O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston Prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qiladi.
Davlat rahbari o‘z maktubida “yaqinda bo‘lib o‘tgan saylov natijalari Turkmanistonning farovonligi, jadal rivojlanishi va gullab-yashnashi uchun Sizning uzoqni ko‘ra biladigan rahbarligingiz ostida olib borilayotgan chuqur o‘ylangan va samarali ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarga turkman xalqi tomonidan yuqori ishonch bildirilganining va to‘liq qo‘llab-quvvatlanishining yana bir yorqin ifodasi” ekanini qayd etdi.
Bugun vaqt va hayot sinovidan o‘tgan O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik va totuv qo‘shnichilik rishtalari xalqlarimizning ko‘p asrlik yaqin munosabatlari asosida muvaffaqiyatli rivojlanib va mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovga mustahkam sog‘liq, salomatlik va mas’uliyatli davlat lavozimida yangi yutuqlar, birodar turkman xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2017 fevral yil 12 fevral kuni Turkmanistonda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Mamlakat Markaziy saylov komissiyasining dastlabki hisob-kitobiga ko‘ra, saylovda amaldagi davlat rahbari G.Berdimuhamedov saylovchilarning 97,69 foiz ovozini olib g‘alaba qozondi.
MSKga ko‘ra, saylovda ovoz berish huquqiga ega 3,22 million fuqarolarning 3,14 million nafari yoki 97,27 foizi qatnashgan.