Aqllar jangi, tuyg‘ular va istaklar mahorabasi bo‘lgan shaxmat barcha ilm ahli va tafakkurga oshno kishilarni o‘ziga oshufta etmay qolmagan. Shaxmat xotirani zaiflashishdan saqlaydi, ishchanlik qobiliyatini kuchaytiradi, bir so‘z bilan aytganda yoshlarning komil insonlar bo‘lib voyaga yetishida uning o‘rni benihoya yuqori.
Bugungi kunda mamlakatimizda boshqa sport turlari kabi shaxmatga ham yuksak e’tibor qaratilayotgani boisi ham ana shu mezonlar bilan bog‘liq, desak yanglishmaymiz. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasi o‘laroq, yurtimizda qit’a va jahon chempionlari yetishib chiqayapti. Birgina Rustam Qosimjonovning jahon shaxmat tojiga muyassar bo‘lgani ham mamlakatimiz nomini shaxmat tarixiga oltin harflar bilan muhrladi.
Odatda, shaxmat haqida gap ketganda, unga sportdan ko‘ra san’atga — she’riyatga yaqinroq deb baho berishadi. Muqoyasa etadigan bo‘lsak, shaxmatni 64 ta katak ichiga jo bo‘lgan hayotga, tafakkur o‘yiniga, go‘zallik va nafosat kurashiga qiyos etish mumkin. Ne ajabki, bu dunyoning ham o‘ziga xos sinoatlari, qonun-qoidalari mavjud. Inchunun, bu olamda qiziqarli voqealar, turli ajoyibotlar ro‘y berib turadi. Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan kechmishlar ham shaxmatga tashna ko‘nglingizga ravshanlik ulashadi, degan niyatdamiz. Sevimli shoirimiz lutf etganidek, «O‘yin ermak emas, she’r ham shaxmat ham — Aqllar kurashi, tuyg‘ular jangi. Bu jangda qo‘yilgan har bitta qadam, Faqat to‘g‘ri bo‘lsin, go‘zal va yangi».
***
Shaxmat bo‘yicha bir necha karra jahon chempioni Maks Eyve poyezdda ketayotganida notanish hamrohi unga vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun yo‘l-yo‘lakay shaxmat o‘ynab ketishni taklif qiladi. To manzilga yetgunicha 5 partiya o‘ynashgan bo‘lsa-da, nuqul yutqazaverganidan jig‘ibiyron bo‘lgan sherigi, oxiri shaxmat taxtasini bir chetga uloqtirib o‘ziga-o‘zi deydi:
— Jin ursin, ishxonada meni tashkilotimizning Eyvesi deb maqtashardi. Naq besh marta chempion bo‘lganman. Kelib-kelib bitta ko‘chadagi allaqanday odamga yutqizib tursam-a?! Tanishlar eshitib qolsa, rosa ustimdan kulishsa kerak.
* * *
Angliyada o‘tgan musobaqa tugagach, grossmeyster Flor mehmonxonadagi liftga chiqadi. Ma’lumki «flor» so‘zi inglizchada «qavat» degan ma’noni anglatadi. Liftga birga chiqib qolgan hamrohi undan odatga ko‘ra «Nechanchi qavatga? (flor)» deb so‘raydi. Haliyam g‘oliblik nashidasidan sarmast grossmeyster gap musobaqa haqida ketayapti, deb o‘ylab, maqtangannamo: «Albatta, birinchi» deb javob beradi.
Buni «birinchi qavatga» deb tushungan hamrohi lift tugmachasini bosolmay angrayib qoladi.
* * *
Xalqimiz orasida ham shaxmat haqida ko‘plab rivoyatnamo gaplar yuradi. Masalan, qadimda ikki do‘st bo‘lib, ikkalasi ham shaxmat o‘ynashga mukkasidan ketgan ekan. Hatto ulardan biri izg‘irin qish kunlarida 30 chaqirim naridan ot bilan sheriginikiga kelib shaxmat o‘ynab ketishni kanda qilmaskan.
Bir kuni ular yarim tungacha shaxmat o‘ynab ham bir-birini yenga olmabdi. O‘yinni ertasi kuni davom ettirishga kelishib olishgach, sherigi yarim tunda otiga minib, uyga qaytibdi. Xayolidan tugallanmay qolgan o‘yin hech ketmasmish. Endi uyiga yetay deb qolganda, otini qurbon qilib, do‘stini mot qilishi mumkinligi xayoliga kelib qolibdi. o‘oliblik lazzatidan sarmast bo‘lib, uyga ham kirib o‘tirmay, yana do‘stinikiga qaytib boribdi. Tong qorong‘usida xijolatomuz eshikni taqillatsa, do‘stiyam uxlamagan ekanmi, «Qaytib ketaver, baribir otingni olmayman», degan ekan.
***
Muarrixlarning yozishicha, harb ilmida tengsiz sarkarda Sohibqiron Amir Temur shatranj o‘ynashni yaxshi ko‘rgan. Hatto unga qanoat qilmay bu o‘yinning murakkab turini o‘ylab topadi va unga «Shatranji komil» yoki «Shatranj al-kabir» deb nom beradi.
Bir kuni Amir Temur ana shu 112 katakli taxtada mulozimlari bilan dona surib o‘tirganida choparlar unga ikkita quvonchli xabarni keltirishadi. Birinchisi, o‘g‘il farzand ko‘rgani, ikkinchisi esa Sayxun bo‘yida qurdirayotgan shahari bitgani haqida edi. Hukmdor bu ikki xushxabarni raqibiga endigina rux bilan shoh bergan payti eshitgani bois o‘g‘liga Shohrux, shaharga esa Shohruxiya deb nom beradi.
* * *
Alyoxin ismli buyuk shaxmatchi haqida eshitmagan odam bo‘lmasa kerak. Polshalik yosh grossmeyster Miguyel Naydorf 1939 yili Buyenos-Ayresda o‘tgan musobaqada u bilan uchrashib, do‘stlashib qoladi. Gap orasida u Alyoxinga «sizni avval yutganman» deb maqtanadi. Alyoxin 1932 yilda o‘tkazilgan musobaqada ikki partiyada ham durang qayd etilganini aytib, uni yolg‘onchilikda ayblaydi. Shunda Naydorf miyig‘ida kulib, «1929 yil Varshavaga kelganingizda birvarakayiga 32 taxtada seans olib borganingizni eslay olasizmi?», — deb so‘raydi.
Alyoxinning qoshlari chimiriladi. «Ha, o‘sha 32 o‘yinning 2 tasini shaxmat taxtasiga qaramay o‘ynagandim, ulardan birida mag‘lubiyatga uchraganim ham rost. Nahotki, 10 yil oldin N7 xonasida ruxni qurbon berib, meni chuv tushirgan bolakay siz bo‘lasiz?» deydi u hayrat bilan.
* * *
Turli tadbirlar va shou uchrashuvlarni yoqtiradigan mashhur shaxmatchilardan birini boshqa mamlakatga seans o‘tkazish uchun taklif qilishibdi. U birato‘la 15-20 kishi bilan shaxmat o‘ynagach, tadbir so‘nggida shaxmat muxlislari bilan suratga ham tushadi. Keyin yana o‘z mamlakatiga qaytib ketadi.
Ertasi kuni musobaqa tashkilotchilari suratkash ko‘tarib kelgan suratga qarasalar, hamma boru, negadir jahon chempioni ko‘rinmasmish.
— Suratda yana bir kishi bo‘lishi kerak, edi. Qani u? — desalar, suratkash ham bo‘sh kelmay: «O‘sha oldinda o‘tirgan semiz va beso‘naqay odamni aytayapsizlarmi, rasm sifatli va chiroyli chiqishi uchun uni olib tashladim», — deb javob beribdi.
Inomjon Abdiyev tayyorladi
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).