Olimlar nayburunlar guruhiga kiruvchi albatroslar, bo‘ronqushlarni tirik planyorlar deb atashadi. Qushlar bu nomni bekorga olishmagan: ularning burun kavagi muguz naylarga ulangan. Ularning guruhiga 120 ga yaqin qushlar kiradi. Ochiq okeanning million yillardan buyon o‘zlashtirilishi bilan nayburunlarda ajoyib fazilatlar, birinchi galda sekin-asta pastlab uchish qobiliyati paydo bo‘ldi. Havoni shiddat bilan tilib uchayotgan albatroslarni kema ustida turib kuzatish naqadar zavqli. U uchganda deyarli qanotlarini silkitmaydi. Tirik planyorlar to‘lqindan haytgan shamol kuchidan foydalanadi. Bu usul, dinamik parvoz deyiladi. U yerdan ko‘tarilayotgan issiq havo oqimi qushlarning (qoraqushlar, laylaklar va hokazo) ko‘tarilish kuchiga xizmat qiladigan turg‘unlikdan farqlanadi.
Shiddat bilan uchadigan va yaxshi suzadigan qushlar quruqlikda juda qiynalib yuradilar. Oyoqlarining pardali tuzilishi ularning o‘zlarini u yon-bu yonga tashlab, kelishmagan, lapanglab yurishga majbur etadi.
Hidni sezish bo‘shliqlarining kuchli rivojlangani va murakkab tuzilishi nayburun qushlarning g‘aroyib xususiyatidir. Olimlar qushlarning to‘lqindan qaytgan havo oqimi, uning kuchi va tezligini bilib olish qobiliyatini aviatsiyada qo‘llaniladigan va fizikada «Pito naylari» deb ataladigan oddiy moslama bilan izohlaydilar. Ikkita perpendikulyar holatda joylashtirilgan naylardagi bosim farqini o‘lchash (nayburunlarda bu og‘iz va burun bo‘shlig‘i) shamolning tezligini aniqlash imkonini beradi.
Nayburunlar hozirgi vaqtda Janubiy yarim qutbda yashaydi. Ayrimlarigina Shimoliy qutbga yetib borishi mumkin. Dengizchilar orasida o‘lgan odamlarning ruhi albatroslarga jo bo‘ladi, degan fikr yashaydi.