yoxud avlodlar o‘rtasidagi ziddiyat
Yigirma to‘rt yoshli Arshi Uppal Nyu Dehlidagi tungi klubda oyog‘ini chalishtirib o‘tiribdi. “Shanba kuni nima qilamiz? — deya so‘raydi u. — Shanba kuni o‘yin-kulgi, yakshanba kuni o‘yin-kulgi. Butun hafta davomida o‘yin-kulgi. O‘yin-kulgisiz o‘tadigan biror kun yo‘q”. U kalta yubka kiygan, qo‘lida esa sigareta buruqsaydi.
Uppal asli panjoblik, an’analarga qattiq rioya qiluvchi sikh oilasidan. Yaqinda turmushga chiqqani uchun hozir erkin. Har hafta shu yerga turmush o‘rtog‘i bilan ko‘ngil yozgani keladi. Jiyanim sevganiga turmushga chiqishiga ruxsat berishmagani uchun yigiti bilan qochib ketdi, — deydi u oilasidagi holatni tasvirlarkan. — Keyinroq qaytib kelganda, qarindoshlarim uni nomus uchun o‘ldirishdi…”…
Bir necha yil oldin faqat besh yulduzli mehmonxonalardagina topish mumkin bo‘lgan xorij spirtli ichimliklarini bugun istalgan joydan sotib olsa bo‘ladi. mumkin. Tungi klublar o‘tgan asrning 90-yillaridan so‘ng yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek ko‘payib ketdi. Istaganingni qil, birovga zararing tegmasa bo‘ldi, degan demokratiyaning oltin qoidasidan bugungi hind yoshlari unumli foydalanayotgan ko‘rinadi.
“Uch-to‘rt yil oldin agar biroz zamonaviyroq kiyinsangiz, hamma sizga qarardi, — deydi Uppal, — hozir ko‘chalarda bemalol o‘pishishyapti. Nima xohlasangiz, qilaverasiz, bu tabiiy holga aylangan”.
Hindiston aholisining o‘rta qatlami 90-yillardan keyingi iqtisodni erkinlashtirish siyosati orqali boyib ketdi. Tashqi dunyo bilan ochiq aloqaga kirib, hamyoni to‘lgan bu qatlam g‘arb madaniyati, turmush-tarzini ham o‘z hayotiga olib kirdi. Bu yosh avlodning soni bugun butun boshli AQSh aholisiga teng.
“Besh yil burun ko‘chada sigareta chekadigan ayolni umuman topib bo‘lmasdi. Bar-klublarda ham ayollar chekmasdi,” — deydi Kashif, tamaki tutatib o‘tirgan bir necha ayol davrasida o‘tirarkan.
Iqtisodning jadal rivojlanishi, uning natijasi sifatida yuzaga kelgan yangi g‘arb va media madaniyati Hindiston yoshlari hayotida jiddiy o‘zgarish yasadi. Bu yangi avlod Mahatma Gandini hurmat bilan tilga olib, sari kiyishni unutmagan bo‘lsa-da, aksariyati jinsi kiyadi, «MTV» tomosha qiladi.
Hindiston aholisining 47 foizi 20 yoshdan kichik. Ular orasida o‘smirlar soni 160 million. 2015 yilga borib 20 yoshdan kichiklar soni aholining 55 foizini tashkil etishi kutilmoqda.
Yoshlar, asosan, o‘yin-kulgi bilan vaqt o‘tkazishyapti. Siyosat, jamiyatdagi yangiliklar bilan ishlari yo‘q. “Bugun Parlament portlab ketsayam, yoshlarning birortasi payqamaydi,” — deydi marketing bo‘yicha maslahatchi Rama Bijapurkar.
Ha, fillar yurtida zamon o‘zgardi. Bugungi Hindistonni kecha bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Bugun mamlakatda ikkita Hindiston bor: biri — uyatchan, tobe va sotsialist bo‘lib o‘sgan keksa avlod Hindistoni; ikkinchisi — yirtiq jinsi kiyib, «kola» ichadiganlarning kapitalist Hindistoni. Keksa avlod Hindistoni uch urush ko‘rdi, ko‘plab tabiiy ofatlardan aziyat chekdi. Ular davlat nazoratidagi bitta telekanal, uch rusumdagi sovun va o‘n yillar davomida o‘zgarmagan bir-ikki mashina bilan kifoyalanishdi. Siyosiy hayot ham juda oddiy edi, Kongress partiyasi qayta-qayta saylanaverardi.
Bugungi avlod yuzlab kabel va sun’iy yo‘ldosh telekanallarini ko‘radi. Viakomning «MTV» va Rupert Murdokning musiqa kanallarisiz ularning hayotini tasavvur qilish qiyin. “Oqil o‘ylash va oddiy yashash haqidagi eski Brahman qoidasi bugun eskirdi. O‘rnini «MTV» madaniyati egalladi”, deydi “Pepsi Ko Ink. India“ning marketing bo‘yicha direktori Vibha Rishi.
Madaniyatdagi o‘zgarishlar inqilobiy darajada. Huquqshunos ota va o‘qituvchi onaning o‘n bir yoshli yolg‘iz farzandi Samars Morayning xobbiysi kompyuter va o‘yinlar. Idealidagi qahramoni esa Ted Tyornerning «Kartun Netvork» kanalidagi Kapitan Planet.
«Koka Kola»kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, qishloq va shaharlardagi barcha hind yoshlarining yagona orzusi — boy bo‘lish. Bunga erishishning yo‘lini ular biznes va ta’lim orqali deb bilishadi. Ilgari eng ko‘p orzu qilinadigan karera davlat xizmati, muhandislik, tibbiyot kabi sohalar bo‘lardi. ¥ozir yoshlar e’tiborida eng jozibador ish sifatida axborot texnologiyalari va mass-media turibdi.
Axborot texnologiyalari juda tez rivojlanyapti. So‘nggi ikki yildan beri har haftada ikkita yangi axborot texnologiyalariga oid firma ro‘yxatdan o‘tmoqda. Bizneschilarning 55 million dollarli mablag‘ga ega «Draper India» fondi direktori Kiran Nadkarni, yoshi ham yasharib boryapti, degan fikrda. Ularning o‘rtacha yoshi hozir 40 dan 25 ga tushgan.
Iqtisodning liberallashuvi hindlar madaniyatini, turmush tarzini ham liberallashtirdi. Liberalizatsiya hind yoshlari uchun yangi ideal qahramonlar yaratdi. Masalan, «Maykrosoft» kompaniyasi rahbari Bil Geyts mamlakatda juda mashhur. Mahalliy tadbirkorlardan «Infosis Teknolojis Ltd» rahbari Narayana Murti ham yoshlar uchun afsonaga aylangan. Unga musiqa, kino olamidagi shaxslarga sig‘inish darajasida talpinishadi.
Ta’lim tizimida eng mashhur o‘qish — kompyuter kurslari. “Bu hatto yoshlarning dini darajasiga chiqqan,” — deydi «Infosis Axborot Texnologiyalari» kompaniyasining kadrlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Ravichander.
Infosis har yili ishga qabul qilinuvchilardan 280 ming ariza qabul qiladi. Xususiy kompyuter kurslari o‘qitadigan markazlar gullab-yashnayapti. So‘ngi uch yil ichida poytaxtdagi Axborot texnologiyalari milliy instituti (NIIT) va Bombeyda joylashgan «Aptek» 300 dan ortiq shahardagi o‘quv markazlari sonini 2500 taga oshirgan.
Internet yoshlar uchun hayotning ajralmas qismiga, ko‘ngil yozadigan, ko‘ngilxushlikning istalgan turini xohlagan vaqtda “anonim” tarzda amalga oshirish mumkin bo‘lgan vositaga aylangan. Bugun global muammoga aylanib ulgurgan internet hind yoshlari axloqidagi salbiy o‘zgarishlar uchun ham asosiy sabab bo‘lib turibdi.
Yoshlarning milliy qadriyatlardan yiroqlashib borayotgani bugun hukumat darajasidagi muammoga aylangan. Buning salbiy oqibatlarini kamaytirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ham ishlab chiqilmoqda. Masalan, 1986 yili Hindiston Ta’lim boshqarmasi “Ta’lim to‘g‘risida milliy siyosat loyihasi”ni tayyorladi. 5200 dan ortiq o‘quv muassasasi uchun mo‘ljallangan bu dasturda mamlakatning siyosiy, ijtimoiy hayoti o‘tish bosqichida ekani va bu davrda azaldan urfda bo‘lgan milliy qadriyatlarning yo‘qolishi xavfi kuchaygani kuyunchak bilan tilga olingan. Loyiha bu xavfni bartaraf etish uchun qadriyatlarni o‘qitishni ta’lim tizimiga kiritish lozim deb hisoblaydi. Bu borada nodavlat tashkilotlar ham Ta’lim boshqarmasi bilan bir fikrda. Ular o‘tkazgan tadqiqotlar milliy qadriyatlarni, axloq-odobni ta’lim tizimi orqali yoshlar ongiga kiritish zarur ekanini ko‘rsatmoqda.
Hindistonda mustaqillikdan so‘ng yo‘lga qo‘yilgan ta’lim siyosatida ko‘proq sekulyar va markazlashgan tizimga xizmat qiluvchi kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratilgandi. U ijobiy va salbiy natijalar berdi. Ijobiy natijasi shu bo‘ldiki, Hindiston ta’lim tizimi dunyo ish bozorida raqobatbardosh doktor, menejer, injener kabi mutaxassislar yarata oldi. Salbiy tomoni, bu kadrlar axloqan nokomil, ma’nan tarbiyasiz bo‘lib o‘sdi, chunki ularga umumiy axloqiy tarbiya bera oladigan muhit bu tizimda mavjud emasdi. Mamlakatdagi mashhur “Hindu” gazetasi muharririning aytishicha, Hindiston oliy o‘quv yurti bitiruvchilarining 80 foizdan ziyodi chet elga pul ishlash uchun chiqishni istaydi. Aksar malakali mutaxassislari chet elga ketishni xohlaydigan yurtning esa kelajagi yo‘q.
Axloq tarbiyasini va qadriyatlar mohiyatini yetkazadigan dinshunoslik, etika, ijtimoiy nazariya kabi fanlar yaxshi rivojlanmagan yoki o‘qitiladigan mavzularining qamrov doirasi tor. Bu bo‘shliqni to‘ldiruvchi yangi o‘quv qo‘llanmalari va dasturlarni yaratishga urinishlar bor. Masalan, Butun Hindiston nasorolar ta’lim Assosiatsiyasi bu borada o‘z dasturlarini ishlab chiqqan. Ular din, axloq, ijtimoiy muammolar kabi axloq-etikani tarbiyalovchi fanlarni yo‘lga qo‘yish bilan birga, matematika, tilshunoslik, fizika, biologiya kabi aniq fanlar bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalarini yaratishda ham dinshunos va nazariyotchilarning maslahatlaridan foydalanishni ko‘zda tutadi. Bu, asosan, nasoro jamiyati talabalari uchun amalga oshayotgan bo‘lsa-da, hindu va musulmon jamiyatlari ham o‘z doiralarida shunga o‘xshash faoliyatlarni olib bormoqda. Ayni paytda dinlararo do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga ham ta’lim tizimining muhim vazifalaridan biri sifatida qaraladi. Chunki etnik va diniy ziddiyatlar qonli to‘qnashuvlargacha yet
ib borgan Hindistondek mamlakat uchun bu juda zarur.
Xullas, Hindiston yoshlari va keksa avlod orasida uzilish bor va u vaqt o‘tgan sari kengayib boryapti. Bu yurt aholisining aksarini 25 yoshdan kichiklar tashkil etadi. Mamlakatning ertasi shu yoshlar qo‘lida. Demak, bir necha o‘n yillikdan so‘ng Hindiston bugungi yengiltak yoshlar qo‘liga o‘tadi. Bu esa keksa avlodning haqli tashvishiga sabab bo‘lmoqda.
P.S.: Dehli universitetida o‘qib yurganimda hind tanishlarimdan biri bir kuni, “Nechta yuradigan qizing bor?”, deb qoldi. “Bitta ham yo‘q”, desam, xoxolagancha, “Hazilkash yigit ekansan-ku”, dedi.…
Yonida yuradigan qizi bo‘lmagan yigitning, ular nazarida, es-hushi, sog‘lig‘i joyida emas. Ha, Hindiston yoshlari bugun shu darajaga yetishdi, ular shunday yashashmoqda.
Bu muammo, bu holat bugun global darajada desak xato bo‘lmaydi. Ayni holatning ma’lum darajadagi ko‘rinishi yurtimiz uchun ham xos. O‘zbekiston yoshlari orasida ham bugun oniy lazzatlar ketidan quvuvchi yengiltaklar paydo bo‘lmoqda. Bu juda tashvishlanarli hol. Chunki ertaga O‘zbekiston shu yoshlar qo‘liga o‘tadi: ya’ni mamlakat taqdirini yoshlar hal qiladi. Ma’nan buzuq, axloqan tuban insondan esa xalq farovonligi uchun xizmat qiluvchi halol-pok kadrlarning chiqishi dargumon. Shuning uchun bu muammoga jiddiy yondashish — davr talabi ekani inobatga olinib, ta’lim muassasalarida bu borada tegishli chora-tadbirlar, maxsus dastur va o‘quv kurslari tashkil etilgan. Biroq bilim maskanlarida yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlarimizni asrash, tar²ib qilish, axloq-odobni o‘rgatish masalalariga yanada chuqurroq yondashish zarur. Bunda, menimcha, eng samarali usul bu kabi kurs va dasturlarni o‘qitish ishlari aynan ma’naviyatli, axloq-odobi bilan odamlar orasida hurmati bor kishilarga, ya’ni o‘z egalariga topshirilishi
kerak. Chunki o‘z so‘ziga amal qiladigan odamning aytgan gapi ta’sirchan bo‘ladi. Mur²ak qalblar uni tez qabul qiladi. Tirik namunani ko‘rgan yoshlarning o‘rgangan narsalarini o‘z hayotlariga tatbiq qilishlari ham osonlashadi. Zero, Kadrlar tayyorlash milliy dasturida ham ma’nan va axloqan yetuk kadrlarni tayyorlash bejiz ta’lim tizimining asosiy maqsadlaridan biri sifatida ko‘rsatilmagan. Ma’naviyati yuksak yosh avlodni tarbiyalash yurt rahbarining ham doimiy e’tiboridagi masala bo‘lib kelayotgani sir emas.
Ammo muammo shundaki, bu chora-tadbirlar ko‘p takrorlangani bois ayrimlar uchun erish mavzuga aylangan. Xuddiki, bular siyqasi chiqqan gaplar.
Siyqasi chiqqani ehtimol rostdir. Chunki yaxshi so‘z ham ko‘p takrorlansa quloqqa yoqmay qoladi. Demak, mavzuning ahamiyatini saqlab qolish uchun maqsadga erishishning boshqa yo‘llarini izlab topmog‘imiz, yetkazish uslublari va dasturlarini yangilamog‘imiz kerak bo‘ladi.
Bu — katta mavzuning bir qirrasi, xolos. Bu haqda hali ko‘p gapirish mumkin.
Yana bir karra aytish mumkin bo‘lgan haqiqat shuki, ma’naviyatsiz xalqning kelajagi yo‘q.
Behzod Mamadiyev,
“Ma’rifat” gazetasidan