Dengiz o‘simlik va hayvonlarining aksariyati 200 metrdan oshmaydigan chuqurlikda yashaydi. Undan chuqurroq joylarda hayot kechirish qiyin.
Bir kilometr chuqurlikda suv juda sovuq va qop-qora bo‘ladi. Bu masofaga quyosh nuri yetib kelmaydi. Shu bois bu yerlarda o‘simliklarni uchratmaymiz. O‘simlik uchun esa nur zarur.
Lekin ayrim hayvonlar ana shunday chuqurlikda yashashni afzal bilgan. Ular anchayin mashaqqatli sharoitda omon qolish uchun moslashishning uzun yo‘lini bosib o‘tishlari kerak edi.
Ularning tanasi o‘zgarishlarga duch keldi. Chuqurliklarda yashaydigan hayvonlarning ko‘pchiligi kichik o‘lchamli bo‘lsa-da, jag‘lari, tishlari va ko‘zlari katta-kattadir.
Chuqurliklarda yashaydigan baliqlarning nur ishlab chiqaradigan o‘ziga xos a’zolari bor. Ulardan ovga chiqqan payti qurol va qopqon sifatida foydalanadilar. Bundan tashqari, ular yordamida urchish davrida bo‘lajak sherigiga o‘zi haqida xabar beradi.
Shunisi g‘alatiki, chuqurliklarda yashaydigan hayvonlar og‘ir sharoitlarga juda yaxshi moslashganlar, tasodifan dengiz sathiga yaqinlashsa, nobud bo‘ladi.