Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik va uzumchilik ilmiy-tadqiqot institutida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning umumiy qiymati 14 mln. AQSh dollariga teng, 5 yilga mo‘ljallangan yangi “Qishloq xo‘jaligida qiymat zanjirini rivojlantirish” (AVC) loyihasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Amerika Qo‘shma Shtatlari elchisi Pamela Spratlen, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, M.Mirzayev Bog‘dorchilik instituti, Toshkent agrar universiteti, fermerlar, xususiy agrobiznes kompaniyalari hamda xalqaro tashkilotlar vakolatxonalaridan ellikka yaqin vakillar ishtirok etdi.
O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun meva-sabzavotchilikning muhimligini ta’kidlagan holda elchi Spratlen xonim bu loyiha bo‘yicha yaqindan hamkorlik uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi hamda quyidagini qayd etdi: «2008 yildan beri USAID meva va sabzavotchilik sohasida O‘zbekistonning hamkori sanaladi. Ushbu hamkorlikni nishonlash uchun men uzum navlari ko‘rik-tanlovidan ortiqroq uslub yo‘q deb o‘ylayman. Mazkur tanlov asl milliy boylik hisoblangan mahsulotlarning xilma-xilligi, sifati va mo‘l-ko‘lligini ko‘rsatadi».
AVC loyihasining faoliyati O‘zbekistonning 11 ta viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining hammasi bo‘lib 33 ta tumanini o‘z ichiga olgan. Loyiha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sifati va miqdorini oshirish, hosil yig‘imidan keyingi amaliyotlar hamda ishlab-chiqarish tadbirlarini takomillashtirish, ichki va tashqi bozorlarda o‘zaro aloqalarni yaxshilashga ko‘maklashish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ta’lim muassasalarini xususiy sektor talablari bilan bog‘lashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
An’anaviy uzum sayli doirasida “eng yaxshi uzum navlari” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rik-tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad soha bo‘yicha ma’lumot almashish, fermerlar uchun yangi mijozlarni jalb etish hamda o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash bo‘ldi.
Ko‘rik-tanlovda Respublikamizning 33 ta tumanida yetishtirilgan ellikka yaqin uzum navlari namoyish etilib, “eng noyob”, “eng bozorbop”, “eng mayizbop” va ishtirokchi-mehmonlar tanloviga ko‘ra “eng sara” yo‘nalishlarida 12 uzum navlari aniqlandi. G‘olib fermerlarga tanlov tashkilotchilarining sovg‘alari taqdim etildi.