Ziyouz – “MIT.uz” milliy internet-tanlovi g‘olibi

24 sentyabr kuni “Turkiston” saroyida “InfoCOM – 2013” – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida yoshlar o‘rtasida “MIT.uz” milliy internet-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tanlov “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan qator vazirlik, idora va tashkilotlar hamkorligida shu yilning 1 martidan 1 avgustigacha davom etdi. “MIT.uz” milliy internet-tanlovi mamlakatimiz axborot resurslari va servislarini yaratish hamda rivojlantirish, yoshlar uchun mo‘ljallangan, shuningdek, axborot madaniyatini shakllantirishga ko‘maklashadigan sifatli internet-loyihalarni ommalashtirish, xavfsiz internet makonini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish, yosh veb-dizaynerlar hamda dasturchilarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, internetda yoshlar segmentini yanada kengaytirish va rivojlantirishga qaratilgan.

Tanlovda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan ming nafardan ortiq yigit-qiz qatnashdi. UZ domeni veb-resurslaridan tashqari xorijiy domenlarda joylashtirilgan saytlar ham namoyish etildi.

Tanlovga ijodiy ishlar bilan bir qatorda 225 internet-sayt, 700 ariza – fotosuratlar, videoroliklar va fotokollektsiyalar ham taqdim etildi. Taqdim etilgan saytlarning 60 foizdan ortig‘i shu yil ishga tushirilgan.

Tanlovga kelib tushgan jami 1002 ijodiy ishning eng yaxshilari to‘qqizta asosiy va beshta qo‘shimcha nominatsiya bo‘yicha tanlab olindi. Xususan, “O‘zbekistonning boy madaniyati, san’ati, tarixi va mustaqillik g‘oyasini aks ettiradigan eng yaxshi sayt”, “Mahalla, qishloq va shaharning eng yaxshi fotosurati”, “O‘zbek mumtoz she’riyati va adabiyotini targ‘ib qiluvchi va yoshlar ishtirokida tayyorlangan eng yaxshi rolik”, “O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini aks ettiruvchi eng yaxshi sayt”, “Eng yaxshi yangiliklar sayti”, “Foydalanuvchilar fikri bo‘yicha eng yaxshi sayt” va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha uchtadan sovrindor aniqlandi.

Tanlovning “O‘zbekistonning boy madaniyati, san’ati, tarixi va mustaqillik g‘oyasini aks ettiradigan eng yaxshi sayt” nominatsiyasida Ziyouz portali ikkinchi o‘rinni egalladi. Bir kun oldin bo‘lib o‘tgan UZ Milliy domeni-2013 internet-festivalining “Fan va ta’lim sohasida eng yaxshi sayt” yo‘nalishida www.ziyouz.uz portali birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.