moddalari markazda turganday ta’sir ko‘rsatadi. Yerning har bir nuqtasidagi og‘irlik kuchini hisoblaganda, o‘sha nuqta bilan uning markazi o‘rtasidagi masofani hisobga olish kerak bo‘ladi.
Dengiz sohilidagi og‘irlik kuchi tog‘ cho‘qqisidagiga nisbatan ko‘proqdir. Endi Yer yuzasidan juda olis masofaga uzoqlashgan odamni ko‘z oldingizga keltiring. U yerda Yerning tortish kuchi juda zaif bo‘ladi.
Nima uchun Yerning tortish kuchi bizning atrofimizda oddiy holda ko‘zga tashlanmaydi? Nima uchun biz stollar, tarvuzlar yoki odamlar o‘zaro tortishayotganini ko‘rmaymiz? Chunki kichik narsalarning o‘zaro tortish kuchi juda zaif. Masalan, bir-biridan ikki metr narida turgan ikki kishi bir-birini tortadi, ammo bu tortish kuchi shu darajada ozki, milligrammning yuzdan bir ulushidan ham kam og‘irlikni tashkil etadi. Boshqacha aytganda, o‘sha kishilarning o‘zaro tortish kuchi tarozi posangisini bosayotgan grammning yuz mingdan bir ulushichalik toshga teng. Bunday yuk og‘irligini ilmiy laboratoriyalarning o‘ta sezgir tarozilari sezishi mumkin, xolos. Bunday kuch bizlarni joyimizdan qo‘zg‘atishga hodir emas. Bunga poyabzalimiz tagcharmining yerga ishqalanishi yo‘l qo‘ymaydi. Bizni polda turgan joyimizdan qo‘zg‘atish uchun 20 kg.dan oshiqroq yuk kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham, biz oddiy sharoitda Yerdagi jismlarning o‘zaro tortishishini sezmasligimizdan ajablanmasak ham bo‘ladi.