Toshkentda “SAI” yapon barabanchilar guruhining kontserti bo‘lib o‘tdi. Ijodiy tadbir Yaponiyaning yurtimizdagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston madaniyat vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri hamda Ikuo Hirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyi ko‘magida tashkil etildi.
Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama tadbir mehmonlarini qutlar ekan, ijodiy dastur ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilganini urg‘uladi.
“Tayko, baraban – butun dunyoda olis davrlardan beri yashab kelayotgan cholg‘udir. Yaponiyada u o‘ziga xos tarzda mukammallik kasb etgan: barabanning yog‘och qutisi teri bilan qoplangan, bu esa uning tovushini uzoq masofalarga ham yetkazish imkonini bergan. Shunga ko‘ra, ushbu musiqa asbobidan ma’lumot uzatish vositasi sifatida foydalanilgani aytiladi. Barabandan inson yuragiga hamohang holda taraladigan tovushlar azal-azaldan yapon xalqi qalbini to‘lqinlantirib kelgan. Shu tariqa baraban festivallarda yangraydigan asosiy cholg‘uga aylandi. Keyinroq esa yapon barabanlarida yakkaxon tarzda ijro etiladigan, “vadayko” deb atalgan betakror janr shakllandi”, – deya o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi Yaponiya elchisi.
Yaponiya elchisi Yoshinori Fujiyama
Diplomat yapon barabanchilarining Toshkentdagi so‘nggi kontserti 2016 yilda Yaponiya sobiq bosh vazirining rafiqasi Akie Abe xonim tashrifi doirasida tashkil etilganini yodga oldi.
Olti yil avvalgi kontsert ham, bugungi dastur ham yaponlar ishtirokida barpo etilgan akademik katta teatr binosida o‘tishi ramziy ma’no kasb etishi ta’kidlandi.
“SAI” vadayko barabanchilarining professional guruhi hozirga qadar 25 davlatda ikki mingdan ortiq kontsert dasturlarini taqdim etgan. Ijodiy jamoa 2005 yilda universitet guruhi sifatida tashkil etilgan edi. Guruh a’zolari nafaqat vadayko barabani, balki yapon fleytasi va boshqa cholg‘ularda ham kuylar ijro etadi. “SAI” guruhi kontsert dasturlari odatda san’atkorona tryuklar, yorqin liboslar hamda jo‘shqin baraban sadolari ostida betakror tomoshaga aylanib ketadi. Ijodiy jamoa yirik kompaniyalarning reklama roliklarida ham qatnashgan.
Xalqaro madaniyat karvonsaroyida “SAI” guruhi tomonidan mahorat darsi ham o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 26 yanvar kuni O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Kunchiqar o‘lka elchixonasi yubiley sana munosabati bilan turli tadbirlar o‘tkazib kelmoqda.
Mavzuga doir maqolalar:
O‘zbekiston va Yaponiya diplomatik munosabatlariga 30 yil to‘lmoqda. 11.01.2022
Toshkentda O‘zbekiston–Yaponiya diplomatik munosabatlarining 30 yilligi doirasida ko‘rgazma ochildi. 25.02.2022
Toshkentda Yaponiya elchixonasi bilan hamkorlikda onlayn seminar va mahorat darsi o‘tkazildi. 04.03.2022