Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik turli sohalarda izchil rivojlanmoqda. Bu haqda ushbu mamlakatning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev 25 dekabr kuni Toshkentda o‘tgan davra suhbatida ma’lum qildi.
Suratda: (chapdan) Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakili Andrey Mokrousov, Rossiyaning yurtimizdagi elchisi Vladimir Tyurdenev, “Rossotrudnichestvo”ning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Viktor Shulika hamda Rossiya elchixonasi matbuot kotibi Dmitriy Petrov
Rossiya elchisi joriy yil 14 noyabr kuni ikki davlat o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatilganiga 10 yil to‘lganini alohida qayd etdi. Mazkur sana munosabati bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga tabrik yo‘lladi. Rossiya yetakchisi o‘z maktubida 2005 yil 14 noyabrda imzolangan “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida”gi shartnoma ikki davlat aloqalari tarixida yangi sahifa ochgani, turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga zamin hozirlaganini ta’kidladi.
V.Tyurdenev ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida yaqin do‘stona munosabat mavjudligi, oliy darajadagi uchrashuvlar muntazam yo‘lga qo‘yilganini bildirdi.
O‘zbekiston rahbari Rossiyaga joriy yilning o‘zida ikki bora – may va iyul oylarida tashrif buyurdi. Xususan, 9-10 iyul kunlari Ufa shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti doirasida V.Putin I.Karimov bilan uchrashib, uni Rossiyaga taklif etgan edi. Elchi V.Tyurdenevga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekiston Prezidentining Rossiyaga tashrifi bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Rossiya ham ikki tomonlama, ham BMT, ShHT, MDH va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirib kelmoqda. Muayyan masala va muammolarga qarashlar o‘xshash yoki yaqin bo‘lgani bois ikki davlat xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Rossiya elchisining ma’lum qilishicha, jahondagi beqaror moliyaviy vaziyat bois joriy yilning 9 oyida ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi kamaygan. Ammo ayni paytda savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, O‘zbekistondan Rossiyaga meva va sabzavot eksportini ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.
V.Tyurdenev madaniy-gumanitar hamkorlikka ham alohida to‘xtaldi. 2013-2015 yillarga mo‘ljallangan hukumatlararo hujjatga ko‘ra ushbu yo‘nalishda talay ishlar amalga oshirildi. Masalan, keyingi yillarda o‘zbekistonlik yoshlarning Rossiya oliy ta’lim dargohlariga qiziqishi ortib bormoqda. Tugayotgan yilda 1581 nafar o‘zbekistonlik yoshlar Rossiya oliy o‘quv yurtlari talabasi bo‘lgani ham buni tasdiqlaydi. Umuman, Rossiya oliy ta’lim dargohlarida 12 mingdan oshiq O‘zbekiston fuqarosi tahsil olmoqda.
Yaqin muddatda madaniy-gumanitar hamkorlikka oid 2016-2018 yillarga mo‘ljallangan hukumatlararo hujjat qabul qilinishi va ushbu jabhadagi aloqalar yanada faollashuvi kutilmoqda.
Elchi V.Tyurdenev Rossiya Markaziy Osiyodagi strategik hamkori O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga bundan keyin ham katta ahamiyat qaratishini ta’kidladi.
Davra suhbati yakunida matbuot, radio, televideniye va internet nashrlari jurnalistlari o‘rtasidagi ijodiy tanlov natijalari e’lon qilindi. Ikki davlat hamkorligining turli sohalariga oid eng yaxshi materiallar mualliflari Rossiya elchixonasi tomonidan mukofotlandi.
Sobir Salim