O‘zbekistonlik ziyoratchilarning dastlabki guruhi Umra ziyoratiga jo‘nab ketishdi

%image_alt%

20 fevral kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning dastlabki guruhi Toshkent–Jidda yo‘nalishida umra amallarini ado etish maqsadida Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketishdi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimlari, ziyoratchilar, ishchi guruhi, guruh rahbarlari, shifokorlar va oshpazlardan iborat 200 nafar kishi Saudiya Arabistoniga kuzatildi.

Ziyoratchilar Makkai mukarramada “Abroj al-Kisva” va Madinai munavvarada “Nur al-Mavadda” mehmonxonalarida turadilar. Ularga Saudiya Arabistoni Podshohligidagi “al-Hidoya” shirkati xizmat ko‘rsatadi.

Ziyoratchilarni Jidda shahri aeroportida kutib olish va kuzatish tadbirlari Haj va Umra masalalari bo‘yicha attashe Z.Abdullayev boshchiligida ishchi guruhi va “al-Hidoya” shirkati xodimlari bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Bu yilgi bahorgi umra mavsumida 5500 nafar va Ramazon mavsumida 670 nafar yurtdoshlarimiz umra ziyoratiga borishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, “Umra-2017” bahor mavsumi ziyoratchilarini kuzatish 1 aprelga qadar davom etadi.