O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 26 sentyabr – Yevropa tillar kuni doirasida ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimida O‘zDJTU rahbariyati va hamkor davlatlar elchilari qatnashdi. Frantsiya, Germaniya, Shveytsariya, Ruminiya va Gruziya davlatlari elchixonalari, YeIning yurtimizdagi vakolatxonasi hamda Gyote instituti hamkorligidan tashkil etilgan sana munosabati bilan ilmiy-amaliy anjuman, ko‘rgazma, badiiy chiqish, tanlov va spektakl namoyishi uyushtirildi.
Tadbirda Frantsiya elchisi Izabel Servoz-Galluchchi xonim hamda Germaniya elchisi janob Gyunter Overfeld ham qatnashdi.
Bu yil mazkur sana doirasidagi tadbirlar zamonaviy dramaturgiyaga bag‘ishlangani sabab Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi frantsuz dramaturgi Remi de Vosni yurtimizga taklif etgan edi. Zamonaviy dramaturgiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan anjumanda frantsuz adibi ham o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Shu kuni O‘zDJTU talabalari frantsuz, olmon, ispan, ingliz hamda rus tillarida tayyorlagan badiiy chiqishlarini namoyish etdilar. Tadbir yakunida Yevropa tillari kuni doirasida e’lon qilingan tanlov g‘oliblari taqdirlandi.
O‘zbekiston yoshlar teatrida dramaturg Remi de Vosning “Bizni o‘lim ajratguncha” spektakli ilk bor frantsuz tilidagi subtitrlar bilan san’at ixlosmandlariga taqdim etildi. Ushbu badiiy namoyish Yevropa tillari kuni bayramiga o‘ziga xos yakun yasadi.
26 sentyabr – Yevropa tillari kuni 2001 yildan buyon Yevropa kengashi shafeligida nishonlab kelinadi. Shu kuni dunyo bo‘ylab til targ‘ibotiga bag‘ishlangan ma’rifiy kechalar o‘tkaziladi.
Mazkur sanani nishonlashdan ko‘zlangan maqsad Yevropada madaniyatlar va tillar xilma-xilligini muhofaza etish, yoshlarni xorijiy tillarni o‘rganishga rag‘batlantirish hamda turli madaniyatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashdan iboratdir.
Evropa xalqlari 200 ga yaqin tilda so‘zlashadi. Jumladan, 24 ta til YeIning rasmiy tili maqomiga ega. Dunyoning boshqa mintaqalaridan Yevropa ittifoqida yashash uchun kelgan millatlar tili qo‘shilsa, ushbu raqam yanada yiriklashadi.
Evropa tillari kuni O‘zbekistonda ham tobora ko‘proq bilimga chanqoq yoshlarni jalb etmoqda.
S.Salim