2016 yil 14-17 noyabr kunlari Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan “4. Turkiy tilli o‘lkalar milliy kutubxonalari rahbarlari konferentsiyasi”da Ziyouz elektron kutubxonasi ham ishtirok etdi.
Turkiya jumhuriyati madaniyat va turizm vazirligi hamda Turkiya milliy kutubxonasi tashkil etgan konferentsiyada Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Boshqirdiston, Tatariston, Kipr, Gagauziya kutubxonalari qatorida, Ziyouz elektron kutubxonasi ham taqdimot o‘tkazdi.
Turkiy tilli davlatlar Mustaqilligining 25 yilligi hamda Turkiya milliy kutubxonasi tashkil etilganining 70 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan konferentsiyada mamlakatlar kutubxonalari orasida hamkorlikni rivojlantirish, yangi texnologiyalar va manbalar almashishda ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.
Konferentsiyaning rasmiy ochilish marosimida nutq so‘zlagan Turkiya jumhuriyati madaniyat va turizm vaziri Nabi Avji shunday dedi: “Milliy kutubxonalar turkiy tilli o‘lkalar orasidagi hamkorligimizning eng muhim nuqtalaridan biridir. Har bir milliy kutubxona, avvalo, o‘sha millatning milliy xotirasidir. Bir-biriga yaqin, bog‘liq bo‘lgan bu milliy xotiralarni birgalikda jonlantirish, rivojlantirish davr talabidir. To‘rtinchi marta o‘tkazilayotgan ushbu konferentsiya davomida barchamiz uchun foydali qarorlar qabul qilinadi, degan umiddaman”.
Turkiy tilli o‘lkalar milliy kutubxonalari rahbarlarining ilk konferentsiyasi 2006 yili Anqara shahrida o‘tkazilgan. Ikkinchi va uchinchi konferentsiyalarga Boku va Bishkek mehmonlik qilgan.