O‘zbekiston va Ozarboyjon turistik uyushmalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi xabariga ko‘ra, ushbu hujjatni imzolash marosimi Toshkentda tashkil etilgan “Dam olish dunyosi–2017” V xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazilgan.
Memorandumni O‘zbekiston tomonidan turistik uyushma rahbari Nabijon Qosimov, Ozarboyjon tomonidan esa turistik uyushma yetakchisi Nohid Bagirov imzolagan.
Hujjatda sayyohlik bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, o‘zaro tajriba va axborot almashuvini kengaytirish, hamkorlikda safar va tadbirlar uyushtirish, sog‘lomlashtirish turizmini rag‘batlantirish hamda sayyohlar oqimini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.
Tadbir doirasida Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi hozirlagan kontsert dasturi ham namoyish etilgan.
“Dam olish dunyosi–2017” V xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi yakunida O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ravshan Usmonov Ozarboyjon bilan sayyohlik sohasida memorandum imzolanganini alohida ta’kidlagan.
“Dam olish dunyosi–2017” V xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi ushbu mamlakatning turistik salohiyatini namoyish etdi. Ko‘rgazma mehmonlariga Ozarboyjon tomoni tayyorlagan nashrlar tarqatildi, videorolik ko‘rsatildi. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida Ozarboyjonning Naftalan shahri vakillari ham ishtirok etdi.
Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi rahbari Samir Abbosov markaz tomonidan so‘nggi yillarda olib borilgan targ‘ibot tadbirlari o‘zaro hamkorlikka ijobiy ta’sir etgani, sayyohlar almashuvi kengayganini qayd etgan. Diplomat Toshkent va Boku o‘rtasida haftada ikki bora aviaqatnovlar amalga oshirilayotgani, o‘zaro vizasiz rejim amal qilayotgani bu borada ijobiy ta’sir etayotganini bildirgan.
Qayd etilishicha, yaqin kunlarda Toshkentning markaziy ko‘chalarida Ozarboyjonning turistik salohiyatini namoyish etuvchi reklama bannerlari o‘rnatiladi, yetakchi telekanallar orqali targ‘ibot dasturlari namoyish etiladi.