Mo‘jizalarning aksariyat qismi yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lsada, bugungi kunga kelib inson qo‘li bilan yangidan-yangi mo‘jizalar yaratilmoqda. Ushbu mo‘jizalar qadimgi mo‘jizalar kabi sirli jihatlarga ega bo‘lmasada, biroq ular inson aqli va tafakkuri mahsulidir. XX asrda ilm-fan va texnologiyalar rivojlanishi natijasida yangi va zamonaviy yetti mo‘jiza barpo etildi.
SIRS-TAUER
Chikagodagi ushbu 110 qavatli osmono‘par bino dunyodagi eng baland binodir. Uning balandligi 443 metr. U Nyu-Yorkdagi Empayr-Streyt-Bildingdan 60 metr baland. Bino dastlab «Rebaka Sirs» kompaniyasi uchun qurilgan edi. Ko‘pchilik odamlar osmono‘par binolar Chikagoda o‘ylab topilgan deyishadi. Bu bejiz emas. Chunki eng baland binolar aynan shu yerda joylashgan.
1871 yilda katta yong‘in shaharning uchdan bir qismini yo‘q qildi. Shundan so‘ng arxitektorlar uni tiklashga kirishdilar. Bu davrga kelib po‘latni katta hajmda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, Elisha Otis esa 1852 yilda liftni kashf etgan edi. Bu kashfiyotlar baland binolar qurilishiga yo‘l ochayotgan edi. Shuningdek, oldingi binolarga qaraganda yuqoriroq binolarni qurish xavfsiz va foydali bo‘lib qoldi. 1882 yilda shaharda birinchi osmono‘par bino paydo bo‘ldi. Bu bino «Xoum Inshurans Kompani»ga tegishli bo‘lib, temir va po‘latdan qurilgan karkas konstruktsiyali birinchi inshoot edi. U 100 qavatli bo‘lib, 90 yil keyin qurilgan Sirs-Tauyerdan 10 qavat kam edi. Sirs-Tauyerni qurish uchun 2400 ishchiga uch yil kerak bo‘ldi. Uning qurilishi 1973 yilda tugallandi. Bu bino asosi katta kvadrat shaklini eslatuvchi 9 ulkan to‘rtburchak trubadan iborat. Bino beton va tosh aralash fundamentda turadi. 9 po‘lat quvur 50 qavatni tashkil etadi. So‘ng bino toraya boshlaydi. Yana 7 ta quvur 66-qavatgacha ko‘tarilgan. 90-qava
tgacha yana 5 ta quvur ko‘tariladi va nihoyat ikkita quvur qolgan 20 etajni hosil qiladi. Ikkita televizion antenna bino balandligini 250 metrgacha oshiradi. Binoning karkasi uchun ishlatilgan po‘latdan 52000 avtomobil yaratish mumkin edi.
Bu binoning maydoni 418000 m.kv. dan ortiq. Bu 57 ta futbol maydoniday gap. Osmono‘par binoda 104 tezkor lift bo‘lib, ular binoni 3 hududga bo‘ladi va odamlarga ancha qulayliklar yaratib beradi. Binoda 16000 qora oynali derazalar bo‘lib, ularni yuvish uchun mo‘ljallangan 6 avtomatik moslamalar butun binoni yiliga sakkiz marta tozalab chiqadi.
KENNEDI KOSMIK MARKAZI
Kennedi kosmik markazi birinchi navbatda 1960-70 yillarda oyga odamlarni yuboradigan «Apollon» kosmik dasturini uchirish maydonchasi ekanligi bilan mashhur. Markaz hozirgi kunda ham faoliyat yuritish bilan bir qatorda sayohatchilar maskaniga ham aylangan. Bu yerga keluvchilar kosmik raketalar ko‘rgazmasini, xaltachalarni (chelnok) uchirish va yig‘ish komplekslarini ko‘rishlari mumkin. Bu joyda ilgari AQSh Harbiy Havo kuchlari bazasi va raketani sinovdan o‘tkazish polegoni joylashgan bo‘lib, u 1958 yilda birinchi Amerika sun’iy yo‘ldoshini uchirishda ishlatilgan edi. 1961 yil 5 mayda esa Alan Shepard «Merkuriy» fazo kemasida uchib, fazodagi birinchi amerikalik bo‘ldi. Keyinchalik prezident Kennedi 1970 yilda oyga odamni eltish uchun fazo kemasini yaratish — «Apollon» dasturini e’lon qildi. 1963 yilda Prezident o‘limidan so‘ng bu joy J. Kennedi nomli fazoviy tadqiqotchilar markaziga aylandi.
Oygacha borib yetgan «Apollon» kosmik kemasi «Saturn» nomli kuchli raketa yordamida uchirilgan edi. «Saturn» kabi raketalarni 160 metrli binoda qurishardi. Bu bino o‘z ichiga «Saturn» hajmidagi raketalardan 4 tasini sig‘dira olishi mumkin edi. Raketalarni uchirish uchun 5 km. uzoqlikdagi uchish maydonchasiga olib o‘tishardi. Butun kompleks 5000 tonna og‘irlikka ega bo‘lib, u ulkan mashina yordamida tashilar edi.
«Apollon»ni 1-uchirish 1967 yilga belgilangan edi, lekin kosmik markazda falokat sodir bo‘ldi. Uchish oldidan rejadagi tekshiruv vaqtida bortda yong‘in chiqdi va uch astronavt halok bo‘ldi. Shundan so‘ng «Apollon» dasturiga o‘zgartirish kiritildi va 1969 yil 16 iyulda Saturn raketasi «Apollon-11» kosmonavtlarini fazoga olib uchdi. To‘rt kun o‘tgach, Nil Armstrong oyga qadam qo‘ygan birinchi inson bo‘ldi.
70 yilarda «Apollon» dasturiga ajratiladigan ulkan xarajatlar yangi fazo kemasini yaratishga turtki bo‘ldi. Ushbu yangi fazo kemasi raketadan ko‘ra ko‘proq samolyotga o‘xshab ketardi va yana bir farqi uni ko‘p marta ishlatish mumkin edi. 1981 yilda yangi fazo kemasini uchirishga tayyorlash maqsadida 39-uchirish maydonchasida 4572 metrli uchish va qo‘nish yo‘lagi qurildi. 1986 yilga kelib yangi kema 24 marta fazoga muvaffaqiyatli parvoz qildi. Hali hanuz Kennedi kosmik markazi juda ko‘plab tijorat va ilmiy fazolarni amalga oshirib kelmoqda.
KANSAI AEROPORTI
Yaponiyaning Osaka ko‘rfazidagi xalqaro Kansai ayeroporti — dunyodagi quruqlikda emas suvda qurilgan yagona ayeroport. U 1994 yilda qurib bitkazilgan edi. Futuristik dizaynli, oynavand binoli bu ayeroport sun’iy orolda qurilgan. Aeroport binosining uzunligi 1,7 km. Orolni va ayeroportni qurishda yangi texnologiyalardan foydalanilgan. Bu ayeroportni dengizga qurilishining sababi nimada? Birinchidan, shahar atrofidan joy topish qiyin. Ikkinchidan shovqin darajasini pasaytirishga harakat qilingan. Kansai ayeroporti Xonsyu orolidan 5 km. uzoqlikda joylashgan. Shu sabab ayeroport 24 soat odamlarni bezovta qilmasdan faoliyat yuritishi mumkin. Samolyotlar dengiz sathi uzra ko‘tarilib qo‘nishadi.
Sun’iy orol g‘oyasini ko‘rib chiqqan muhandislar uzunligi 4 km. kengligi 1,25 km.lik orol loyihasi ustida ishlay boshladilar. Dastlab suzib yuruvchi orol g‘oyasi ko‘rib chiqilgan, lekin bu loyiha ko‘p mablag‘ talab qilardi va unchalik mustahkam emas edi. Ko‘p izlanishlar va harakatlar natijasida zamonaviy va mustahkam orol loyihasi ishlab chiqilib, 5 yil muddatda qurib bitkazildi. Avval Osaka ko‘rfazini 20 metrlik tubini qum va tuproq bilan to‘ldirishdi, ustini esa shag‘al bilan qoplashdi. Orol ustidagi shag‘al vaqt o‘tishi bilan o‘z og‘irligi bilan dengiz tubidan suvni siqib chiqardi va orol mustahkam bo‘ldi. Barjani aniq kerakli joyga keltirish uchun komyuter va sun’iy yo‘ldoshlardan foydalanildi. Nihoyat ulkan po‘lat rom orol parametri bo‘yicha cho‘ktirilib joylashtirildi. Endi orolni qurish uchun mohir muhandis kerak edi. Shundan so‘ng ular muhandislar uchun tanlov e’lon qilishdi. Tanlov g‘olibi deb Parijdagi mashhur Pompidu markazi yaratuvchilaridan biri Rentso Pyano topildi.
Aeroport qurilishi orol yaratilishi tugallanmasdanoq boshlangan edi. Pyano kompaniyasi passajirlar uchun uzunligi 1700 metrli qulay va keng bino qurishga kirishdi. Binoning markaziy qismini samolyot qanoti shaklida ishlangan ulkan tomli to‘rt qavatli bino tashkil etadi. Kompyuterlar uzluksiz ravishda 900 ta ustunning har birini balandligini nazorat qilib borardi. Chunki orol yana bir necha yil davomida cho‘kishi mumkin edi. Kansai ayeroportida bor yo‘g‘i bir qo‘nish va uchish yo‘lagi mavjud. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, undan bir yilda 160000 samolyot va 25 mln. yo‘lovchi qo‘nadi va uchadi.
SIDNEYDAGI OPERA TEATRI
Ushbu g‘ayri tabiiy zamonaviy bino Avstraliyaning eng mashhur binolaridan biridir. Shuningdek, opera teatri Avstraliyaning eng qadimgi va katta shahri Sidneyda barpo etilgan. U uch tarafdan suv bilan o‘ralgan va ulkan yelkanlar shaklida loyixalashtirilgan. 1950 yillar boshida Sidneyda yangi san’at markazi binosi loyihalarining xalqaro tanlovi bo‘lib o‘tdi. Qurilish joyi etib Bennelong burnini tanlashgan edi. Tanlovda daniyalik muhandis Yorn Uttson g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Hakamlar uning loyihasini eng zo‘r loyixa deb topishdi. Muhandisni buxtadagi yelkanlar manzarasi va atstek, maye qabilalarining ibodatxonalari ilhomlantirgan edi. Biroq bu murakkab loyihani amalga oshirish oson emas edi. 1959 yilda poydevor qurish ishlari boshlandi. Bunga to‘rt yil vaqt sarflandi. So‘ngra binoning eng murakkab qismi ko‘lanka tomlarni qurish navbati keldi. Ilgari bunga o‘xshash binolar umuman qurilmagan. Opera teatri tomining yelkanlarga o‘xshash shakli uni dunyodagi hech bir binoga o‘xshatmaydi. Ular umumiy uzunligi 350
km. bo‘lgan po‘lat troslar yordamida tortib turiladigan 2000 dan ortiq yig‘ma beton sektsiyalardan yig‘ilgan. Tomdagi qobiqlar milliondan ortiq keramik plitkachalar bilan qoplangan.
1966 yilda Yorn Uotson loyixani oxirigacha yetkazishdan bosh tortdi. Shundan so‘ng ushbu loyihani to‘rt avstraliyalik muhandis davom ettirishdi. Bir yil o‘tgach, binoning tomi qurib bitkazildi. Bino ichining qurilishiga esa yana 6 yil vaqt kerak bo‘ldi. Nihoyat bino qurib bitkazildi. 1973 yilda Qirolicha Yelizaveta II tomonidan Sidneydagi opera teatri rasman ochildi. Binoda 4 ta asosiy sahna bor. Kontsert zali 2600 kishini o‘ziga sig‘dira oladi. Tomning yuqori cho‘qqisi ko‘rfaz satxidan 67 metr balandda. Opera zali kichikroq. Unda 1500 o‘rindiq mavjud. Qolgan ikki sahna esa drama aktyorlariga taqdim qilingan. Opera teatriga birinchi 20 yilda 36 mln. kishi tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich Avstraliya aholisidan ikki baravar ko‘pdir.
LA-MANSh OSTIDAGI TUNNEL
Dunyodagi eng uzun suv osti tunneli La-Mansh bo‘g‘ozi ostidan o‘tadi. Shuningdek, bu tunnel Angliyani Frantsiya bilan bog‘lab turadi. Bu misli ko‘rilmagan muhandislik namunasidir. Tunnelning uzunligi salkam 50 kilometr va shuning 38 kilometri suv ostidan o‘tkazilgan. Bo‘g‘oz ostidagi tunnel Britaniyani qit’a bilan bog‘lovchi zamonaviy transport tizimi sifatida 1994 ochilgan edi. Oxirgi 200 yil ichida La-Manshni kesib o‘tishni ko‘p yo‘llari ishlab chiqildi. Tunnel loyihasi dastlab 1802 yilda taklif etilgan. Uni yaratish bo‘yicha qo‘mita esa 1892 yilda tashkil etilgan. O‘shanda ba’zi muhandislar bo‘g‘oz ostidan ko‘prik qurishni taklif etishgan edi. 1985 yilda Britaniya va Frantsiya hukumatlari mamlakatdagi qurilish kompaniyalariga bu loyixa ustida jiddiy izlanishlar olib borishni taklif etishdi. Oradan bir yil o‘tgach, taklif etilgan 9 ta loyixadan bittasini tanlab olishdi.
Aslida uchta tunnel mavjud bo‘lib, ulardan ikkitasi temir yo‘l, uchinchisi esa xizmat ko‘rsatish yo‘li. 1987 yil dekabrida Britaniya qirg‘oqlarida qurilish ishlari boshlab yuborildi. Frantsiyadagi qurilishlar uch oy o‘tgach boshlandi. Ulkan qazuvchi va aylanuvchi uskunalar bilan jixozlangan mashinalarda 1 km. masofani qazish uchun bir oygacha vaqt sarflanar edi. Xullas tunnel qazish ishlari uch yil davom etdi.
Tunnel o‘rtacha hisobda dengiz tubidan yana 45 metr pastlikda qazib chiqilgan. Qurilish tugallanishiga har ikkala tomon orasida 100 metr qolganda ishchilar tomonidan qazildi. Nihoyat 1990 yilda ikki tomon uchrashdi. Qolgan ikki temir yo‘l tunnelini 1991 yil 22 may va 28 iyunda tugatishdi. Oradan 7 oy o‘tgach relslarni o‘rnata boshlashdi. Bu orada angliyalik va frantsiyalik muhandislar temir yo‘l terminallari ustida ish olib borishardi.
1994 yilning 6 mayida Qirolicha Yelizaveta II va prezident Mitteranlar tunnelni tantanali ravishda ochishdi.
Mashinalar tunneldagi poyezdlardan harakatlanuvchi shosse sifatida foydalanadilar. Ular vagonlarga bir tomondan kirib, 35 daqiqalik masofa bosib o‘tilgach, ikkinchi tomondan chiqib ketishadi.
KONKORD
Konkord dunyodagi yagona tezligi tovush tezligidan yuqori bo‘lgan samolyot. Bu samolyot paydo bo‘lishi bilan xavo transportida haqiqiy inqilob yuz berdi. Hozirga qadar u tezlik va qulaylik timsoli bo‘lib kelmoqda. Yer yuzasida tovush soatiga 1225 km. tezlik bilan harakatlanadi. Tovushning havodagi tezligi bir oz sekinroq. Uchuvchilar uni «Max-1» deb ataydilar. Tabiiyki, tovush tezligining ikki karra oshirilgani «Max-2» deb ataladi. 1940 yillarga kelib, tezuchar samolyotlar «Max-1» darajasidagi tezlikka yetgan edilar. Keyinchalik 1947 yilda AQSh harbiy havo kuchlari samolyoti tovush tezligidan ham yuqori natijani zabt etdi. Uchuvchilar samolyot tovushdan tezroq uchayotganda tovush to‘lqinlariga yetib olishini va bu vaziyatda qandaydir to‘siqdan o‘tganday tuyulishini kuzatishdi. Bu to‘siqni yorib o‘tish jarayonida momoqaldiroqqa o‘xshash baland tovush chiqar ekan. Undan tashqari samolyotlar haddan tashqari qizib ketadi. Yuqoridagilarning barchasiga qaramasdan muhandislar ana shu jarayonlarga bardosh bera oladi
gan tovushdan tez samolyotni yaratishga kirishdilar.
1950 yil boshlarida britiniyalik va frantsiyalik muhandislar parallel ravishda tovush tezligidan tez ucha oladigan layner ustida ish olib bordilar. So‘ngra 1962 yilda Britaniyaning «British-Eyrkraft» va Frantsiyaning «Aerospasyal» korporatsiyalari hamjihatlikda ishlay boshladilar. Ular yana Rolls-Roys va reaktiv dvigatel ishlab chiqaradigan «SNEKMA» kompaniyalari bilan birga ish olib bordilar. Hamkorlar bo‘lajak samolyotni «Konkord» deb atashni ma’qul topishdi. Yetti yillik ish natijasida 100 o‘rinli ixcham samolyot paydo bo‘ldi. Uning orqaroqqa tortilgan qanotlari va ko‘tarilish, qo‘nish jarayonida tushiriladigan old qismi katta ahamiyatga ega. Har ikkala davlatda ikkitadan «Konkord» ishlab chiqarildi. Birinchisi 1969 yilning 2 martida Frantsiyada, Tuluzada havoga ko‘tarildi. Uchuvchi va muhandislar uni sinab ko‘rish maqsadida jami 5000 soat unda parvoz qilishdi. Bu sinov uni dunyoga «eng sinalgan samolyot» nomi bilan tanitdi. Nihoyat 1976 yilda Konkord «British Eyrveys» va «Er Frants» tomonidan sotib olindi.
Hozirgi kunda ikkala aviakompaniyada yettitadan «Konkord» mavjud. Hammasi bo‘lib 16ta tseriyali model yaratilgan bo‘lib, ularning ikkitasi sinov uchun ishlatiladi. Konkordning uzunligi — 62,1 metr, qanotlari — 25,5 metr. U 18300 metr balandlikda «Max-2» tezligida, ba’zi o‘qlardan ham tez ucha oladi. Asosan u London va Parijdan Nyu-Yorkka uchadi. 1990 yilda Konkordning Nyu-Yorkdan Londonga uchish jarayonida ko‘rsatgan vaqti rekord natijani ya’ni 2 soat 45 daqiqani ko‘rsatdi. Bu natija Konkordni Atlantika okeanini 3 soat ichida kesib o‘tishini bildiradi.
Garchi Konkord texnologiya nuqtai nazaridan mo‘jiza xisoblansada, uning tijorat borasida omadi chopmadi. Konkordni ishlab chiqarish va undan foydalanish to‘xtatildi. Hozirgi samolyotlar Konkordga nisbatan kattaroq. Shuningdek, qo‘shimcha yoqilg‘isiz uzoq masofalarni ham bosib o‘tadi, yo‘lovchi va yuklarni ham ko‘proq oladi.
ASVON TO‘G‘ONI
Ulkan to‘g‘on dunyodagi eng uzun daryo Nilning suvlarini ushlab turish uchun qurilgan. To‘g‘on yil davomida suv oqishini muttasil saqlab turishga yordam beradi. Shu bilan bir qatorda mamlakatning shahar va zavodlarini elektr bilan ta’minlab turadi. Tarixdan ma’lumki, qadim zamonlardan beri Nilning suvlari har yili toshadi. Bu toshqin yerda hosildor balchiqni qoldiradi va dehqonlarning mo‘l xosil olishiga katta yordam beradi. Ammo yirik toshqinlarning o‘ziga yarasha muammolari ham bor. Buning natijasida ko‘plab uylarni va hosildor dalalarni yuvib ketadi. Yilning qolgan qismida esa qirg‘oqchilik bo‘ladi. 1902 yilda toshqinlarni oldini olish uchun muhandislar Asvondan janubroqda to‘g‘on qurishdi. Keyinchalik bu to‘g‘on 1912 va 1933 yillarda yanayam balandroq qilib ko‘tarildi. Biroq, birinchi qurilgan Asvon to‘g‘oni Nil suvlarining toshqiniga bardosh bera olmayotgan edi. Shu sabab 1960 yilda yangi va baland Asvon to‘g‘oni ustida ishlar olib borildi. Bu to‘g‘onning uzunligi 3,6 km.dan ortiq, balandligi esa 111 met
r, yuqori qismining kengligi 40 metrni tashkil etadi. To‘g‘onning daryo tubidagi pastki qismining kengligi 925 metrdir. To‘g‘on 10 yil mobaynida qurib bitkazilgan.
Yomg‘ir mavsumida to‘g‘onning foydasi juda katta. To‘g‘ondan yuqoriroqda uzunligi 500 km.lik suv havzasi qurildi. Uni Misr prezidenti sharafiga Naser ko‘li deb atashdi. Bu ko‘lning barpo etilishi uchun 50000 ga yaqin odam o‘z uylarini bo‘shatib berishiga to‘g‘ri keldi. Ularni Asvondan 50 km. shimolroqqa ko‘chirishdi. Ko‘l qurilishi natijasida bir necha ibodatxonalar va orollar qolib ketdi. U yerdagi ibodatxonadan Ramzes-II va Nefertari ibodatxonalari 30 tonnalik bo‘laklarga bo‘linib, daryo uzra ko‘tarilib turgan tepaliklarga qayta yig‘ilib, qurildi. Yana bulardan tashqari, suv ostida qolib ketishi mumkin bo‘lgan bir nechta ibodatxonalar ham boshqa joyga ko‘chirildi.
Naser ko‘lida yig‘iladigan suv qishloq xo‘jaligi uchun sarflanadi. Bundan buyon mo‘l hosilni har yili olish mumkin. Shuningdek, to‘g‘ondan o‘tayotgan suv turbinalarni aylantirib o‘tadi va Misrning yarmini elektroyenergiya bilan ta’minlab turadi. Lekin to‘g‘on xosildor balchiqni daryoning quyi qismiga o‘tishiga yo‘l bermaydi. Natijada dehqonlar yer uchun turli kimyoviy o‘g‘itlarni ko‘proq ishlatishga majbur bo‘lib qoldilar. Yana bir salbiy tomoni yer osti suvlarining yuqoriga ko‘tarilishi hosildorlikni kamaytiruvchi tuzlarni olib chiqa boshladi.
Mehriddin Shukurov tayyorladi.