13 noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida ozarbayjonlik taniqli yozuvchi va dramaturg Yunus O‘g‘uzning “Malika va jodugar” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda asar muallifining o‘zi ham ishtirok etib, o‘zbek kitobxonlari savollariga javob berdi.
“Malika va jodugar” romanida Ozarbayjon tarixining eng murakkab pallasi – Safaviylar davlati inqiroziga oid voqealar qalamga olingan. Muallif Mozandaron malikasi Xayrinisoning kechmishi orqali safaviylar sulolasining inqirozi, saroy fitnalari, adolat va e’tiqod yo‘lidagi kurashlarni ochib bergan. Asarni shoir va tarjimon Usmon Qo‘chqor o‘zbek tiliga o‘girgan.
“Hozirga qadar turkiy xalqlar tarixiga oid bir qator romanlarim chop etildi. “Malika va jodugar” asari ham shu turkumdagi romanlar sirasiga kiradi. Tarixiy mavzuga ko‘p murojaat qilishimning boisi bor: asarlarim orqali turkiy xalqlarning dunyo tamaddunidagi beqiyos o‘rnini ko‘rsatib berishni xohlayman”, – deydi yozuvchi Yunus O‘g‘uz.
Hozirga qadar adibning “Attila”, “Amir Temur”, “Shoh Tahmosib”, “Nodirshoh” kabi tarixiy romanlari jahon tillariga tarjima qilinib nashr qilingan. “Amir Temur” nomli ikki kitobdan iborat dilogiya 2013 yili Toshkentda ham chop etilgan.
“Boshqa turkiy millatlar qatori o‘zbek xalqi ham dunyo tsivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan, buyuk tarix yaratgan. Men o‘zbeklarning tarixini o‘z tarixim deb bilaman. Ulug‘ sarkarda va hukmdor Amir Temur haqidagi romanim o‘zbek xalqining shonli tarixiga ehtiromim ifodasidir”, – deydi ozarbayjon adibi.
Taqdimotda qayd etilishicha, yozuvchi “Malika va jodugar” romanida ham tarixiy haqiqat va badiiy to‘qimani mahorat bilan uyg‘unlashtira olgan.
“Ozarbayjon va o‘zbek xalqi mushtarak o‘tmish va uyg‘un madaniyatga ega. Xalqlarimiz ko‘p asrlardan buyon do‘stu qardosh bo‘lib yashab keladi. Ayniqsa, ikki davlat mustaqillikka erishganidan keyin hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Adabiyot va san’at esa asrlar mobaynida xalqlarimiz o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘lib kelgan. Shu ma’noda, yozuvchi, dramaturg va faylasuf Yunus O‘g‘uz o‘z ijodi bilan do‘stligimizni mustahkamlashga xizmat qilmoqda”, – deydi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi rahbari Samir Abbosov.
“Malika va jodugar” romani taqdimoti INFOLIB–2015 tadbiri doirasida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi tomonidan tashkil etildi.
Sobir Salim