O‘zbekiston va Turkiya diplomatik munosabatlariga 25 yil to‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan ikki davlat rahbari bir-birini tabrikladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar beradi.

“Turkiya Respublikasi va qardosh O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan Siz, Janobi Oliylarini va qardosh O‘zbekiston xalqini shaxsan o‘z nomimdan va Turkiya xalqi nomidan samimiy tabriklayman va ezgu istaklarimni yo‘llayman”, – deyiladi Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning qutlovida.

Turkiya yetakchisi 2016 yil 18 noyabrda Samarqandda o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida o‘zaro munosabatlarni kengaytirish borasida hamkorlikda ishlash to‘g‘risida erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishiga ishonch bildirgan, Turkiya mamlakatlarimiz xalqlari farovonligi yo‘lidagi hamkorlikni o‘zaro ishonchli asosda ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro miqyosda rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidlagan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa o‘z qutlov nomasida “1992 yilning mart oyida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgandan so‘ng qisqa vaqtda, ya’ni o‘sha yilning aprel oyida Toshkent shahrida Turkiya Respublikasi elchixonasi ochilgan”ini alohida ta’kidlagan.

“O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining shu yil 26 fevral – 2 mart kunlari Turkiyaga tashrifi o‘zaro kelishuvlarimizning mantiqiy davomi bo‘ldi. Fursatdan foydalanib, mening vakilim bilan uchrashganingiz va alohida hurmat ko‘rsatganingiz uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildiraman”, – deyiladi Prezident Shavkat Mirziyoyevning tabrigida.

O‘zbekiston rahbari ikki mamlakat siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, harbiy-texnik, sayyohlik, logistika va boshqa sohalarda o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish uchun hali foydalanilmagan va bir-birini to‘ldiradigan ulkan salohiyatga ega ekanini qayd etgan. Shu nuqtai nazardan hamkorlikni kengaytirish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Sh.Mirziyoyev tomonlar birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan keng ko‘lamli va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini qardosh xalqlarimiz farovonligi yo‘lida sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 16 dekabrda tan olgan. 1992 yil 4 martda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan. Hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o‘zaro 90 dan oshiq hujjat, jumladan, Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan.

Ayni vaqtda yurtimizda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. To‘qimachilik, qurilish, mehmonxona biznesi, farmatsevtika va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan turk shirkatlarida 50 mingga yaqin ishchi o‘rni yaratilgan.

Shu mavzudagi maqolalar:

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Shavkat Mirziyovni Turkiyaga taklif qildi. 07.12.2016

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on: “Turkiya – O‘zbekiston hamkorligi ikki qardosh mamlakatga yarashadigan saviyaga ko‘tariladi”. 19.11.2016