Iste’dodli shoir, dramaturg va nosir Shukrullo (Shukrullo Yusupov) 99 yoshida vafot etdi.
O‘zbekiston xalq shoiri (1981), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1977) Shukrullo (Yusupov) 1921 yil 2 sentyabrda Toshkent shahrining Shayxontohur dahasida tug‘ilgan. Pedagogika bilim yurti (1935—38) va Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutini tugatgan (1944).
Shukrullo 1951 yilda millatchilik va sovetlarga qarshi targ‘ibotda ayblanib, 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, Stalin vafotidan keyin ozod etilgan (1955).
Ilk she’rlar to‘plami — «Birinchi daftar» (1949). Shundan keyin uning «Qalb qo‘shiqlari» (1949), «Hayot ilhomlari» (1959), «Umrim boricha» (1960), «Inson va yaxshilik» (1961), «Inson — inson uchun» (1964), «Zarralar» (1973), «Suyanchiq» (1977), «Yashagim keladi» (1978), «Sening baxting» (1988), «To‘kilgan dardlarim» (2001) kabi she’riy to‘plamlari e’lon qilingan.
Shukrullo «Chollar» (1948), «Rossiya» (1956), «Ikki qoya» (1964), «26 tong otari» (1966), «Gul va otash» (1972), «Ko‘ngil chirog‘i» (1975), «Asr bahsi» (1985) va boshqalar dostonlarini yozgan. Shukrulloning bolalarga bag‘ishlangan she’r va ertaklari «Bahor sovg‘asi» (1962), «Yulduzlar» (1964) she’riy to‘plamlaridan o‘rin olgan.
«Xatarli yo‘l» (1962), «Tabassum o‘g‘rilari» (1964), «To‘ydan keyin tomosha» (1980), «O‘g‘rini qaroqchi urdi» (1982), ustoz yozuvchilarning ijodi tajribalari to‘g‘risida bahs yurituvchi «Javohirlar sandig‘i» (1983) essesi, qatag‘on davri dahshatlari haqidagi «Kafansiz ko‘milganlar» (1989) avtobiografik qissasi, «Qasosli dunyo» (1994) publitsistik maqolalar to‘plami, Ubaydulla Xo‘jayev to‘g‘risidagi «Tirik ruhlar» (1999) roman-xronikasi muallifi.
Shukrullo Karlo Gotstsining «Baxtiyor gadolar» pesasi, Sh. Petyofi, T.Shevchenko, Q.Quliyev va boshqalar shoirlarning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning asarlari rus, arab, turk, ozarbayjon, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz tillarida nashr etilgan.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1994). «Do‘stlik» (1994) va «El-yurt hurmati» (1999) ordenlari bilan mukofotlangan.