Eramizdan avvalgi 612 yili yangi Bobil hukmdorligining birinchisi — Nabopalasar midiyaliklar yordamida ossuriyaliklar ustidan g‘alaba qozonadi. So‘ng Nabopalasar va uning o‘g‘li Navuxodonosor 2 g‘arbda Ossuriya viloyatlarini bosib olishadi. Oz fursat ichida Navuxodonosor buyuk imperiya barpo qiladi, unga Yahudo ham kirar edi. Yahudoni, uning podshosi va Quddus aslzodalarini itoatda saqlash uchun asir olib, Bobilga jo‘natishadi.
Viloyatlarda hokimiyat Bobil noiblari qo‘lida edi. Biroq ayrim viloyatlar Bobilga sodiq mahalliy hukmdorlar ixtiyorida edi. Ibodatxonalarga (ibodatxonaga qarashli yerlardan olinadigan) daromadning o‘ndan bir qismini podsholikka topshirish majburiyati yuklatilgandi.
Kohinlar bu kiritilgan yangi qoidalarga qarshilik ko‘rsatishardi. Aftidan, yangi tartibotlardan norozilik ularni Fors podshosi Kiryovushni qo‘llab-quvvatlashga majbur etadi va u eramizdan avvalgi 539 yili shaharni jangsiz qo‘lga kiritadi.
Bobilning halokati to‘g‘risida Injilda keltirilgan Valtasar bazmi asnosida devorda sirli bitik paydo bo‘ladi, uni o‘qish uchun Doniyol payg‘ambarni chaqiradilar. Bu tarixiy dalil bo‘lmay, bir afsona, albatta. Biroq mixxat matnlardan ma’lumki, Valtasar chindan ham taxt vorisi bo‘lgan va u forslar bilan jangda halok bo‘lgan (lekin Bobilda emas).