Bayroqlar ilk bor qachon paydo bo‘lgan?

Bayroq nima o‘zi? Bu matodan qilingan ramz yoki belgidir. Uni ko‘tarib yurish, silkitish, hilpiratish mumkin. Odatda, biror bir bayroqni ko‘tarib yurgan yoki osib qo‘ygan kishilar o‘zlarining muayyan bir davlatga yoki tashkilotga mansub ekanligini ko‘rsatadilar deb hisoblanadi.

Bayroq yaratish g‘oyasi, shubhasiz bundan ming yillar muqaddam qadimgi ovchilar va jangchilar orasida tug‘ilgan. Ular uzlarini dushmanlari ham, do‘stlari ham olisdan tanishlarini istaganlar: ayni paytda ular ham kim kelayotganligiga qarab o‘zlaricha tayyorgarlik ko‘rganlar, agar do‘stlari kelsa quchoq ochib kutib olsalar, dushmanlarni harbiy tayyorgarlik bilan qarshilaganlar. Shuning uchun ilk bayroqlar hayvonlarning terisidan yoki qushlarning patlaridan yasalgan.

Qadimgi Misrda askarlar uzun xoda ko‘tarib yurganlar, ushbu xodaning tepasiga esa muayyan qushning yoki hayvonning, yo bo‘lmasa biror narsaning tasviri tushirilgan. Matodan tayyorlangan birinchi bayroqlar xitoyliklarda va hindlarda paydo bo‘lgan. Masalan, xitoylarda matodan tayyorlangan bayroqlar eramizdan avvalgi 1100-yillarda ham mavjud bo‘lgan deb hisoblanadi. Rim askarlari ham dastlab xodalarga o‘rnatilgan turli hayvonlarning tasvirini ko‘tarib yurishgan. Keyinchalik ularda ham matodan qilingan bayroqlar paydo bo‘lgan.

O‘rta asrlar mobaynida Yevropada ham bayroqlar keng tarqaldi. Diniy mazhab urushlari davrida salbchilarning ham o‘z bayroqlari bor edi. Qirol oilalari va aslzodalarning ham o‘z bayroqlari mavjud edi. Bu bayroqlarda ular nasabining ramz va belgilari ifodalangan.

Eng qadimiy davlat bayrog‘i, shubhasiz, qizil matoga oq xoch (krest) tasviri tushirilgan Daniya bayrog‘idir. Mavjud rivoyatlarga ko‘ra u 1219 yilda paydo bo‘lgan.