O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 19 may kuni amaliy tashrif bilan Turkmanistonga bordi.
Turkmanboshi shahridagi “Avaza” kongresslar markazida prezidentlarning yakkama-yakka suhbati bo‘ldi, deb xabar beradi O‘zbekiston milliy axborot agentligi.
Muzokarada mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, O‘zbekiston rahbarining mazkur tashrifi o‘zaro ishonch, hurmat va manfaatdorlik asosidagi sheriklikka yangi sur’at baxsh etishi va uni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Prezidentlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqboliga oid masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Davlat rahbarlari joriy yilning mart oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalari ko‘lamini yanada kengaytirish, o‘zaro aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish uchun barcha imkoniyatlar yetarli ekanini qayd etdilar.
Ikki davlatning tinchlikparvar tashqi siyosati, xalqaro muammolar borasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, turli tahdidlarning oldini olish masalalariga yondashuvlarning o‘xshashligi alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston ham, Turkmaniston ham terrorizm, diniy ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, qurol-yarog‘ va narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi hamkorlikda kurashish tarafdori.
Mamlakatlarimiz mintaqaviy integratsiyani rivojlantirish Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash, izchil taraqqiyotni ta’minlashning muhim omili, deb hisoblaydi. O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Tashrifi davomida qator muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasida neft-gaz, energetika, fan-ta’lim, ekologiya, transport-logistika, turizm va sport sohalaridagi aloqalarni izchil rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov muzokaralar o‘zaro hurmat, ishonch va ishchanlik ruhida o‘tgani, erishilgan kelishuvlar istiqbolda O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladilar.