O‘zbekiston va AQSh tahdidlarga qarshi birgalikda kurashadi

9 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti yordamchisining o‘rinbosari, Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha bosh direktor Liza Kertisni qabul qildi.

AQShning yurtimizdagi elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda Janubiy Osiyo bo‘yicha yangi strategiya va ikki tomonlama hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashilgan. Shuningdek, tomonlar joriy yil 31 oktyabr kuni Nyu-Yorkda sodir etilgan terror hujumini muhokama qilgan va umumiy tahdidlarga qarshi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olgan.

Kertis xonim AQSh tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston hukumati va mintaqadagi hamkorlar bilan ishlashga sodiq ekanini ta’kidlagan hamda O‘zbekistondagi joriy iqtisodiy islohotlar va mintaqaviy hamkorlik yaxshilanayotganini olqishlagan.