Joriy yil 16 may kuni Vashingtonda AQSh Prezidenti Donald Tramp hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uchrashadi. Bu haqda Oq Uy matbuot xizmati xabar beradi.
“Prezident D.Tramp va Prezident Sh.Mirziyoyev umumiy manfaatli rejalarni davom ettirish va qator o‘zaro masalalarni hal etish maqsadida Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama strategik hamkorlikni qayta ko‘rib chiqadi. Shuningdek, ular O‘zbekistonning muhim islohotlarni amalga oshirish, savdo va investitsiyani kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni hal etish bo‘yicha erishgan yutuqlarini muhokama qiladi”, deyiladi Oq Uy matbuot xizmati xabarida.
Avvalroq O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati ham Shavkat Mirziyoyev joriy yil 15-17 may kunlari ilk rasmiy tashrif bilan AQShda bo‘lishi haqida xabar bergan edi.
Qayd etilishicha, Vashingtonda davlatimiz rahbari AQSh Kongressi, Mudofaa vazirligi, Davlat departamenti va Jahon bankida ham ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Rasmiy tashrif yakunida ikki mamlakat Prezidentlari “O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi” deb nomlangan Qo‘shma bayonotni imzolashi, turli sohalardagi o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar to‘plamining qabul qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ikki davlat rahbarlari bunga qadar 2017 yil may oyida Saud Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida o‘tkazilgan sammitda hamda 2017 yil sentyabr oyida AQShda tashkil etilgan rasmiy qabulda uchrashgan.