Elchi Olgan Bekar
2022 yilda Turkiya O‘zbekiston bilan ommaviy axborot vositalari sohasidagi hamkorlik bo‘yicha yangi-yangi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 29 dekabr kuni Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekarning Toshkentda tashkil etilgan jurnalistlar bilan norasmiy formatdagi uchrashuvida ma’lum qilindi.
Elchi o‘z nutqida 2021 yilda ikki mamlakat o‘rtasida siyosat, iqtisodiyot va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanganini ta’kidladi. 2020 yilda o‘zaro savdo aylanasi 2,1 milliard AQSh dollarini tashkil etgan edi. 2021 yilda esa bu raqam 3 milliard AQSh dollariga yetishi kutilmoqda. Elchi O.Bekar o‘zaro robitalarning rivojida ikki davlat prezidentlari o‘rtasidagi do‘stona munosabat muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Davra suhbatida moderatorlik qilgan elchixonaning matbuot masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hamdi Turshuju mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi darajasini “misli ko‘rilmagan” deb atadi. Maslahatchi, xususan, ommaviy axborot vositalari sohasidagi hamkorlikka alohida to‘xtaldi.
Qayd etilishicha, poyoniga yetayotgan yilda birgina madaniyat va turizm yo‘nalishidagi loyiha doirasida 150 dan ziyod o‘zbekistonlik jurnalist hamda blogerlar Turkiyada mehmon bo‘lib qaytdi. Yangi 2022 yilda esa bu raqam yanada oshishi kutilmoqda. H.Turshuju ikki qardosh mamlakat matbuot va OAV o‘rtasidagi aloqalarni yanada jonlantirish uchun yangi loyihalar rejalashtirilayotgani, mavridi bilan ular haqida batafsil ma’lumot berilishini ma’lum qildi.
Matbuot masalalari bo‘yicha maslahatchi Hamdi Turshuju
Matbuot masalalari bo‘yicha maslahatchi ikki xalqni o‘zaro bir-biriga yaqinlashtirishda OAVning o‘rni ulkan ekanini qayd etdi. Frantsuz faylasufi Blez Paskalning “Kuch-quvvatsiz adolat zaiflik, adolatsiz kuch-quvvat esa zulm demakdir” degan hikmatini yodga olgan diplomat bugungi davrda OAV faoliyatida ham kuch-quvvat va adolat uyg‘un bo‘lmog‘i lozimligini urg‘uladi.
“Biz ona yurtimiz Turkiyadan ota yurtimiz O‘zbekistonga ulkan xayrli niyatlar bilan keldik. Siz, OAV vakillari bilan birgalikda ikki qardosh mamlakatning do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni ishga solamiz”, – deya jurnalistlarni ijodiy hamkorlikka chorladi H.Turshuju.
Turkiya diplomatlari hamda mahalliy jurnalistlar bilan norasmiy muloqot an’ana tusini olmoqda. Avval xabar berganimizdek, joriy yil 2 iyul kuni ham ana shunday uchrashuv tashkil etilgan edi.
S.Salim
Foto: B.Abdukarimov