O‘zbekistonlik taniqli madaniyat va san’at namoyandasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri sobiq direktori Mahmud Murodov Yaponiya tashqi ishlar vazirining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Mukofot Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama tomonidan Toshkentda tashkil etilgan anjumanda tantanali tarzda topshirildi.
Elchi Yo.Fujiyama M.Murodovni samimiy tabriklab, uning Yaponiya hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, o‘zaro anglashuvni kuchaytirishdagi xizmatini yuksak baholadi. Jumladan, M.Murodov tashabbusi bilan O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida yapon madaniyatiga doir bir qator yorqin loyihalar amalga oshirilgani e’tirof etildi.
O‘z navbatida M.Murodov Yaponiya TIVning mukofoti akademik katta teatr jamoasi hamda mamlakat opera va balet san’ati vakillari ijodiy faoliyatiga berilgan yuksak baho ekanini ta’kidladi. Mukofot sohibi ikki mamlakat do‘stligini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi loyihalar davom etishiga tilak bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Yaponiya TIVning Faxriy yorlig‘i Kunchiqar o‘lka hamda hamkor mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona robitalarni mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shgan shaxslar va tashkilotlarga taqdim etiladi.
2015-2021 yillarda davlat akademik katta teatrga rahbarlik qilgan M.Murodov ijodiy loyihalar orqali O‘zbekiston hamda Yaponiya o‘rtasidagi robitalarni yanada chuqurlashtirishga katta hissa qo‘shdi. U ayni paytda Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 21 iyun kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nur ham Yaponiya tashqi ishlar vazirining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan edi.
Shu mavzudagi maqolalar:
Toshkentda Yapon madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi. 21.07.2022
Toshkentda Yaponiya elchixonasi bilan hamkorlikda onlayn seminar va mahorat darsi o‘tkazildi. 04.03.2022
O‘zbekiston va Yaponiya diplomatik munosabatlariga 30 yil to‘lmoqda. 11.01.2022