19 noyabr kuni Toshkentda olmon tilini o‘rganuvchi o‘quvchilar o‘rtasida ifodali o‘qish tanlovi bo‘lib o‘tdi. An’anaviy tanlov o‘n birinchi bor Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi.
Elchixonaning Madaniyat va matbuot bo‘limi ma’lum qilishicha, ijodiy musobaqada O‘zbekistondagi o‘rta maktab va akademik litseylarning 30 nafar o‘quvchisi ishtirok etdi. Qatnashchilar o‘quv muassasalarida uyushtirilgan ichki tanlovlarda saralab olindi.
Yosh bilimdonlar til bilish darajasi bo‘yicha uch guruhga taqsimlandi. Shu tariqa “A” guruhida Samarqand shahridagi 51-maktab o‘quvchisi Omina Ahrorqulova, “V” guruhida Urganch shahridagi 19-maktab o‘quvchisi Rasulbek Rustamov, “S” guruhida esa Navoiy shahridagi 2-maktab o‘quvchisi Dilorom Mirzayeva g‘olib chiqdi.
Qatnashchilarning olmoncha matnni tushunish va uni ifodali o‘qish bo‘yicha qobiliyati Gyote instituti, Xorijdagi maktablar bo‘yicha Germaniya markaziy boshqarmasi (ZfA) hamda Germaniya elchixonasi vakillaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholangan.
Olmon tili O‘zbekistonda eng ko‘p o‘rganiladigan xorijiy tillar sirasiga kiradi. Ma’lumotlarga qaraganda, mamlakat bo‘yicha 400 mingga yaqin yoshlar ushbu tilni o‘rganadi.
O‘zbekiston oxirgi yillarda olmon tilini o‘rganuvchilar soni bo‘yicha dunyo davlatlari o‘nligiga kirgan. Ammo keyingi yillarda bu borada pastlash kuzatilgani aytiladi.
Germaniya va O‘zbekiston ta’lim, shu jumladan, olmon tilini o‘qitish bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqda. Germaniya Tashqi ishlar vazirligining “Maktablar: kelajak hamkorlari” tashabbusi doirasida Xorijdagi maktablar bo‘yicha markaziy boshqarma olmon tilini chuqurlashtirgan holda o‘qitish bo‘yicha O‘zbekistondagi bir necha maktab va litseyga ko‘mak beradi. Shuningdek, Gyote instituti ham maktab-litseylar bilan hamkorlik o‘rnatgan.
Bundan tashqari, maktablararo almashuv dasturlari mavjud. Bu borada Bonn va Buxoro, Gissen va Urganch o‘rtasidagi o‘quvchilar almashuv dasturlarini alohida ta’kidlash joiz. O‘zbekiston milliy universiteti hamda Myunster universiteti germanistika bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqda.
Qolaversa, Gyote instituti o‘zbekistonlik o‘qituvchilar malakasini oshirishi hamda o‘quvchilar olmon tili bo‘yicha bilimini chuqurlashtirish uchun har yili stipendiyalar taqdim etadi. Germaniya pedagogik almashuvlar xizmati ham olmon tili muallimlari uchun malaka oshirish kurslari uyushtiradi.
S.Salim