O‘zbekiston va Yaponiya diplomatik munosabatlariga 30 yil to‘lmoqda

Yaqin kunlarda O‘zbekiston hamda Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yilligi nishonlanadi. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamda Yaponiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama uchrashuvida ma’lum qilindi.

Parlament yuqori palatasi matbuot xizmatiga ko‘ra, muloqotda keyingi yillarda ikki tomonlama va ko‘p qirrali manfaatli hamkorlikni rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishilgani ta’kidlandi. Muzokarada savdo-investitsiya, iqtisodiyot, siyosat, ta’lim, madaniyat sohalaridagi munosabatlar, shuningdek, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Diplomatik munosabatlarning 30 yilligi munosabati bilan bir qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, parlament a’zolari, ikki mamlakat vazirlik va idoralari, shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalari va vakolatxonalari ishtirokida parlamentlararo anjuman o‘tkazilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Senat raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev 2021 yil 3 noyabr kuni ham Yaponiya elchisi Yoshinori Fujiyama bilan uchrashgan. O‘shanda Kunchiqar o‘lka imperatorining oliy mukofoti – “Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni” bilan taqdirlangani munosabati bilan S.Safoyevga Yaponiya tashqi ishlar vazirining tabrik xati topshirilgan.

Yaponiya elchisi 2021 yil 2 noyabr kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashgan va fikr almashgandi. Mazkur uchrashuvda mamlakatlarimiz diplomatik munosabatlarining 30 yilligi doirasidagi tadbirlar ham muhokama etilgan.

2021 yil 16 iyun kuni esa Yaponiya hukumatining beg‘araz yordam dasturi doirasida kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar ajratish (JDS) loyihasi yuzasidan hukumatlararo almashinuv notasi va bitim imzolangan. Ushbu loyiha doirasida Yaponiyaning yetakchi universitetlarida magistr yoki doktorlik darajasini olish uchun zarur mablag‘ moliyalashtirib beriladi.

Oliy darajadagi uchrashuvlar xususida so‘z borganda, prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga 2019 yil dekabrdagi tashrifini alohida qayd etish joiz. O‘shanda ikki davlat o‘rtasida 18 ta bitim – 5,6 milliard dollarli hujjatlar to‘plami tasdiqlangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe, jumladan, O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzolagan.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Yaponiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 28 dekabrda tan olgan. 1992 yil 26 yanvarda o‘zaro diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. Ikki tomonlama robitalar do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari asosida qurilgani ma’lum. 2002 yildan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida doimiy ravishda siyosiy maslahatlashuv o‘tkazib kelinmoqda.

Yaponiya yurtimizdagi islohotlarga xayrixoh va ko‘makchi davlat sifatida e’tirof etiladi. Kunchiqar o‘lka mamlakatimizga ko‘rsatgan moliyaviy-texnikaviy ko‘mak 4,1 milliard dollardan oshadi. Mazkur mablag‘ sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, transport, kommunikatsiya va boshqa sohalarda ijtimoiy ahamiyatli loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan.

S.Salim