Hayvonlar tanasida harorat qancha bo‘ladi?

Biz bir joydan ikkinchi joyga ko‘chganimizda atrofimizdagi harorat qanday o‘zgarayotganligini sezishimiz mumkin, ammo tanamiz harorati ham o‘zgarishi mumkinligini xayolimizga ham keltirmaymiz. Chunki u o‘zgarmaydi ham. Biz «gomeotermik» mavjudot hisoblanamiz va bu tur barcha issiq qonli hayvonlarni, barcha sut emizuvchilarni, uy hayvonlari va qushlarni o‘z ichiga oladi.

Ammo shunday hayvonlar ham borki, ular tanasidan harorat atrof muhit harorati bilan birga o‘zgaradi. Ular «poykilotermik» deb ataladi. Bularga hasharotlar, ilonlar, sudralib yuruvchilar, toshbaqalar, qurbaqa va baliqlar kiradi. Ular tanasidagi harorat odatda atrof muhit haroratidan ancha past bo‘ladi. Bular sovuqqonli hayvonlardir.

Biz inson tanasidagi mo‘tadil harorat 37°C hisoblanishini bilamiz. Ammo harorat me’yor doirasida o‘zgarishi mumkin. Masalan, inson tanasining harorati taxminan ertalab soat 4 larda eng past darajada bo‘ladi; teri harorati tanadagi haroratdan pastroq; ovqatlanish haroratni bir yoki ikki soatga ko‘taradi; jismoniy ish haroratni ko‘tarishi mumkin; alkogol ichki haroratni pasaytiradi.

Hayvonlar tanasidagi harorat keskin farqlanishi mumkin, ya’ni: fildagi 35°C dan ayrim qushlardagi 43°S gacha. Tana haroratiga ko‘ra hayvonlarni quyidagi tartibda guruhga ajratish mumkin: 35 dan 38°C gacha — odam, maymun, xachir, eshak, ot, kalamush, sichqon va fil; 37 dan 39°C gacha — qora mol, qo‘y, it, mushuk, quyon va cho‘chqa; 40 dan 41°C gacha — kurka, g‘oz, o‘rdak, boyqush, saqoqush va qirg‘iy; 42 dan 43°C gacha — tovuq, kaptar va ayrim keng tarqalgan mayda qushlar.

Hayvonlar, xuddi odamlar singari, tananing doimiy haroratini tiklash uchun ortiqcha issiqlikdan qutulishlari lozim. Terlamaydigan hayvonlar buni nafas olish hisobiga amalga oshiradi — shuning uchun ham it issiq yoz kunlarida tilini osiltirib nafas oladi.