Qozog‘iston Respublikasining poytaxti Astana shahrida Expo-2017 doirasida 26-27 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan «O‘qiyotgan dunyoda kitobxon millat» («Readning nation in the reading world» – «Oqu әlemіndegі oqыrman ұlt» | «Chitayuщaya natsiya v chitayuщem mire») xalqaro simpoziumida Ziyouz elektron kutubxonasi ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Butun dunyodan 400 nafar ziyolilarni jamlagan ushbu anjumanni Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Qozog‘iston Respublikasi Milliy akademik kutubxonasi va Qozog‘iston madaniyat ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etgan.
Anjumanning birinchi kunida “Mutolaa va tafakkur”, “Bolalar va yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib etish”, “Biz nega o‘qiymiz?”, “XX asrgacha bo‘lgan turkiy manbalar” kabi mavzularda qiziqarli ma’ruzalar bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng ishtirokchilar Astana shahrida bo‘lib o‘tayotgan Expo-2017 xalqaro ko‘rgazmasiga taklif qilindilar.
Simpoziumning ikkinchi kunida qatnashchilar 8 ta sessiyalarga bo‘linib, “Milliy axorot siyosati va xalqaro hamkorlik jarayonida milliy kutubxonalar”, “Kutubxonalar va muzeylar: ularning jamiyatdagi roli”, “Bolalar adabiyoti va zamonaviy ta’lim: tendentsiyalar va istiqbollar”, “Jahon axborot tarmog‘idagi manbalar integratsiyasi”, “Turkiy xalqlar madaniy aloqalari” mavzularida muhokamalarni davom ettirdilar.
«O‘qiyotgan dunyoda kitobxon millat» xalqaro simroziumi doirasida “5-Turkiy tilli o‘lkalar milliy kutubxonalari rahbarlari xalqaro konferentsiyasi” ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu konferentsiyada Ziyouz elektron kutubxonasi rahbari Davronbek Tojialiyev «Elektron kutubxona ma’lumotlar bazasini saqlashning muhim xususiyatlari» mavzusida ma’ruza qildi va Ziyouz elektron kutubxonasi haqida taqdimot o‘tkazdi.
«Dinara & Co» nashriyot uyi direktori Dinara Do‘ltayevaning «Welcome to Uzbekistan» seriyasidagi kitoblari taqdimoti ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.
Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tatariston, Boshqirdiston, Gagauziya, Saxa Respublikasi milliy kutubxonalari kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zlarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar.
«O‘qiyotgan dunyoda kitobxon millat» xalqaro simroziumi doirasida «Turkiy dunyo ranglari» fotoko‘rgazmasi ham o‘tkazildi. Unda O‘zbekistondan Muhiddin Alining 10 ta surati ham namoyish etildi.