Hafta davomida OAV va xalqaro jamoatchilik e’tibori Falastin rahbari Yosir Arofat salomatligi bilan bog‘liq hodisalarga qaratildi. 29 oktyabr kuni Arofat salomatligi yomonlashgani sababli Parijdagi harbiy kasalxonaga yotqizilgan edi. Kunlar o‘tishi bilan uning ahvoli og‘irlashib bordi. U bir necha kun davomida reanimatsiyada behush yotdi. Ommaviy axborot vositalarida Arofat haqida bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan xabarlar tarqatdi.
Vaziyat bilan bevosita tanishish uchun haftaning dushanba kunida Yosir Arofatdan xabar olish maqsadida Falastin ma’muriyati Bosh vaziri Ahmad Quray, Falastin ozodlik tashkiloti Bosh kotibi Mahmud Abbos, Tashqi ishlar vaziri Nabil Shaat va Parlament raisi Ruti Fati Parijga borgandilar. Seshanba kuni Falastin ma’muriyati delegatsiyasiga reanimatsiya xonasiga kirib, Yosir Arofatning holidan xabar olishga ruxsat berildi.
Yosir Arofatni ko‘rib chiqqanidan keyin Falastin ozodlik tashkiloti Bosh kotibi Mahmud Abbos Falastin rahbarining ahvoli «o‘ta jiddiy» ekanini ma’lum qilgandi. Parijdagi mehmonxonalarning birida bo‘lib o‘tgan matbuot konferentsiyada Falastin Tashqi ishlar vaziri Nabil Shaat o‘shanda Arofat olamdan o‘tmaganini, uning yuragi, o‘pkasi va bosh-qa a’zolari ishlayotganini, ammo uning miyasiga qon quyilganini ma’lum qilgandi. Falastin rasmiysi Arofat saraton kasalligiga chalinmaganini aytgandi.
Falastin muxtoriyati rahbari, Falastin ozodlik harakatining mashhur yetakchisi Yosir Arofat 75 yoshida Frantsiya poytaxti yaqinidagi harbiy kasalxonada olamdan o‘tdi.
Arofat Ramallohda dafn etiladi. Falastin xalqi mustaqillik va ozodlik uchun kurashgan yetakchisi bilan vidolashmoqda. Lekin shuni alohida ta’kidlash kerakki, Falastin rahbari Yosir Arofat murakkab siyosiy meros qoldirdi.
U o‘z hayotini mustaqil Falastin davlatini barpo etishga bag‘ishladi. Yosir Arofatning asl ismi Muhammad Abdul-Rauf Arofat Asqudva al-Hussayniy bo‘lib, u 1929 yilda tug‘ilgan. Ko‘plar Arofatni Misrda tug‘ilgan desa, ayrimlar Quddus yoki G‘azo mintaqasini tilga oladi. Bolaligidanoq Arofat Yosir ismi bilan tanilgan. Falastinliklar esa, uni Abu Umar deb atashadi.
U 17 yoshga kirmay turib, Kohiradan Falastinga g‘ayriqonuniy ravishda qurol-aslaha olib o‘ta boshlagani haqida ma’lumotlar bor. O‘sha davrda falastinliklar Britaniya va yahudiylarga qarshi kurashayotgan edi. 50-yillarda, ya’ni talabalik davrida ham Yosir Arofat shu faoliyatni davom ettirdi. U injener diplomini qo‘lga olganidan so‘ng ham Misrdan Isroilga qurol olib o‘tish bilan shug‘ullangandi.
1958 yilda Arofat bir guruh safdoshlari bilan «Fath» guruhiga asos soladi. 60-yillar o‘rtalarida esa, Falastin Ozodlik tashkilotini tuzadi. Har ikkala tuzilma Isroilga hujumlar uyushtirish bilan shug‘ullangan. Ko‘p o‘tmay «Fath» Falastindagi eng qudratli tashkilotga aylanadi. Ayni vaqtda Falastin ozodlik tashkilotining nufuzi shu qadar ortadi-ki, Isroil hukumati uni Falastin xalqining rasmiy va ramziy vakili sifatida e’tirof etadi. Arofat esa, tashkilotning ijroiya qo‘mitasi rahbari etib tayinlanadi.
Isroil va uni qo‘llab-quvvatlagan AQSh qatorida xalqaro hamjamiyatning ayrim boshqa a’zolari ham Arofatni terrorchi deb ayblaydi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan 1988 yilda u BMTda chiqish qilib, terrorchilikni rasman qoralagandi va o‘z pozitsiyasini aytgandi.
90-yillarga kelib Isroil va Falastin munosabatlari ancha yaxshilangan edi. 1994 yilga kelib esa, Arofat Isroil rahbari Itsxak Rabin va tashqi ishlar vaziri Shimon Peres bilan birgalikda Nobel Tinchlik mukofoti bilan taqdirlangandi.
1996 yilda Arofat Falastin muxtoriyati prezidenti etib saylanadi. Keyingi yillarga kelib Isroil-Falastin munosabatlari yana keskinlashadi va natijada 2002 yilda AQSh Prezidenti Jorj Bush falastinliklar yangi rahbarni saylashi kerak, deb ta’kidlagandi.
Isroil hukumati buyrug‘i bilan, Isroil tanklari Arofatning Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi Ramalloh shahrida joylashgan qarorgohini qurshovga oldi va o‘sha vaqtdan to Parij kasalxonasiga yotqizilgunicha Falastin prezidenti uy qamog‘ida saqlangan edi.
Sherzod AHMATOV tayyorladi